29 noy 09:34
Yangiliklar
Nodirbek Abdusattorov g'alaba evaziga London turniri peshqadamiga aylandi
Hamyurtimiz ilk turda mezbon grossmeyster SHreyas Royal ustidan g'alaba qozonganidan keyin ketma-ket ikki partiyada raqiblari bilan durang o'ynagandi. Nodirbek kecha o'tkazilgan 4-turda nihoyat yana zafar quchdi. Bu safar u qora donalarda o'ynaganiga qaramay, angliyalik 39 yoshli Gaveyn Maroroa Jonsni taslim etdi.
CHempionlik uchun asosiy davogarlardan biri, 4-turgacha yakka karvonboshi bo'lib kelgan amerikalik Levon Aronyan ukrainalik Vasiliy Ivanchuk bilan durang o'ynadi. Nodirbek 3 ochko bilan qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra birinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Aronyan hisobida ham 3 ochko bor. Amerikalik Endi Vudvord hamda qatorasiga ikkinchi g'alabasini qo'lga kiritgan ukrainalik Igor Samunenkov 2,5 ochkodan jamg'arib, uchinchi va to'rtinchi o'rinlarni band etgan.
"Masters" guruhida 10 nafar grossmeyster to'qqiz tur davomida g'oliblik yo'lida o'zaro bahs olib boradi. Bugun o'tkaziladigan beshinchi turda Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Nihal Sarin bilan hisob-kitob qiladi. Levon Aronyan esa oq donalarda Gaveyn Maroroa Jonsga qarshi o'ynaydi.

Fikrlar