16 sen 18:06
Yangiliklar
Olimpiada chempioni Fazliddin G'oibnazarov bilan intervyu
Umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan vakillarimiz 3ta oltin, 2ta kumush va 2 bronzani qo'lga kiritishgandi. Olimpiadaning so'nggi kunida delegaciyamiz tarkibiga uchinchi oltinni taqdim etgan bokschimiz Fazliddin G'oibnazarov bu natijani qayd etish uchun juda og'ir yo'lni bosib o'tdi. Uning London Olimpiadasining chorak finalida ishtirokini to'xtatishi, Osiyo va jahon chempionatida kumushni qo'lga kiritishi bejiz emasligini ushbu Olimpiadada isbotlash uchun ajoyib imkoniyat edi. Hamyurtimiz bundan oqilona foydalandi va hozirgi kunda jahonda 64 kg vazn toifasida kim etakchi ekanligini barchaga namoyon eta oldi. CHempionimizga Olimpiada taassurotlari va faoliyatiga oid boshqa savollar bilan murojaat qildik.
Malumotnoma:
Fazliddin G'oibnazarov 1991 yil 16 iyunda Toshkent viloyati Bekobod shahrida tavallud topgan. 64 kg vazn toifasida jang olib boradi. Oilali, ikki farzandning otasi. Ko'p karra O'zbekiston chempioni, 2007 yil Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati bronza medal sohibi, London-2012 Olimpiadasi chorak finalchisi, 2013 yil Butunjahon Universiadasi kumush medal sohibi. 2015 yil Tailandda bo'lib o'tgan kattalar o'rtasidagi Osiyo chempionati kumush medali egasi. SHu yili Qatar poytaxti Doha shahrida bo'lib o'tgan jahon chempionati vice- chempioni va 2016 yil Rio Olimpiadasi g'olibi.
- Fazliddin avvalo, suhbatimizni boshimizga og'ir musibat tushib, yurt otasidan ayrilib qolganimiz, bu inson sportchilarning muravvatli homiysi ekanini eslash bilan boshlasak. Ushbu inson bilan ko'rishish, shaxsan sovg'alarni qabul qilib olishingiz mumkin edi. Bu musibatni qanday qabul qildingiz?
- Ha, xalqimiz og'ir judolikka uchradi. Vatanni sevish, farzandlarini ulug'lashni dunyoga keng namoyon etgan, xalqparvar yurtboshimizdan ayrilib qoldik! Barcha o'zbek xalqiga hamdardligimni bildiraman. SHu kunga qadar, biz yoshlar erishib kelayotgan yutuqlarimizning barchasi yurtboshimizning g'alabalari edi. Biz yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, shart- sharoitlar va etiborni hech qaysi yurtda ko'rmagandim. “Farzandlarimiz bizdan ko'ra, kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo'lishlari shart” degan so'zlari hamon qulog'im ostida jaranglaydi. Bizga bo'lgan ishonch, etibordan rag'batlanardik, ilhomlanardik va bu ishonchni oqlash uchun oz bo'lsa-da, o'z hissamizni qo'shish uchun harakat qilardik.
- Endi bevosita Olimpiada borasida suhbatlashsak. Musobaqa avvalida, eng kuchli raqib deb Dunaycevni ko'rganmidingiz?
- SHu paytga qadar hech qaysi raqibimni kuchsiz, deb hisoblamaganman. Har birining o'ziga yarasha kuchli jihati bor. Olimpiadada zaif raqib bo'lmaydi. Lekin rossiyalik bokschi bilan o'ziga xos hisob-kitobim mavjud edi. Xabaringiz bor, Qatarning Doha shahrida bo'lib o'tgan jahon chempionatida u bilan finalda to'qnash kelgandim. O'shanda rus bokschisining omadi kelgan edi. U bilan jangimda o'shandagi mag'lubiyat tasodif ekanligini ham isbotlashga harakat qildim. SHukrki, bu borada mehnatlarim besamar ketmadi.
- Yarim final va finalda birinchi raund raqiblar hisobiga yozildi. Vaholanki, siz aniqroq harakat qilgandingiz. Bu holatdan so'ng, sizda hakamlarga nisbatan etiroz uyg'onmadimi?
- Hakamlar doimo haq. CHunki ular bevosita ring ichidan jarayonni kuzatib borishadi. Qolaversa, Olimpiadada o'z ishining ustalari faoliyat olib boradi. SHunday ekan, ularning harakatiga etiroz bildirish noo'rin. Buni g'alaba qozonganim uchun aytayotganim yo'q. Mag'lubiyatga uchragan taqdirimda ham hakamlarni ayblamaganman. Kamchilikni o'zimdan qidirganman. Qolaversa, ringda faqat kuchlilarning qo'li ko'tariladi. Hakamlarni muhokama qilishning hojati yo'q, deb hisoblayman.
- Nima deb o'ylaysiz, Dunaycev, Sotomayorning saviyasi o'sha Lomachenko darajasidami?
- Har birining kuchli va kuchsiz tarafi bo'ladi. Dunaycev yuqorida aytib o'tganimdek, hozirgi kunda vazn toifamizdagi eng sara raqiblarimdan biri. Sotomayor esa, garchi Ozarbayjon nomidan chiqib yurgan bo'lsa-da, Kuba boksi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Kuba boksi esa, qay darajada kuchli ekanligi barchaga ayon. Ularning ham o'z saviyasi bor. Lekin raqib sifatida Lomachenko har jihatdan kuchliroq. SHuning uchun ham uch karra Olimpiya chempioni hisoblanadi. Qolaversa, profi-boksda ham yaxshi natijalarni qayd etayapti.
- Darvoqe, Vasiliy tabrik yo'lladimi? Har holda u bilan qadrdon hisoblanasiz?
- Hozirgi kunda to'g'risini aytsam, internet tarmoqlariga kirish uchun vaqt ham topa olmayapman. Ko'proq oila davrasida bo'lish uchun harakat qilyapman. Bilasiz, sportchi uchun vaqt g'animat. O'quv mashg'ulot yig'inlari, musobaqalar tufayli oila davrasida kam bo'lasiz. SHuning uchun, bunday daqiqalarni sog'inib qolamiz.
- Abror Tursunpo'latov siz uchun qanday ahamiyatga ega bo'lgan shaxs hisoblanadi?
- “Ustoz otangdek ulug'”, deb bekorga aytishmagan. Ustozimni otam kabi qadrlayman. O'z o'rnida yo'lboshchim, maslahatgo'yim, do'stim kabi ko'raman. U inson hayotimda muhim o'rin tutadi. Juda ham hurmatim cheksiz. Har bir yutug'imning sababchisi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Fursatdan foydalanib, ustozimga o'zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.
- Rioda o'tkazgan janglaringiz orasida eng qulayi birinchisi bo'ldi. To'g'ri, Olimpiadada kuchsizlar bo'lmaydi. SHunday bo'lsa-da, bu haqiqat.
- U ham kuchli raqiblarimdan biri. O'sha jangimdagi kayfiyatim juda alo darajada edi. CHunki oilamizga kutilgan mehmon, yani qiz farzandim dunyoga keldi. G'alabalarimning asosiy sababchisi, desam ham bo'ladi. Aytishadi-ku, qiz otasiga mehribon bo'ladi, deb. Qaysidir manoda oson o'tgan bo'lishi mumkin. Lekin musobaqadagi ilk jang baribir muhim sanaladi. Baribir birinchi uchrashuvda hayajon bo'ladi.
- Ayting-chi, Olimpiada chempioni bo'lishdan ko'ra, muxlislar ko'nglini olish qiyin ekanmi?
- Albatta, bu borada ko'p gapirish mumkin. CHunki sizni hurmat qilib, suratga tushishga harakat qilsa-yu, siz u bilan vaqt tig'izligi tufayli tusha olmasangiz yoki g'alaba bilan tabriklab SMS yozsa. Kechroq javob bersangiz har xil tushunish mumkin. Qolaversa, har xil kayfiyatda bo'lasiz. SHunday bo'lsa-da, imkon qadar kayfiyatim qanday bo'lishiga qaramay, imkon qadar muxlislar ko'nglini olishga harakat qilyapman. CHunki biz uchun duoda bo'lganlar shu xalqimiz hisoblanadi.
- Garchi, hazil bo'lsa-da, Rahmatjon Ro'zioxunov sekundantlar orasida Olimpiada chempioni bo'ldi, deyish mumkinmi?
- Ha, to'g'ri aytasiz. CHunki shu inson zimmasida juda ham katta masuliyat turgandi. Sportchi qaysidir manoda jangni qanday kayfiyatda olib borishi sekundantlarga ham bog'liq. Rahmatjon aka esa, buni ajoyib tarzda uddaladi. Uning ruhimizni ko'tarishi, ko'rgan bo'lsangiz, barcha narsaga ulguradi.
- Jang mobaynida qo'llaringizni tez-tez tushirib olasiz. Bu raqibni mag'lubiyatga uchrata olishingizga ko'zingiz etgani uchunmi yoki bu chalg'ituvchi holmi?
- Har bir sportchining jang olib borish uslubi bo'ladi. Men ham bundan mustasno emasman. Bunday jang olib borishim, raqibni chalg'ituvchi uslublarimdan biri desam ham bo'ladi.
- Sizning o'ziga xos sezuvchi hissiyotingiz bor. Adashmasam, ikki yil avvalgi suhbatimizda SHahram G'iyosovni iqtidori haqida sizdan eshitgan edim. Balki yana biror bir yosh bokschi haqida fikr yuritarsiz?
- Hozirgi kunda iqtidorli yoshlardan Bektemir Meliqo'zievni aytib o'tishim mumkin. Unda o'ziga xos istedodi bor. Buni Rio Olimpiadasida ham uddaladi. Navbatdagi o'yinlarda albatta yuqori pog'onadan joy oladi, degan umiddaman. Qolaversa, yurtimiz iqtidorlarga boy. Hali ko'plab chempionlar chiqishiga ishonaman.
- Final jangidagi qo'lqopingizni nima qildingiz?
- Jangdan so'ng, ashaddiy bir muxlisimning iltimosiga ko'ra, dastxat qo'yib, estalik sifatida sovg'a qildim.
- Nasib etsa, Tokio Olimpiadasiga chempion sifatida tashrif buyurasiz. Bu sizga yanada masuliyat yuklaydi. CHunki muxlislar sizdan faqat g'alaba kutadi?
- CHempion bo'lish oson, ammo chempionlikni ushlab turish juda ham qiyin. CHunki hozirgi kunda yangi iqtidorli yoshlarimiz ko'paymoqda. Nafaqat jahonda, balki yurtimizda ham bunday yoshlar topiladi. Tokio-2020ga kelsak, mazkur to'rt yillikning nufuzli musobaqasida ham yurtimiz shanini munosib himoya qlib, yurtdoshlarimiz ishonchini oqlayman.
Ahmadbek ESHMATOV suhbatlashdi
"News Arena" gazetasidan olindi
Fikrlar