04 okt 12:42
Yangiliklar
Ashxobod-2017 yakunlari: tahlil, kutilgan-kutilmagan natijalar va boshqalar haqida
Beshinchi marotaba o'tkazilgan ushbu Osiyo o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasi katta delegaciya bilan ishtirok etdi. Turnir dasturidan o'rin olgan 21 ta sport turining 20tasida O'zbekiston sportchilari mamlakatimiz sharafini himoya qildilar. Umumiy hisobda 213 nafar sportchi (jamoaviy sport turlari azolarini ham qo'shgan holda) bahslarda ishtirok etdilar.
Biroz kechroq bo'lsada, ushbu maqolamiz orqali o'zbekistonlik sportchilarning Ashxobodda bo'lib o'tgan yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlaridagi ishtirokiga oid yakuniy natijalarni taqdim etib, tahlil qilishga urinib ko'ramiz.
Eng avvalo vakillarimiz qaysi sport turlari bo'yicha Osiyo o'yinlarida ishtirok etganliklari haqida eslatib o'tsak:
3x3 basketbol
Belbog'li kurash
Bouling
SHaxmat
Sportcha raqs
Ot sporti
Futzal
Engil atletika
Tennis
Jui-jitcu
Kikboks
Kurash
Muaytay
Sambo
Suzish
Taekvondo
Velotrek
Ananaviy kurash
Og'ir atletika
Sport kurashlari.
Faqatgina bilyard bo'yicha bahslarda bizdan sportchi ishtirok etmadi.
O'yinlarning ochilish marosimi avvaldan elon qilinganidek yuqori saviyada tashkil qilindi. Qo'shnilarimiz ushbu tadbirni kerak bo'lsa Sochi-2014, Rio-2016 kabi katta musobaqalardanda yuksak saviyada o'tkaza olishdi. Buning uchun qoyil qolsak arziydi. Ushbu tadbirda mamlakatimiz Prezidenti SHavkat Mirziyoevning ishtirok etgani esa ushbu o'yinlar biz uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini bildirib turibdi.
Sportchilarimizning ishtirokiga keladigan bo'lsak, ananaviy kurash bahslarida qatnashgan polvonlarimiz musobaqaning dastlabki kunlaridayoq O'zbekiston delegaciyasiga ilk medallar shodasini taqdim etishdi. Sportning ushbu turida qatnashgan vakillarimiz umumiy hisobda 23ta medal qo'lga kiritdilar. Medallar sifati borasidagi ko'rsatkichlar esa quyidagicha bo'ldi: 2ta oltin, 4ta kumush va 17ta bronza. Ilhomjon Mashrabov va Obidali Mavlonovlarning qo'lga kiritgan yuqori probali medallari reyting jadvalida yuqoriga chiqib olishimizga yordam berdi.
Musobaqalarda 5 nafar sportchi bilan qatnashgan jui-jitcuchilarimiz esa 2ta bronza medalini qo'lga kirita oldilar halos.
Ashxobodga 12 nafar sportchi bilan borgan engil atletikachilarimiz hisobimizga 4ta medal qo'shib qo'ya oldilar. Nadiya Dusanovaning oltin olishiga ishongandik! Safina Sadullaevaning kumush medali esa biz uchun haqiqiy syurpriz bo'ldi.
9 kishi bo'lib turnirda qatnashgan taekvondochilarimiz esa 1ta kumush va 4ta bronza egasiga aylandilar. Qizlar o'rtasidagi bahslarda ishtirok etgan Svetlana Osipova finalgacha etib bordi va yakunda kumush medalni qo'lga kiritdi. Nankin Olimpiadasi sovrindori Umida Abdullaevadan esa sovrindorlar qatoridan o'rin olishini kutgandik.
Velosportchilarimiz esa Ashxobodga 7 kishi bo'lib jo'nab ketgandilar. Afsuski, ular musobaqada umuman medal qo'lga kirita olmadilar. Velosport borasida amalga oshirishimiz zarur bo'lgan ishlarimiz ko'p.
Og'ir atletikachilarimizga esa gap yo'q! 11 kishilik tarkib bilan qatnashgan o'zbekistonlik sportchilarning 9 nafari yakunda sovrindorlar qatoridan o'rin oldilar. Medallar kesimida natijalar quyidagicha bo'ldi: 2ta oltin, 6ta kumush va 1ta bronza. Rustam Djangabaev va Ivan Efremovlardan musobaqa boshlanishidan oldin oltin medal kutgandik. Yakunda ular ishonchlarimizni oqlashdi va O'zbekistonga "tilla" bilan qaytdilar.
Belbog'li kurash. Medallarimining asosiy qismi aynan ushbu sport turida qo'lga kiritildi. Vakillarimiz bahslarda 4ta oltin, 12ta kumush va 18ta bronza medalini yutib olishga muvaffaq bo'ldilar. Ananaviy kurashda oltin medal sohibiga aylangan Obidali Mavlonov belbog'li kurashda ham chempionlikni qo'lga kirita olganini alohida qayd etib o'tishimiz lozim.
Kurash bahslarida esa yaqqol peshqadammiz! O'zbek sportchilari kurashda 9ta oltin, 1ta kumush bilan umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritdilar. Kurashchilarimiz ushbu muvaffaqiyatli ishtiroklarini 2018 yilda Jakartada bo'lib o'tadigan Osiyo o'yinlarida ham takrorlashlarini istab qolamiz. Xa aytgancha, ushbu o'yinlar vaqtida o'zbek kurashi Osiyo o'yinlari dasturiga kiritilgani rasman malum qilindi. Endi navbat Olimpiadaga!
Muaytaychilarimizdan Ashxobodda ko'p narsa kutgandik. Afsuski, yakunda faqatgina Ubbeniyaz Tureniyazov yarim finalgacha etib bora oldi va yakunda bronza medali sohibiga aylandi.
Bouling bahslarida ishtirok etgan 6 nafar sportchilarimiz esa yurtimizga quruq qo'l bilan qaytishdi.
Tan olib aytishimiz kerakki, suzish bahslarida o'zbekistonlik sportchilar xech qachon favorit hisoblanmaganlar. SHu sababdan ham Ashxobodda suzuvchilarimizdan medallar kutmagandik. Ammo, ular ushbu o'yinlarda syurpriz amalga oshira olishdi. Vakillarimiz Osiyo o'yinlaridan 6ta medal: 1ta kumush va 5ta bronza bilan qaytishdi. Yomon natija emas. Lekin, Olimpiadada medallarimiz soni oshishini istasak ushbu sport turini O'zbekistonda rivojlantirishimiz lozim. Tasavvur qiling, bizdan ham Maykl Felpslar chiqib, bir o'zi 4-5 hil yo'nalishda, 4-5 hil masofaga bo'lib o'tadigan bahslarda medallarni qalashtirib tashlasa. Yaxshi variant!
Ot sporti bahslarida 5 kishi bo'lib qatnashgan sportchilarimiz esa bahslarda medallar qo'lga kirita olmadilar. Ochig'i, ochiq havoda o'tkaziladigan sportning ushbu turi nima uchun yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlari dasturiga kiritilganiga tushunmadik. Balki, mezbonlar shuni istashgandir?
To'g'risini aytaman, Osiyo o'yinlarida ishtirok etuvchi tennischilar ro'yxatini ko'rib, bizning tennischilar O'zbekistonga oltin medal bilan qaytishlariga ishongandim. Ammo, Sanjar Fayziev va Farrux Do'stovlar yarim finalda hindistonlik raqiblarga yutqazib, yakunda ikkita bronzani hisobimizga qo'shib qo'ydilar. Mikst bahslarda esa Fayziev Arina Folc bilan birgalikda bronza egasiga aylandi.
Sambo bahslarida esa O'zbekiston terma jamoasi oldindan favoritlar qatorida etirof etilgandi. Bizning sportchilar bahslarda 17ta medalni qo'lga kiritdilar. SHulardan 3tasi oltin, 2tasi kumush va yana 12tasi bronza medallari bo'ldi.
Kikbokschilarimiz Ashxobodga 13 kishilik tarkib bilan jo'nab ketgandilar. Afsuski, yakunda ularning faqatgina 3 nafari sovrindorlar qatoridan o'rin ola bildilar. Finalgacha etib borgan sportchilarimiz Javohir Elboev va Jahongir Husanovlar kumush, Humoyun Farmonov esa bronza medali bilan O'zbekistonga qaytishdi.
3x3 basketbol bahslarida ham vakillarimizdan medallar kutmagandik. Lekin, qizlarimiz sensacion tarzda bahslarda finalgacha etib borishdi. Hal qiluvchi bahsda ham ular taylandlik raqiblariga qo'shimcha vaqtlardagina imkoniyatni boy berib qo'ydilar. Bitta kumush medal. Yomon natija emas nazarimizda.
Osiyo o'yinlariga 9 nafar sportchi bilan borgan shaxmatchilarimiz safida Jahongir Vohidov va Gulruhbegim Tohirjonovalardan sovrinli o'rinlar kutgandik. Afsuski, yakunda shaxmatchilarimiz faqatgina blic bahslarida jamoaviy o'inlarda (Irina Gevorkyan va Nodira Nodirjonova) birgina bronza medalini hisobimizga qo'shib qo'ya oldilar.
Sport kurashlari. Erkin va yunon-rum kurashida terma jamoamiz o'zining asosiy tarkibi bilan qatnashdi. Polvonlarimiz turnirda 3ta oltin, 1ta kumush va 7ta bronza medalini qo'lga kiritdilar. Oltin medalni qo'lga kiritgan David Modzmanashvili, Mahmudjon SHavkatov, Bekzod Abdurahmonov kabi sportchilarimizni alohida qayd etib o'tishimiz lozim. SHuni takidlab o'tishimiz kerakki, ushbu o'yinlarda Rio Olimpiadasi sovrindorlari Ixtiyor Navro'zov va Elmurat Tasmuradovlardan ham oltin medal kutgandik. Ammo, ular yakunda bronza bilan kifoyalandilar.
Futzal terma jamoamiz ham Ashxobodga o'zining yangilangan tarkibi bilan borgandi. Bundan so'ng terma jamoamiz asosini aynan shu yigitlar tashkil qiladilar. Futzalchilarimiz turnirda finalgacha etib bordilar. To'g'risi, bu futzal bahslari uchun biroz sensaciya bo'ldi. Tayland, Yaponiya kabi terma jamoalar yarim yo'lda qolib ketdi. Bizning vakillarimiz esa finalgacha borib, yakunda Osiyoning eng kuchli terma jamoasi hisoblangan Eronga imkoniyatni boy berib qo'ydilar. Bahodir Ahmedov shogirdlarining kumush medalini ham turnirdagi syurprizlar qatoriga qo'shsak bo'ladi.
Turnir yakunlariga ko'ra o'zbekistonlik sportchilar umumiy hisobda 24ta oltin, 33ta kumush va 74ta bronza medalini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi o'rinni egalladilar.
To'liq jadval bu erda > > > ASHGABAT2017.COM
SHu tariqa O'zbekiston sport delegaciyasi Ashxoboddagi o'yinlarda medallar jamg'arish borasida kompleks musobaqalardagi o'zining eng yaxshi natijasini qayd etdi.
Qo'shnilarimizning musobaqani mana shunday yuqori saviyada tashkil etganliklarini ko'rib havasimiz keldi. Umid qilamizki, O'zbekiston ham kelajakda mana shunday nufuzli turnirlarga mezbonlik qiladi.
Aziz To'xtamurodov
Fikrlar