So’nggi yangiliklar

19:26Ўзбекистон мезбонлик қилаётган ММА бўйича ЖЧдан ФОТОГАЛЕРЕЯ 0 19:05Имане Хелиф эркак бўлиб чиқди. Кремлёв яна Томас Бахга "тош отди" 0 18:44"Манчестер Юнайтед"да тарих такрорланяптими? 0 18:23Жаҳон рейтинги янгиланди. Рашитов биринчи, Осипова иккинчи ўринда! 0 18:02Промоутер Дюбуанинг навбатдаги жанги ҳақида гапирди 0 17:44World Boxing'га ўтган Ўзбекистон энди IBA мусобақаларида қатнашмайдими? 0 17:41Дональд Трамп Майк Тайсонга бўлган муносабати ҳақида гапирди 0 17:20Суперлигадан 3 футболчи Қирғиз Республикаси терма жамоасидан чақирув олди 0 16:59Кимнинг кураши яхшироқ: Хамзат Чимаев ёки Ислом Махачев? Хавьер Мендес жавоб берди 0 16:38Жаҳон чемпионатида қатнашаётган ҳамюртларимиз шахмат бошқотирмаларини ечишда олтин ва кумуш медалга эга чиқишди 0 16:17Трамп UFC'нинг энг яхши жангчилари ва мигрант спортчилар ўртасида жанглар ташкил этиш таклифини берди 0 15:56Беллингем жуда ёмон статистика қайд этмоқда 0 15:35"FIFAни ёмон ўйнамас экансан". Разамбек Жамалов Нурмагомедов билан учрашди + ФОТО 0 15:14Соболенко йилни дунёнинг биринчи ракеткаси сифатида якунлайди 0 14:53Ана холос! Конор Макгрегор жинсий зўравонликда айбланмоқда 0

05 may 06:56
Yangiliklar

Sport kurashlari

Yubiley muborak, Salimboy Abduvaliev!

Bugun O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi raisi, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi vice-prezidenti, taniqli biznesmen, mecenat, iqtisodiyot fanlari nomzodi Abduvaliev Salimboy Qirg'izboevich 70 yoshni qarshi olmoqda.

Salim Abduvaliev - 1950 yilning 5 may kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. O'zbekning tanti farzandi, keng fel, chuqur mushohadali, qarashlarida shijoat barq urib turadigan Salimboy Abduvaliev 11 yoshidan Obid Nazirov ustozligida kurash sporti bilan shug'ullangan. Maktab davridayoq dastlab erkin kurash bo'yicha O'zbekiston terma jamoasiga, Butunittifoq maktab o'quvchilari spartakiadasida ishtirok etganidan so'ng esa Itttifoq o'smirlar terma jamoasi azoligiga qabul qilingan. O'smirlar o'rtasida besh karra O'zbekiston chempioni, SSSR sport ustasi.

Yoshlikdan sportchi bo'lgani uchun ham oradan yillar o'tib, Salimboy Abduvaliev mecenat, tadbirkor sifatidagi faoliyatini sport bilan uzviy bog'ladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan respublikada bolalar va o'smirlar sportini rivojlantirish ishiga alohida etibor qaratdi. U yosh avlodni jismoniy tarbiyaga jalb qilish, bu borada turli sekciyalar tashkillashtirish, mahoratli sportchilar tayyorlash vazifalari nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilar edi.  

SHu bois, uning homiyligi ostida 90-yillardanoq erkin kurash bo'yicha ko'plab sekciyalar faoliyati yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, mehribonlik uylarida sekciyalarni tashkil qilinishi diqqatga molik bo'ldi. Hozirga qadar mamlakatimizning bir qator mehribonlik uylarida Salimboy Abduvaliev homiyligida tashkil etilgan erkin kurash bo'yicha doimiy ishlab turuvchi sport sekciyalari faoliyat olib boradi.

1996 yilda Salimboy Abduvalievga O'zbekiston erkin kurash federaciyasini boshqarish topshirildi. Umidli kurashchilarni tayyorlash, moddiy taminotini bo'yniga olish, ularni yirik turnirlarda qatnashish shart-sharoitini tashkil qilish ishlari uning faoliyatiga aylandi. Respublikada xalqaro miqyosdagi katta turnirlar o'tkazish amaliyoti egallay boshlandi. 

Salimboy Qirg'izboevichning tashabbusi hamda homiyligi ostida 1997 yildan 2011 yilga qadar mamlakatimizda erkin va yunon-rum kurashi bo'yicha “O'zbekiston Mustaqilligi” kubogi o'tkazildi. Uning moliyaviy ko'magi ostida ko'plab musobaqalar tashkil etildi. 

Jumladan, erkin va yunon-rum kurashi bo'yicha kattalar o'rtasida Osiyo chempionati (Toshkent, 25-28 may 1999 y.), Olimpiada saralash musobaqasi (Toshkent, 19-21 fevral 2000 y.), yoshlar o'rtasida erkin, yunon-rum kurashi bo'yicha Jahon chempionati (Toshkent, 9-13 avgust 2001 y.), Olimpiada saralash musobaqasi (Toshkent, 13-14 mart 2004 y.), erkin kurash  bo'yicha Jahon kubogi (Toshkent, 12-13 mart 2005 y.), yoshlar o'rtasida  erkin, yunon-rum kurashi bo'yicha Osiyo chempionati (Toshkent, 25-27 iyul 2008 y.), Singapurda o'tkaziladigan o'smirlar Olimpiya o'yinlariga  erkin, yunon-rum kurashi bo'yicha saralash turniri (Toshkent, 30 aprel-2 may 2010 y.), ayollar va erkaklar o'rtasida erkin, hamda erkaklar o'rtasida yunon-rum kurashi bo'yicha Osiyo chempionati (Toshkent, 19-22 may 2011 y.), ayollar va erkaklar o'rtasida erkin, hamda erkaklar o'rtasida yunon-rum kurashi bo'yicha Jahon chempionati (Toshkent, 8-14 sentyabr 2014 y.), yunon-rum kurashi  hamda qizlar orasida erkin kurash  bo'yicha Osiyo chempionati (Toshkent, 10-13 may 2018 y.) kabilarni sanab o'tish mumkin.

Respublika Olimpiya qo'mitasi 2000, 2004, 2008, 2012 yillarda mamlakatimiz nomidan Olimpiadada qatnashuvchi erkin va yunon-rum kurashi bo'yicha jamoaga rahbarlik qilishni Salimboy Qirg'izboevichga topshirgan edi. Buning natijasida O'zbekiston nomidan maydonga tushgan kurashchilar 2000 yil bitta kumush, 2004 yil ikkita oltin va bitta kumush, 2008 yil bitta oltin, bitta kumush, 2012 yil bitta oltin medalni qo'lga kiritib, mamlakatimiz shanini ulug'ladilar. Salimboy Abduvaliev hozirga qadar sakkizta Olimpiadada ishtirok etdi.

1999 yil Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlari ishtirok etgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz erkin va yunon-rum kurashchilari peshqadamlikni qo'lga kiritishdi. Hamyurtlarimizdan Bahodir Qurbonov, Ramil Islomov, Ruslan Xinchakov, Adhamjon Achilov, Dilshod Mansurov, Aslan Sanakoev kabi sportchilarimiz g'olib bo'ldilar.

Oldinda yana katta g'alabalar kutayotgan edi. 2000 yili Sidney Olimpiadasida erkin kurash bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi sardori, Osiyo chempioni Artur Taymazovning kumush medali respublikamiz kurashchilarining keyingi zafarlari uchun yo'lchi yulduz bo'ldi. Taymazov 2003 yilda  jahon chempioni, 2004, 2008, 2012 yillarda esa Olimpiya o'yinlari oltin medalini qo'lga kiritdi. 

Yunon-rum kurashida ham vatanimiz sportchilarining qo'li baland keldi. 2001 yilda Dilshod Oripov jahon chempioni bo'ldi. U yunon-rim kurashida jahon chempioni bo'lgan birinchi o'zbek o'g'loni edi. O'sha yillari Xalqaro kurash federaciyasining maxsus jurnalida Milan Erceganning “O'zbekiston - kurashchilar yurti” deb nomlangan maqolasi elon qilindi. Unda o'zbek kurashchilarining dunyo arenasidagi shiddati haqida so'z ketarkan, “o'zbek fenomeni”ning shijoati va qudrati alohida etirof etildi. 

Salimboy Abduvaliev sportning ulkan bilimdoni, tajribali murabbiy, ustoz, uzoqni ko'ra biluvchi soha mutaxassisi sifatida ko'plab sportchilarni tarbiyaladi. Uning rahnamoligida maydonga chiqib, yuqori shohsupani egallagan bir qator sportchilar O'zbekiston Respublikasi nomini dunyoga tanitdilar. 

Ular orasida ikki karra Olimpiada chempioni, olti karra jahon, to'rt karra Evropa chempioni Arsen Fadzaev, ikki karra Olimpiada, to'rt karra Evropa chempioni Maxarbek Xadarcev,  uch karra jahon chempioni Aslan Xadarcev, Olimpiya o'yinlarining bronza medali sohibi Ramil Ataullin, uch karra Olimpiya chempioni, ikki karra jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni, uch karra Osiyo o'yinlari g'olibi Artur Taymazov, Olimpiada chempioni, Evropa chempioni, Osiyo chempioni Aleksandr Dokturishvili, ikki karra Osiyo chempioni, Olimpiya o'yinlari bronza medali sohibi Magomed Ibragimov, Olimpiada sovrindori,  jahon kubogi sohibi, xalqaro toifadagi sport ustasi Soslan Tigiev, jahon chempioni Zaurbek Soxiev, Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindorlari Adham Achilov, Ramil Islamov,  jahon chempionatining oltin va kumush medallari sohibi Dilshod Oripov, jahon chempioni Dilshod Mansurov, jahon chempionati bronza medali sohibi, Osiyo o'yinlari g'olibi, Osiyo chempioni, Golden Gran-pri-2015 g'olibi Bekzod Abdurahmonov, Olimpiya o'yinlari bronza medali sohibi Ixtiyor Navro'zov, Osiyo o'yinlari g'olibi Rashid Qurbonov, o'smirlar o'rtasida o'tkazilgan Osiyo chempionati kumush medali sohibi Abbos Rahmonov, o'smirlar o'rtasida Olimpiya o'yinlari g'olibi Umidjon Jalolov, Olimpiya o'yinlari bronza medali sohibi, besh karra Osiyo chempioni Elmurod Tasmuradov, Osiyo o'yinlari g'oliblari - Rustam Assakalov va Mo'minjon Abdullaevlar bor. 

Salimboy Abduvaliev sportga qo'shgan buyuk xizmatlari uchun 2000 yilda Xalqaro kurash federaciyasi (FILA) ning “Oltin ordeni” bilan taqdirlangan. Unga O'zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda faol ishtirok etganligi munosabati bilan Mustaqillikning 1 yilligi, 10 yilligi, 15 yilligi, 20 yilligi esdalik nishonlari taqdim etilgan. 2019 yilda u O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligining “Jismoniy tarbiya va sport alochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.  O'zbekiston Olimpiya harakatini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun Milliy Olimpiya Qo'mitasining  faxriy yorlig'i, bir necha bor O'zbekiston sport qo'mitasining esdalik nishonlari berilgan. 2002, 2003, 2004, 2005 yillarda “Yilning eng yaxshi sport homiysi” sifatida etirof etilgan. Uning boshchiligidagi O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi bir necha bor O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasining “Yilning eng yaxshi associaciyasi” diplomiga sazovor bo'lgan. 

Salimboy Abduvaliev 2005 yilda Yunesko ordeni bilan taqdirlangan. 2006 yil G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasida nomzodlik dissertaciyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U Evropa texnika universiteti, Gannover universiteti (Germaniya) faxriy doktori (2002 y), Koreya Respublikasi Juseong talim kolledjining professoridir (2006 y).  

Xalqlar o'rtasidagi do'stlik, o'zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun unga Rossiya Federaciyasi Prezidenti V.V. Putin tashakkurnomasi taqdim etilgan (2005 y), Xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash yo'lidagi faoliyati uchun INTERSAFETY – (Xalqaro xavfsizlik) Qo'mitasining “Oltin burgut” (Zolotoy oryol) mukofotiga sazovor bo'lgan (2005 y).  

Salimboy Abduvaliev 1996 yildan 2001 yilga qadar O'zbekiston erkin kurash federaciyasi raisi, 2001 yildan O'zbekiston sport kurashlari Associaciyasining raisi bo'lib ishlab kelmoqda. 2009 yildan O'zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo'mitasi vice-prezidentidir. 

Qahramonimizning o'ziga xos fazilatlaridan yana biri iqtidorli va intiluvchan yoshlarni qo'llab-quvvatlashdan iboratdir. Uning homiyligida bir qancha yoshlar xorijda o'qish imkoniyatiga, qator iqtidor sohiblari nufuzli xalqaro ko'rik-tanlovlarda ishtirok etishga muvaffaq bo'ldilar. Uning maslagi ham shu, oldiga katta maqsad qo'yib, ko'zlari chaqnab turgan bolalarga yo'l topib, yordam qilishi, imkoniyat, shart-sharoit yaratib berishi shart. 

Salimboy Abduvaliev ko'p yillardan buyon 9 may kuni arafasida urush qatnashchilari hamda faxriy sportchilarga bayram uyushtirib, moliyaviy ko'mak berishni ananaga aylantirgan. Bu tadbir odatda hukumat tomonidan uyushtiriladigan bayramdan so'ng unga ilova tarzida  o'tkaziladi. U mecenat, homiy sifatida mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy g'amxo'rlikni shu tariqa qo'llab-quvvatlaydi.

O'zbekda o'ng qo'ling berganini chap qo'ling bilmasin, degan naql bor. Qahramonimiz ham ana shu aqidagi amal qilganligi bois biz uning kishilarga qilgan va qilayotgan muruvvati, ezgu amallari haqidagi so'zimizni qisqa qilamiz. Mamlakatimiz ahli birmuncha murakkab davrni boshdan kechirayotgan bugungi kunlarimizda esa Salimboy Qirg'izboevich har doim qiladigan xayru ehsonlari sonini yana bir necha barobar ko'paytirgan. Uning tomonidan  taqdim qilinayotgan moddiy mablag', kundalik ehtiyoj mollari soni endilikda yanada oshirilib, ota yurti Farg'ona vodiysidan tortib, Toshkentning ehtiyojmand oilalariga ulashilmoqda.

Salimboy aka qilingan va qilinayotgan  savobli ishlari haqida gapirishni mutlaqo yoqtirmaydilar. Bu haqda yozishimizga ham ruxsat bermagan edilar. SHu bois so'zimiz oxirida u kishidan uzr so'raymiz va o'z navbatida Salim Qirg'izboevichga yuz yosh bilan yuzlashishni tilab qolamiz!

Reyting:    

Fikrlar

   
05 may 07:36:27
Jasur TopSales
Умрингиз улуг булсин ака, спортга катта этибор ва кумак берувдингиз.
< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing