06 avg 18:12
Yangiliklar
Tokio-2020. Bekzod Abdurahmonovda bronza, kanoechi qizlarimizda esa medalga imkoniyat bor
Kun davomida Olimpiadada ishtirok etgan o'zbekistonlik sportchilarning ishtiroklariga oid malumotlarni ushbu sahifada onlayn ravishda kuzatib borish mumkin bo'ldi.
Bugun sportchilarimiz quyidagicha natijalarni qayd etishdi:
Kanoeda eshkak eshish: Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova (juftlik) - yarim final bahslariga yo'l olishdi
Badiiy gimnastika: Ekaterina Fetisova - 26 nafar sportchi ichida 24-o'rin
Erkin kurash: Bekzod Abdurahmonov - BRONZA MEDALI
Erkin kurash: Magomed Ibragimov - ilk bosqichda mag'lubiyat
Zamonaviy beshkurash: Alise Faxrutdinova (36 sportchi ichida 30-o'rin)
16:51. SHu tariqa, o'zbekistonlik sportchilarning bugungi ishtiroklari o'z yakuniga etdi.
16:49. Beshkurashchimiz Alise Faxrutdinova Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi. U 36 nafar sportchi ichida 30-o'rinni egalladi.
15:47. Bu O'zbekiston uchun Olimpiadadagi to'rtinchi medal bo'ldi! Bungacha sportchilarimiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medallariga ega chiqishgandi!
15:44. G'ALABA! Bekzod Abdurahmonov qozog'istonlik raqibini 13:2 hisobida mag'lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo'lga kiritdi! Muddatidan oldin g'alaba!
15:33. Bekzod Abdurahmonovning bronza uchun bahsi boshlanmoqda. Raqib - qozog'istonlik Daniyar Kaysanov.
15:21. Alise Faxrutdinova beshkurashda chavandozlik yo'nalishidan so'ng 30-o'ringa tushdi.
15:03. Magomed Ibragimovning turkiyalik raqibi yarim finalda mag'lub bo'ldi. SHu tariqa, Magomed bronza uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo'ldi.
14:29. Ekaterina Fetisova 26 nafar sportchi ichida 24-o'rinni egallagan holda Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi. Agar u kuchli o'nlikka kirganida medallar uchun kurashni davom ettirardi. Ammo, lekin, biroq...
14:02. Ekaterina Fetisova tasmadagi mashqlarini ham tugatdi. U umumiy hisobda 75.500 ball jamg'ardi.
13:19. Bekzod Abdurahmonovning jangiga oz vaqt qolmoqda. U soat 15:35da qozog'istonlik Daniyar Kaysanovga qarshi bahs olib boradi.
12:41. Beshkurashchimiz Alise Faxrutdinova 36 sportchi ichida 23-o'rinni egallab turibdi.
12:02. Ekaterina Fetisova bulavadagi mashqlarni yakunladi. 18.350 ball. Oxirgi emasmiz.
10:50. Alise Faxrutdinova zamonaviy beshkurash bahslarining 200 metrga suzish yo'nalishida 2:16.45 natija bilan o'z guruhida uchinchi o'rinni egalladi.
10:10. Fetisova halqa bilan chiqish mashqlarida 19.800 ball to'pladi.
9:01. Ibragimovni mag'lubiyatga uchratgan turkiyalik kurashchi chorak finalda qozog'istonlik raqibini mag'lubiyatga uchratdi.
8:11. Magomed Ibragimov 1/8 finalda turkiyalik raqibga qarshi bahs olib bordi va 3:3 hisobida durang qayd etdi. Oxirgi balni turkiyalik sportchi olgan edi. SHu sababli ham g'alaba turk sportchisiga berildi.
7:55. Birozdan so'ng erkin kurashchimiz Magomed Ibragimov turkiyalik Suleyman Karadenizga qarshi bahs yuritadi. Bellashuv boshlanishiga oz vaqt qolmoqda.
7:44. Kanoechilarimiz Nilufar Zokirova va Dilnoza Rahmatova o'z guruhlarida marraga ikkinchi bo'lib etib kelishdi va yarim finalga yo'l olishdi. Juda yaxshi! Medal uchun imkoniyat bor. Yarim final va final ertaga o'tkaziladi.
7:37. Badiiy gimnastika. Ekaterina Fetisova o'z chiqishini boshladi. U to'p bilan mashq bajardi va 19,400 ball to'pladi. Juda past natija. Mashq davomida u to'pni tushirib yubordi. Uni oldinda yana uchta yo'nalishda chiqishlar kutib turibdi.
7:12. Bekzod Abdurahmonov Gvineya-Bissau kurashchisi Midana Augistoni katta ustunlik bilan muddatidan oldin mag'lubiyatga uchratdi va bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo'ldi. Endi Bekzod kunduzi qozog'istonlik Daniyar Kaysanov bilan bronza medali uchun bellashadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan taxminan 15:35dan keyin boshlanadi.
6:57. Erkin kurash bahslari boshlanmoqda. Birozdan so'ng Bekzod Abdurahmonov bronza uchun o'tish bahsida Gvineya-Bissau kurashchisi Midana Augisto bilan to'qnash keladi.
6:20. Badiiy gimnastika bahslari boshlandi. Unda Ekaterina Fetisova ishtirok etadi. Bungacha badiiy gimnastikachimiz Sabina Tashkenbaeva Olimpiadada qatnashishi haqida malum qilingandi. Biroq Sabina koronavirusga chalindi va afsuski Olimpiadada qatnasha olmaydi. SHu sababli ham jahon reytingi bo'yicha licenziya Fetisovaga berildi.
5:51. Kanoechilarimiz Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova juftlik bahslarida 500 metrga eshkak eshishdi. Ular 7 jamoa ichida to'rtinchi bo'lib marraga etib kelishdi. Endi ular 7:20dan so'ng chorak finalda startga chiqishadi. CHorak finalda kuchli uchlikka kirish - sportchilarimiz uchun medallar uchun kurashish imkoniyatini beradi.
5:49. Assalomu alaykum hurmatli sport ishqibozlari. O'zbekistonlik sportchilarning ishtirokiga bag'ishlangan matnli translyaciyamizni boshlaymiz.
6 avgust kuni Olimpiadada qatnashadigan o'zbekistonlik sportchilar:
5:30 - Kanoeda eshkak eshish: Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova (juftlik)
6:20 - Badiiy gimnastika: Ekaterina Fetisova
7:00 - Erkin kurash: Bekzod Abdurahmonov
7:55 -Erkin kurash: Magomed Ibragimov
10:35 - Zamonaviy beshkurash: Alise Faxrutdinova
Soatlar Toshkent vaqti bilan ko'rsatilgan
Fikrlar