28 fev 11:27
Yangiliklar
MOQda sport federaciyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Unda O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri SHoakram Isroilov hamda Milliy olimpiya qo'mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanovlar ham ishtirok etishdi.
Uchrashuvdan maqsad bugungi kunda O'zbekistonda rivojlanish uchun salohiyati bor, biroq ayrim sabablarga ko'ra rivojlanishda oqsayotgan sport turlarida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, sport federaciyalari rahbarlarining takliflarini ko'rib chiqishdan iborat bo'ldi.
"SHu paytgacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida velosiped sporti federaciyasi uchun baza bo'lgandi. Hozirga kelib, qolgan viloyatlarimizda ham velosiped sportini rivojlantirmoqdamiz. Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham vaziyat yaxshi tomonga o'zgardi. Namangan, Farg'ona va Samarqand viloyatlarida mahalliy hokimiyatlar yordami bilan yangi velosipedlar xarid qilinmoqda. SHu bilan birgalikda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida velosport bo'yicha qabul kvotalarini ko'paytirishimiz lozim. Kadrlar masalasida ham muammolar mavjud. Kuchli mutaxassislar faqat poytaxt va Toshkent viloyatida bor", - dedi velosiped sporti federaciyasi raisi o'rinbosari Kozim O'rinboyxo'jaev.
Taekvondo WTF bo'yicha bugungi kunda Respublikamizda 350 nafarga yaqin murabbiy ish olib borayotganligi qayd etib o'tildi. Poytaxtimizda faoliyat ko'rsatayotgan terma jamoalar o'quv-mashg'ulot bazasida barcha sharoitlar muxayyo etilgan bo'lsada, viloyatlarda samaradorlikka erishish, terma jamoalar uchun munosib nomzodlarni etishtirib berish uchun associacciyaning hududiy bo'limlarini sport anjomlari, xususan, elektron texnik vositalar bilan taminlash zarurligi aytildi.
O'zbekiston karate milliy federaciyasi raisi Alamjon Mullaev esa terma jamoalar uchun alohida o'quv-mashg'ulotlar bazasi nihoyatda zarurligini takidlab o'tdi.
"Yil davomida karate vatani hisoblangan yaponiyalik to'rt nafar murabbiy yurtimizga tashrif buyurib, o'zbekistonlik sportchi va murabbiylar uchun o'quv seminarlari va mashg'ulotlar o'tkazib berishdi. Yani terma jamoamiz azolari va ularning ustozlari ham nazariy, ham amaliy bilimlarini oshirib olishdi. Yaqinlashib kelayotgan Osiyo o'yinlarida delegaciyamiz uchun kamida ikkita medal taqdim etmoqchimiz", - dedi karate federaciyasi rahbari.
Tennis federaciyasi vakillari ham o'zlarini qiynayotgan muammolarni aytishdi. SHu bilan birgalikda SHoakram Isroilov sportning ushbu turida sog'lom raqobat etishmayotganligi, Denis Istomin va Iroda To'laganova kabi tennischilarimizga haligacha munosib o'rinbosarlar etishib chiqmaganligi xaqida kuyunib gapirdi. Bu borada federaciyada ishlarni jonlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash, o'quv-mashg'ulotlar sifatini oshirish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Gandbol bo'yicha O'zbekiston qizlar terma jamoalari Osiyo miqyosida yaxshi natijalar qayd eta olishgani bugun ko'pchilikka malum. Qolaversa so'nggi 3 yil ichida qizlarimiz turli yosh toifalarida uch marta jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etishdi. Federaciya rahbarlari Indoneziyada o'tkaziladigan Osiyo o'yinlarida ham gandbolchilarimiz sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishlarini malum qildilar.
Basketbol sohasida ham muammolar talaygina. Eng asosiy muammolardan biri sifatida terma jamoamiz uchun alohida baza mavjud emasligi qayd etildi. Garchand Ashxobodda bo'lib o'tgan jang sanati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o'yinlarida 3X3 basketbol bo'yicha ayollar terma jamoamiz finalgacha etib borib, kumush medalani qo'lga kiritgan bo'lsada, sportning ushbu turini rivojlantirish va ommaviylashtirish masalasida hali ko'pgina ishlar amalga oshirilishi lozimligi takidlab o'tildi.
Qilichbozlik bo'yicha esa so'nggi paytlarda ancha rivojlanish ko'zga tashlanmoqda. "Yaqin vaqt ichida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Namangan vilyatlarida qilichbozlik bilan shug'ullanish uchun zallar barpo etildi. Andijonda butun boshli yangi majmua foydalanishga topshirildi. Toshkent shahrida ham qilichbozlik bilan shug'ullanishga yaxshi sharoitlar bor. Viloyatlarda hokimliklar bilan birgalikda mashg'ulot zallari yaratish uchun ishlar olib borilmoqda", - dedi qilichbozlik federaciyasi raisi o'rinbosari Muhammad Humoyun Ibragimov.
Ot sportida ham etarli muammolar majud. Federaciya vakili Eldor Anorboevning aytishicha, bugungi kunda mazkur sport turidagi yutuqlar asosan xususiy ot sporti maktablari hisobiga qayd etilmoqda. SHu tomonlarni hisobga olgan holda Olimpiya zaxiralari kolleji, O'zDJTIda ham bu borada kerakli ishlar olib borilishi lozimligi qayd etildi.
Yig'ilishda malum bo'ldiki, ko'pgina sport turlari uchun sport bazalari katta muammo bo'lib turibdi. Jismoniy tarbiya va sport vaziri SHoakram Isroilov mazkur muammolar albatta chuqur o'rganib chiqilishini, o'zbek sporti rivoji yo'lida uchrayotgan muammolar bartaraf etilishi uchun kerakli barcha choralar amalga oshirilishini qayd etib o'tdi.
Fikrlar