30 dek 10:50
Yangiliklar
Mirabror Usmonov bayram tabrigini yo'lladi
Mana 25 yildirki, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish orqali jamiyatda sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, Olimpiya harakati va olimpizm g'oyalarini keng targ'ib etish yo'lida faol qatnashib kelmoqda.
Bu ham o'z navbatida xalqaro sport maydonlarida qo'lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar salmog'ini yil sayin yuksalishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, 2013-2016 yillar davomida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, sport turlari bo'yicha Respublika federaciya va associaciyalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat hokimliklari hamda qator homiy va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakatimizda olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g'oyalarini keng targ'ib etish, olimpiya sport turlarini ommalashtirish va uni yanada takomillashtirish, yosh olimpiyachilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, xalqaro sport tashkilotlari bilan aloqalarni tubdan yaxshilash, shuningdek, nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarga erishish borasida muayyan ishlar olib bordi.
Yakuniga etib borayotgan 2016 yil o'zbek sportida o'chmas iz qoldirdi. Barchamiz Vatanimiz sportchilarining yil davomida zafarli yurishlariga guvoh bo'lib bordik. Sportchilarimiz xalqaro maydonlarda, eng nufuzli musobaqalarda mustaqil diyorimiz sharafini munosib himoya qilishib, butun dunyoga O'zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasliklarini yana bir bor isbotladilar.
2012 yili Londonda bo'lib o'tgan XXX Olimpiya o'yinlaridan so'ng Riodagi to'rt yillikning eng muhim sport festivaliga tayyorgarlik ko'rish uchun juda katta hajmda ishlar olib borildi. Bu borada 2013 yil 25 fevralda O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Abdug'anievich Karimov tomonidan imzolangan “O'zbekiston sportchilarining 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo'lib o'tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlarida ishtirok etishga tayyorgarligi to'g'risida”gi PQ-1923-son qarori barchamizga dasturil amal bo'lib xizmat qildi.
Mazkur qaror bandlariga asosan olimpiya sport turlariga bo'lgan etibor tudban o'zgardi. Sportchilarimiz bir necha nufuzli xalqaro musobaqalarda toblanishdi, xorij davlatlarida o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil etildi, sportchi va murabbiylar moddiy tomondan to'liq taminlandi. Bir so'z bilan aytganda sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Eng muhimi biz jonajon O'zbekistonimiz sportida mustahkam poydevor yarata oldik.
Bugun barchamiz ana shu qilingan to'rt yillik mehnat mahsulini ko'rib turibmiz. Ayniqsa, 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo'lib o'tgan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlari O'zbekiston sport delegaciyasi uchun har qachongidan muvaffaqiyatlarga boy bo'lganligini alohida etirof etish kerak.
Olimpiya o'yinlarida sportchilarimiz tomonidan jami 13 ta medalning qo'lga kiritilishi, to'rt bora madhiyamiz yangrab bayrog'imiz sarbaland ko'tarilishi, hamyurtimiz Ruslan Nurudinov dunyoning eng kuchli polvoni sifatida tan olinib, Olimpiya o'yinlari rekordini yangilashi, qolaversa boks bo'yicha terma jamoamiz Kuba, Rossiya, Qozog'iston, AQSH, Franciya kabi davlatlarni ortda qoldirib, Olimpiya o'yinlarida birinchi o'rinni egallashi butun dunyoni hayratga soldi desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.
SHuningdek, XV Paralimpiya o'yinlarida 32 nafar sportchi bilan ishtirok etgan O'zbekiston delegaciyasi 31 ta medalga sazovor bo'lishi bu hayratni ikki karra oshishiga sabab bo'ldi. SHuningdek, Paralimpiyachilarimiz sportning dzyudo turi bo'yicha jahonda tengsiz ekanliklarini isbotlab, musobaqani birinchi o'rinda yakunlashdi.
Yil yakuniga kelib esa butun dunyo ahlini lol qoldirgan, gimnastika tarixida Olimpiya o'yinlarining jahondagi yagona etti karra ishtirokchisi Oksana CHusovitinaning mashhur Ginnes rekordlari kitobiga kiritilishi, bokschimiz Hasanboy Do'smatovning jahonda “Yilning eng yaxshi bokschisi” sifatida etirof etilishi yil davomida erishgan yutuqlarimizning mantiqiy davomi bo'ldi.
Yuqorida keltirilgan barcha amaliy ishlar bevosita shaxsan O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'anievich Karimovning umumiy rahbarligi ostida, shuningdek amaldagi Prezident SHavkat Miromonovich Mirziyoev boshchiligida bir qator Vazirlik hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Ostonada eshik qoqayotgan 2017 yil biz uchun yanada masuliyatli, yanada muhim bo'lishi shubhasiz. CHunki sportda “CHempionlikka erishishdan ko'ra uni saqlab qolish qiyinroq” degan ibora mavjud.
SHunday ekan, 2020 yilda Tokio mezbonlik qiladigan navbatdagi Olimpiya o'yinlarida g'alabalarimiz yanada bardavom, yutuqlarimiz bundanda salmoqli bo'lishi uchun biz – butun sport jamoatchiligi va olimpiya harakati ishtirokchilari, tayyorgarlikni bir daqiqaga bo'lsada susaytirmasligimiz kerak. Ishonamanki, kirib kelayotgan yangi yil sportimiz uchun bundanda omadli va barokatli yil bo'ladi.
Fursatdan foydalanib, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasini har tomonlama qo'llab-quvvatlab, amaliy yordam berayotgan davlatimiz va hukumatimiz rahbarlariga va shaxsan Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoevga, shuningdek Madaniyat va sport ishlari vazirligi, sport turlari bo'yicha Respublika federaciya va associaciyalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat hokimliklari hamda qator homiy va boshqa tashkilotlarga butun olimpiya oilasi nomidan cheksiz minnatdorchilik izhor etaman.
Siz aziz vatandoshlarimizni esa kirib kelayotgan yangi – 2017 yil bilan, qolaversa, yangi boshlangan “Tokio-2020” olimpiya cikli bilan muborakbod etib, jonajon Vatanimiz uchun ushbu to'rt yillik yanada muvaffaqiyatlar va yuksak natijalarga boy bo'lishini tilab qolaman.
Oilangizga tinchlik-hotirjamlik, xonadoningizga qut-baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo'lsin, aziz yurtdoshlar! Yangi yilingiz bilan!
Senator Mirabror Usmanov
O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti
Fikrlar