02 apr 11:55
Yangiliklar
Polina Kudermetova dunyoning 24-raketkasiga qarshi kortga chiqdi
Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova musobaqaning asosiy to'r bahslariga saralash turniridagi ikki g'alabasi evaziga yo'l olgan edi. Vakilamiz asosiy to'rning ilk davrasida ukrainalik Oleksandra Oliynikovani uch set natijasiga ko'ra qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratgandi - 3/6, 7/6(1), 6/4.
Afsuski, Polina 76 daqiqa davom etgan 1/16 final uchrashuvida dunyoning 24-raketkasi, kanadalik iqtidor egasi Leyla Fernandesga 2/6, 1/6 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Turnirda to'qqizinchi raqam ostida tasniflangan Leyla o'z ishtirokini to'g'ridan-to'g'ri ikkinchi davradan boshladi.
Malumot uchun, Kudermetova hozirda WTA reytingida 156, Oliynikova 71, Fernandes 24-o'rinni egallab turibdi. Polina 1 ta eys zarbasini amalga oshirdi, Leylada esa bu statistik ko'rsatkich nolni tashkil qildi. Qo'shxatolar Kudermetovada uch barobarga ko'p bo'ldi - 6 ga 2. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi.

Fikrlar