So’nggi yangiliklar

15:21"Шара Буллет ҳеч қачон UFC чемпиони бўлмайди" - Царукян 0 14:39Алекс Перейра навбатдаги жангини қачон ўтказмоқчи эканини айтди 0 13:13Колумбия бош мураббийи Ўзбекистонга қарши учрашувдан сўнг нималар деди? 0 12:36UFC 330 турнири учун иккинчи чемпионлик жанги эълон қилинди 0 11:17Жаҳон кубоги. Феруза Казакова Хитойдаги юришини муваффақиятли бошлади 0 10:44Алекс Перейра оғир вазнда қоладими? Унинг ўзи жавоб берди 0 10:16Фабио Каннаваро: "Хатолар бўлди, улар устида ишлаймиз" 0 09:02ЖЧ-2026. Колумбияга қарши тарихий ўйинда имкониятни бой бердик 0 07:33P4P UFC рейтинги янгиланди: Рўйхатда икки янги ном 0 06:56Каннаваронинг Колумбияга қарши жангчилари: Диасга қарши 18 ёшли Каримов ва марказдаги универсаллик 0 06:31Топуриянинг техник нокаутдан кейинги айтган илк сўзлари маълум бўлди 0 00:49РАСМАН. UFC Ислам Махачевнинг кейинги рақиби, жанг санаси ва манзилини эълон қилди! 0 19:03Жаҳон кубоги. Жавоҳир Умматалиев қозоғистонлик рақибини мусобақадан чиқариб юбориб, кейинги босқичга йўл олди 0 18:16Шавкат Мирзиёев эртанги ўйинни уйда, оила даврасида, набиралари билан томоша қилади 0 17:39Пара енгил атлетикачиларимиз Тунис Гран-присидаги иштирокини бошлашди 0

20 jan 19:06
Yangiliklar

Boks/MMA

TAVSIYA QILAMIZ: Nom barcha narsadan muhim. Kanelo 2025 yilda juda katta pul ishlab oldi, u Messini ham ortda qoldirdi

Teglar :  KaneloSaul Alvares
Saul Alvaresning gonorarlari istalgan bokschinikidan kamida ikki baravar ko'p.

O'tgan yil Saul Alvares yana bir bor "u endi avvalgidek emas" degan gaplarga sabab yaratib berdi. Umuman olganda, bu gaplar anchadan beri yangrayapti: meksikalik bokschi raqiblar darajasi pasayganiga qaramay, janglarni muddatidan oldin yakunlashni to'xtatdi. Ammo Kaneloning ismidagi sehr va qudrat hali ham saqlanib qolgan. Buning yana bir isboti — u 2025 yilda ishlab olgan pullar.

2025 yilda Alvares Riyadh Season va Turki Al ash-SHayx qanoti ostiga o'tib, ular bilan to'rt jangga mo'ljallangan shartnoma imzolagandi. Unga ko'ra, Saul taxminan 400 million dollar ishlab olishi mumkin. Sportico nashri malumotlariga ko'ra, 2025 yilda Kanelo 137 million dollar topib, dunyodagi eng ko'p maosh oladigan ikkinchi sportchiga aylandi. U faqat Saudiyaning "Al Nassr" klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldudan ortda qoldi — Ronalduning daromadi 260 million dollarni tashkil etdi. Nashr yozishicha, Kaneloning pullari 125 million dollar gonorar va 12 million dollar homiylik shartnomalaridan yig'ilgan.

O'tgan yil Saul ikkita jang o'tkazdi. May oyida u kubalik Uilyam Skallo bilan to'qnash kelib, ikkinchi o'rta vaznda mutlaq jahon chempioni unvonini qaytarib oldi. Bu esa sentyabrda Terens Krouford bilan jang tashkil etish uchun muhim shart edi. Kanelo Skalloni zerikarli jangda mag'lub etdi va saudiyaliklarga Krouford bilan bo'ladigan to'qnashuvni "asr to'qnashuvi" degan shior ostida faol targ'ib qilish imkonini berdi. Amalda esa, o'rtacha raqiblar fonida ancha pasayib ketgan Alvares juda sust chiqish qildi va amerikalikka 12 raund davomida uni "maydalab tashlash" imkonini berdi. Yakunda Kanelo barcha kamarlaridan ayrildi, ammo katta pul ishladi. Hatto boks superyulduzi maqomida bo'lgan paytlarida ham Saul bir yilda bunday ulkan gonorar olmagan. Boks o'lchovlariga ko'ra esa bu umuman kosmos — Alvares Lionel Messi, Lebron Jeyms, Stefen Karri kabi sport yulduzlarini ham ortda qoldirdi.

Qolaversa, Riyadh Season’ning qo'li borligi faqat Kanelo misolida emas, boshqa holatlarda ham seziladi. Masalan, 2024 yilda ham Alvares ikki jang o'tkazgan (Edgar Berlanga va Xayme Mungiyaga qarshi), ammo o'sha paytda ancha kam — 73 million dollar ishlagan. Bu uni yilning eng ko'p maosh oladigan sportchilari ro'yxatida 20-o'ringa qo'ygan. SHu paytda reyting tepasida ikkita bokschi — Tayson Fyuri va Aleksandr Usik turishgan. Ularning o'zaro janglari ham saudiyaliklar yordamida tashkil etilgan. 2023 yilda Kanelo 66 million dollar bilan 17-o'rinni egallagan (Jermell CHarlo va Jon Rayderga qarshi ikki jang), 2022 yilda — 89 million dollar bilan beshinchi, 2021 yilda esa 63 million dollar bilan 12-o'rinda bo'lgan. Qizig'i, so'nggi besh yil ichida Alvares uchun eng serdaromad muddat aynan u mag'lub bo'lgan yillarga to'g'ri kelgan. 2025 yilda uni Krouford mag'lub etdi, 2022 yilda esa — Dmitriy Bivol.

Kanelodan tashqari, o'tgan yilning eng ko'p maosh oladigan sportchilari top-100 ro'yxatiga yana uch nafar bokschi kirdi. Terens Krouford, agar tez-tez jang qilganida, yanada ko'proq ishlab olishi mumkin edi, ammo Alvares bilan bitta jang uchun olgan 66 million dollari bilan u reytingda 21-o'rinni egalladi. Naoya Inoue esa bir yil ichida mutlaq jahon chempioni unvonini to'rt marta (!) himoya qilib, 62 million dollar ishladi (25-o'rin). Bloger-bokschi Jeyk Pol esa 60 million dollar bilan 30-o'rindan joy oldi.

So'nggi yillarda muxlislardan deyarli faqat tanqid eshitganiga qaramay, Kanelo hali ham boshqalar uchun etib bo'lmas gonorarlarga ega bokschi bo'lib qolmoqda. Masalan, Inoue — mutlaq jahon chempioni, bir yilda ikki baravar ko'p jang o'tkazgan, u ham Riyadh Season bilan shartnomaga ega, ammo daromadlar mutlaqo taqqoslab bo'lmas darajada. Holbuki, Inoue yillar davomida P4P jahon reytingida top-3dan joy olib kelyapti va haligacha mag'lubiyatsiz. Ism va media ana shunday ishlaydi — hatto sening eng yuqori cho'qqing ancha ortda qolgan bo'lsa ham.

Agar Kaneloning saudiyaliklar bilan shartnomasi bo'yicha kamida yana ikki jang qolganini hisobga olsak, meksikalikning yana ko'proq pul ishlash imkoniyati bo'ladi, hatto raqiblar orasida Krouford darajasidagi bokschi topilmasa ham. Yaqin kelajakda gonorarlar bo'yicha Saulga faqat Entoni Joshua va Tayson Fyurigina yaqinlasha olishi mumkin. Boksda hali ham ko'p narsani nom va o'z vaqtida qilingan to'g'ri reklama hal qiladi. SHunda katta janglar ham, katta gonorarlar ham bo'ladi — ko'pincha kichik xavf evaziga. Kanelo bu formulani hayotda mukammal tarzda namoyon etayapti va hozircha unga teng keladigani yo'q.


championat.com sayti asosida tayyorlandi

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing