24 avg 07:11
Yangiliklar
Monterrey Open. "O'zbekcha final"da biroz kutilmagan natija qayd etildi
Xabar berganimizdek, Monterrey Open — WTA 500 turnirining saralash bosqichi hal qiluvchi final uchrashuviga O'zbekistonning birinchi xamda ikkinchi raketkalari - Kamilla Rahimova va Mariya Timofeeva etib kelgandi. Ularning har ikkisi saralashning 1/2 finalida raqibalarini uch set natijasiga ko'ra mag'lub etishgan edi.
Asosiy to'r chiptasi uchun kechgan ularning o'zaro final uchrashuvi ham uch set davom etdi. Birinchi set 6/3 hisobida Rahimova foydasiga hal bo'ldi. Ikkinchi setda xuddi shu hisobda Timofeeva g'alaba qozondi. Hal qiluvchi uchinchi set g'olibi tay-brekda aniqlandi. Unda Mariya zafar quchib, turnirning asosiy to'riga yo'llanmani qo'lga kiritdi - 7/6(1).
Bu tennischilarimizning o'zaro o'tkazgan uchinchi uchrashuvi bo'ldi - 2:1. Timofeeva ilk bor Rahimovani taslim etdi. Ikki soatu 52 daqiqa davom etgan bahsda Mariya 4, Kamilla 1 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar saralash turnirida oltinchi raqam ostida harakat qilgan Rahimovada ko'proq bo'ldi - 9 ga 6.
Taqqoslash uchun, Mariya Timofeeva ayni paytda WTA reytingida 96, Kamilla Rahimova esa 83-o'rinni egallab turibdi.

Fikrlar