09 noy 07:32
Yangiliklar
MMAchilarimiz IMMAF jahon chempionatida 8 ta medal qo'lga kiritishdi
Bir hafta davomida dunyoning 60 davlatidan kelgan 800 nafardan ziyod aralash yakkakurash ustalari medallar yo'lida bahs olib borishdi. Ular safida O'zbekiston yoshlar va kattalar terma jamoalari ham bo'lib, yakunda MMAchilarimiz 8 ta medalga ega chiqishdi.
O'zbekiston kattalar terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 7-o'rinni egalladi. O'g'iloy Jumanova (79.4 kg) chempionlik shohsupasiga ko'tarilgan bo'lsa, Mustafo Kadamov (61.2 kg) kumush, Janobiddin Sattorov (83.9 kg) bronza medalini qo'lga kiritdi.
Yoshlar (U20) terma jamoamiz esa 1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan 5-o'rinni band etdi. Bu yosh toifasidagi jamoamizga yagona oltin medalni Xurshidaxon Roziqova (79.4 kg) taqdim etdi. U final bahsida yana bir hamyurtimiz Nilufar O'rolovadan ustun keldi. Doniyor Quvondiqov (88.4 kg) kumush, Firdavs Atamuratov (61.2 kg) va Feruzbek Payziev (93 kg) bronza medallariga sazovor bo'ldi.
Ham yoshlar, ham kattalar o'rtasidagi jahon chempionatida kutilganidek, Rossiya terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egalladi. Ruslar yoshlar o'rtasidagi bellashuvlarda 12 ta oltin, 3 ta kumush, 9 ta bronza, kattalarda 9 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza, umumiy hisobda jami 40 ta medalga egalik qilishdi.


Fikrlar