23 fev 09:52
Yangiliklar
"Qo'shni"sini yutgan Timofeeva Merida WTA 500 turniri asosiy to'riga chiqdi
Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Mariya Timofeeva musobaqaning saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U saralashning 1/2 finalida argentinalik Martina Taborda Kapurroni ortiqcha qiyinchiliksiz mag'lubiyatga uchratgandi - 6/4, 6/1.
Mariya tunda o'tkazilgan saralashning final bahsida ham zafar quchdi. Timofeeva asosiy to'rga yo'llanma bergan final bahsida yana bir argentinalik tennischi Mariya Lurdes Karlni ikki setda ham bir xil hisobda taslim etdi - 6/3, 6/3.
Taqqoslash uchun, Timofeeva WTA reytingida yon qo'shnilar hisoblanadi. Vakilamiz 154, Karl esa 155-o'rinni egallab turibdi. Endi Mariya Timofeeva asosiy to'rning ilk davrasida polshalik Magdalena Frenxga qarshi kortga chiqadi. Frenx ayni paytda dunyoning 57-raketkasi bo'lib turibdi. Timofeeva - Frenx uchrashuvi bizning vaqt bilan ertaga soat 21:00da boshlanadi.

Fikrlar