22 iyu 12:38
Yangiliklar
"Oltin to'p" sohibi: "Ronaldu O'zbekiston bilan o'yinda xet-trik qayd etsa, ajablanmayman"
Ronaldu JCH-2026 startuvchi bahsida DR Kongo bilan durangdan (1:1) so'ng keskin tanqidlarga uchragan edi.
"Portugaliya o'yinidan bir kun oldin Lionel Messining xet-trik qilgani Krishtianu Ronalduga ortiqcha bosim o'tkazdi. Ammo men uning shaniga aytilayotgan tanqidlarni qabul qilmayman.
Portugaliya DR Kongoga qarshi uchrashuvda u qadar yaxshi o'yin ko'rsatmadi va bahsdan so'ng barcha aybni Ronalduga ag'darib, uni jamoa uchun muammoga aylangani haqida gapira boshlashdi.
Biroq u malum manoda doim shunday o'ynamaganmi? U, ayniqsa so'nggi yillarda, o'yin davomida doimo ko'rinib turadigan futbolchi bo'lmagan. Buning evaziga u katta o'yinlarda, hal qiluvchi vaziyatlarda o'zini ko'rsatadi. Agar u gol urmasa, hamma aybni Ronalduga ag'darish juda oson. Krish 41 yoshida, tabiiyki, shubhalar ostida qoladi.
Ammo shunday gap-so'zlardan keyin u keyingi o'yindayoq hammani jim bo'lishga majbur qilgan vaziyatlar necha bor kuzatilgan? Agar siz Ronalduni maydonga tushirayotgan ekansiz, uning nima uchun u erdaligini tushunishingiz kerak. Va agar u O'zbekistonga qarshi uchrashuvda o'z xet-triki bilan javob qaytarsa, men bundan aslo hayratlanmayman", — dedi Ouen Daily Mail nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, Portugaliya — O'zbekiston uchrashuvi 23 iyun kuni bo'lib o'tadi.

Fikrlar