05 iyu 12:27
Yangiliklar
Makarska Open. Timofeeva ikki g'alaba evaziga 1/4 finalga chiqdi
Mukofot jamg'armasi 115 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu musobaqada O'zbekistonning ikkinchi raketkasi Mariya Timofeeva ham o'z omadini sinab ko'ryapti. Turnirda ettinchi raqam ostida tasniflangan vakilamiz ikki g'alaba evaziga chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Mariya 1/16 finalda rossiyalik Erika Andreevani 6/3, 6/2 hisobida mag'lubiyatga uchratgan edi. Kecha u 1/8 finalda xorvatiyalik Lea Boshkovichdan ham ustun keldi - 6/4, 6/3. Roppa-rosa 80 daqiqa davom etgan bahsda Timofeeva bitta eys zarbasini amalga oshirib, bitta qo'shxatoga yo'l qo'ydi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi - 1:1. Ikki yil avval o'tgan ilk bahsda Boshkovich zafar quchgandi.
Taqqoslash uchun, Mariya Timofeeva ayni paytda WTA reytingida 118, Andreeva 230, Boshkovich 420-o'rinni egallab turibdi. Bugun tennischimiz 1/4 finalda reytingning 297-pog'onasidan joy olgan Yasmin Kabbayga qarshi kortga chiqadi. Uchrashuv bizning vaqt bilan soat 20:30da boshlanadi.

Fikrlar