17 dek 15:28
Yangiliklar
SHahram yoki Bobousmon? Dilshod yoki Bektemir? Tokio Olimpiadasiga qaysi bokschilarimiz borishi mumkin?
Mazkur Olimpiadada O'zbekiston delegaciyasi uchun asosiy medal taqdim etuvchi sport turi shubhasiz boksdir. Boks bo'yicha Olimpiadaga licenziya taqdim etuvchi musobaqa 2020 yilning fevral oyida Xitoyning Uxan shahrida o'tkaziladi. Ayni paytda o'zbek boksi muxlislarini terma jamoamiz o'sha musobaqaga qanday tarkib bilan borishi mumkin degan savol qiziqtirmoqda. Katta ehtimol bilan O'zbekiston boks federaciyasi va Marat Qurbonov boshchiligidagi murabbiylar shtabi licenzion turnirda ishtirok etadigan tarkibni aniqlab bo'lgan.
Biz ushbu tarkib qanday bo'lishi mumkinligi haqida biroz tahlil qilib ko'rsak.
2016 yilgi Olimpiya o'yinlaridan farqli ravishda bu safar erkaklar 8 ta vazn toifasida medallar uchun kurash olib borishadi. Braziliya mezbonlik qilgan Olimpiadada esa vakillarimiz 10 ta vazn toifasida 7 ta medal qo'lga kiritishgandi. Tokiodagi musobaqada vazifa yanada qiyinlashishi aniq. Demak, boshladik.
-52 kg. Ushbu vaznda bir qator iqtidorli bokschilarimiz etarli. Ammo Rio Olimpiadasi chempioni SHahobiddin Zoirov bu borada favorit. SHahobiddin buni uch oy oldin Rossiyada o'tkazilgan jahon chempionatidagi oltin medali bilan ham isbotlab qo'ydi. Hasanboy Do'smatov, Nodirjon Mirzahmedov, Abrorjon Qodirov va boshqa bir qator bokschilarimizning qolib ketishlari albatta achinarli. Lekin, Zoirovning qanday formada ekanligini barchamiz ko'rib, bilib turibmiz. SHu sababdan ham, murabbiylar shtabi aynan SHahobiddin Zoirov variantida to'xtalishsa kerak.
-57 kg. Miraziz Mirzahalilov. Osiyo o'yinlari, Osiyo chempionati, Jahon chempionati oltin medali sohibiga albatta Olimpiya o'yinlarida ham imkoniyat taqdim etiladi. 30 yanvar kuni Murodjon Ahmadaliev professional boksda ikkita kamar uchun jang o'tkazadi. Mirazizdan xech bir jabhada qolishmaydigan Abdulhay SHorahmatov ham yaqin orada professional boksga o'tish arafasida turibdi. Ortiqcha gap-so'zga hojat bo'lmasa kerak.
-63 kg. Terma jamoamizda bugungi kundagi eng og'riqli vazn toifalaridan biri. Rossiyadagi jahon chempionatida Elnur Abduraimovning omadi yurishmadi. Bokschimizga hurmat saqlagan holda shuni aytishimiz mumkinki - u uch yil oldingi Elnur emas. Ijtimoiy tarmoqlarda JCH-2017 sovrindori Iqboljon Xoldorovning ushbu vaznga tushishi kerakligi muxlislar tomonidan takrorlanmoqda. Agar Xoldorov buni uddalay oladigan bo'lsa Olimpiadaga borish imkoniyatlari oshishi mumkin. CHunki, bitta yuqori vaznda uni yanada jiddiy raqobat kutib turibdi. Ushbu vaznda SHukurjon Rahimov, Aliyor Noraliev kabi iqtidorlarimiz bor. Ammo, katta ehtimol bilan baribir asosiy raqobat Elnur va Iqbol o'rtasida kechadi. Ko'ramiz, balki bu borada bizga boshqa nomzod taqdim etilar?
-69 kg. Osiyo o'yinlari, Osiyo chempionati va Jahon chempionatidan so'ng ushbu vaznda Bobousmon Baturovning Xitoydagi licenzion turnirga borishiga shubha bildirmayotgandik. Ammo, professional boksda yaxshigina muvaffaqiyatlarga erishayotgan SHahram G'iyosovning kutilmaganda terma jamoamiz yig'inida paydo bo'lishi intrigani yanada oshirib yubordi. Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi va Jahon chempioni SHahram G'iyosovning muxlislari tajriba evaziga oltin medalga ishonishmoqda. Ikkinchi taraf esa Bobousmonning soyada qolib ketayotganidan norozi. Ushbu vazn uchun nomzod o'zaro sparingdan so'ng tanlab olinsa kerak. To'g'ri, SHahram o'zbek boksining eng yorqin yulduzi. Ammo, professional ringda chempionlik kamariga yaqin turgan bokschimizga halal bermaslik kerak deb hisoblaymiz. Bobousmonga imkoniyat berilmaslik adolatdan bo'lmaydi.
-75 kg. Osiyo chempionati va jahon chempionatida ushbu vaznda medalsiz qoldik. Tailandda asosiy etiborini professional boksga qaratishga ulgurgan Isroil Madrimov, Rossiyada esa iqtidorli Fanat Qahramonov omadsizlikka uchradi. Oktyabr oyida O'zbekiston chempionatida Odiljon Aslonov chempionlikni qo'lga kiritdi va asosiy nomzodlar safiga qo'shilib oldi. Hozircha ushbu vaznda ham aniq bir nomzodni ko'rsata olmaymiz. Orada terma jamoamiz murabbiylaridan biri Dilshodbek Ro'zmetov ham ushbu vaznga o'tishi mumkinligi haqida malumot berdi. Isroil Madrimov ham SHahram G'iyosov kabi professional boksda muvaffaqiyatli odimlayotganini hisobga oladigan bo'lsak, biz Xitoydagi turnirda ushbu vaznda Odiljon Aslonov yoki Dilshod Ro'zmetovni ko'rsak kerak.
-81 kg. Agar Dilshod -75 kg vazn toifasiga tushadigan bo'lsa Bektemir Meliqo'ziev o'zining ikkinchi Olimpiadasida ishtirok etishiga shubha deyarli qolmaydi. Bek professional faoliyatini boshlaganiga u qadar ko'p vaqt bo'lgani yo'q va hozircha profda SHahram yoki Isroil darajasida emas. Buni tan olish lozim. SHu sababli murabbiylar aynan Meliqo'ziev variantida to'xtalishsa kerak.
-91 kg. Bu borada biror-bir aniq fikr bildira olmaymiz. So'nggi yirik musobaqalarda ushbu vaznda Sanjar Tursunov yurtimiz sharafini himoya qildi. Ammo Jahon chempionati va O'zbekiston chempionatidagi muvaffaqiyatsizlik Tursunovning imkoniyatlariga salbiy tasir ko'rsatdi. Sanjarga Madiyar Saidrahimov raqobat ko'rsatishi mumkin. SHuningdek, O'zbekiston chempionatida Tursunovni mag'lubiyatga uchratib, oltin medalni qo'lga kiritgan Jamshidjon Abdullaev variantini ham yoddan chiqarmasligimiz lozim.
+91 kg. Bahodir Jalolov. So'nggi jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi www.olamsport.com saytiga bergan intervyusida aynan Olimpiada sabab professional boksdagi faoliyatida tanaffus qilishini takidlab o'tgandi. Hozircha ushbu vaznda Bahodir Jalolovga raqobat ko'rsata oladigan o'zbekistonlik bokschini ko'rmayapmiz.
Ushbu maqolani saytimiz tahririyati fikri sifatida qabul qilgaysiz.
Biz uchun muxlislar fikri ham qiziq. Siz bu borada qanday fikrdasiz? O'z variantlaringizni yozib qoldiring.
Fikrlar