09 apr 14:47
Yangiliklar
Latif Xalimov: Tokio Olimpiadasidan ham medalsiz qaytmaymiz!
Albatta, uy sharoitidagi mashg'ulotlarda barcha karantin qoidalariga to'liq amal qilinmoqda. SHifokorlar va murabbiylar o'z shogirdlarini masofadan turib nazorat qilib borishyapti. Biz erkin kurash bo'yicha terma jamoa murabbiylaridan biri, Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati murabbiyi Latif Xalimovdan ayni mavzu yuzasidan intervyu oldik. Latif aka Ixtiyor Navro'zov, Abbos Rahmonov singari taniqli kurashchilarimizga saboq bergan.
- Latif aka, sportchilarimiz karantin kunlarini qanday o'tkazishyapti?
- Hozirgi kunda butun Respublika buylab karantin holati joriy etilgan. O'zbekiston sport kurashlari Associaciyasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internati kurashchilari va murabbiylari, shuningdek bizlarga biriktirilgan medicina xodimlari bilan birgalikda telegram ijtimoiy tarmog'ida maxsus kanal ochilib, onlayn ravishda har bir sportchi bilan individual ravishda ish olib borilyapti.
- Lekin baribir bu holatda to'laqonli mashg'ulot o'tkazib bo'lmaydi. Tabiiyki, bu narsa kurashchilarimizning jismoniy tayyorgarligiga salbiy tasir o'tkazishi mumkin. Bu masalaning echimi qanday bo'lyapti?
- O'ylaymanki, hozirgi olib borilayotgan onlayn mashg'ulotlar chog'ida aynan individual jismoniy tayyorgarlikka etibor berilmoqda va bu holat kurashchilarimiz uchun ancha foydali bo'lyapti. Men o'smirlar terma jamoasidagi kurashchilarning o'z uylarida olib borayotgan umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus jismoniy tayyorgarliklarini nazorat qilyapman. Aytishim mumkinki, ularda ijobiy o'zgarishlar kuzatilyapti. SHuningdek, bosh murabbiylar va shifokorlar bilan kelishilgan holda kurashchilarning tana haroratini xar kuni kuzatib turibmiz.
- Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatida ham barcha joyda bo'lgani kabi o'qish to'xtatilgan. Lekin hukumatimiz tomonidan masofaviy o'quv jarayoni tashkil etilgan. Bu jarayonni ham kuzatib boryapsizmi?
- Ha, albatta. Biz Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internati murabbiylari ham o'quvchi-kurashchilarimiz hamda ularning ota-onalari bilan birga telegram kanali ochganmiz. Aynan shu erda biz sportchilarimizning o'z uylarida tayyorlayotgan dars jarayonlarini kuzatyapmiz. Bundan tashqari, o'quvchilarimizning o'qituvchilari bilan ham onlayn tarzda qatiy nazorat-muloqotini o'rnatganmiz.
- Olimpiadaning kelasi yilga qoldirilishini shaxsan siz, murabbiy sifatida qanday qabul qildingiz? Licenziya uchun kurashayotgan kurashchilarimiz uchun bu yaxshimi?
- Albatta, afsudaman! Lekin har bir ish taqdir taqozosi bilan bo'ladi. Hozirgi holat butun kurrai zaminimizning barcha sportchilari uchun bir xil rejim tartibida olib borilmokda. Lekin biz bundan unumli foydalanib qolishimiz kerak deb o'ylayman. CHunki, oldinda hali ikkita jiddiy licenzion musobaqa bor. Biz murabbiylar birgalikda ushbu muhim turnirlarga kurashchilarimizni texnik-taktik, jismoniy va psixologik tomonlarini mukammal ravishda tayyorlab borsak, InshaAlloh barcha vaznlarda licenziyalarni qo'lga kiritishimizga ishonaman. Kurashchilarimiz har doimgidek, Olimpiya o'yinlaridan medalsiz qaytmaydi deb o'ylayman.
- Terma jamoaga nomzodlarni, yani istedodli yoshlarni aynan siz faoliyat yuritayotgan sport maskani etkazib beradi. SHu manoda, selekciya bo'yicha olib borilayotgan ishlarni qanday baholaysiz? Qaysi viloyatlarda ishlar nisbatan sust yo'lga qo'yilgan? Qaysi viloyatlarda so'nggi paytarda o'sish kuzatilyapti?
- Bu juda o'rinli savol. Hozirgi kunda mana shu viloyat pastroq, boshqasi ustunroq deb bo'lmaydi. Biz o'smirlar terma jamoasi murabbiylari taxlil qilishimizga ko'ra, oxirgi ikki yil davomida Respublikamizning barcha viloyatlari kurashchilarining natijalari tenglashib bormoqda. Bugungi kunda O'zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibidan sport maktab internatimiz kurashchilari - sport ustalari Muhammadrasul Rahimov, Nodir Rahimov, Soxib Hasanboev, Asomiddin Hasanov, Farrux SHaripov, Aziz Fayzullaev, Mirkamol Beshimov, Namoz Abdurashidov va Asrlan Rahimovlar joy olishgan. Lekin taqqoslaydigan bo'lsak, Buxoro, Xorazm, Andijon va Sirdaryo viloyatlari kurashchilari qayd etayotgan natijalar oz bo'lsada ustunroq ko'rinyapti. Juda yaxshi o'zgarishlar Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida kuzatilyapti. Yana shuni aytib o'tishim kerak, so'nggi paytlarda qolgan viloyat murabbiylari ham bizlar bilan muntazam ravishda bog'lanishyapti. O'z kurashchi-shogirdlarini Toshkendagi Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatiga olib kelib, mahoratlarini oshirish bo'yicha ish olib borishyapti.
Fikrlar