12 apr 13:07
Yangiliklar
Boks. Osiyo chempionatida imkoniyatlarimiz qanday? (tahliliy maqola)
Ushbu musobaqada o'zbekistonlik charm qo'lqop ustalari ham ishtirok etishadi. 17 aprel kuni boshlanadigan qita birinchiligida erkak bokschilarimiz oldida masuliyatli vazifa turibdi. Garchi, ushbu musobaqa jahon chempionatiga yo'llanma bermasada, O'zbekiston terma jamoasi Osiyoda etakchi ekanligini yana bir marotaba isbotlashi lozim bo'ladi.
Qita miqyosidagi so'nggi ikki nufuzli musobaqa - Osiyo chempionati (Toshkent, 2017 yil) va Osiyo o'yinlari (Jakarta, 2018) charm qo'lqop ustalarimiz uchun kutilganidanda muvaffaqiyatli kechgandi. Poytaxtimiz mezbonlik qilgan musobaqada vakillarimiz 10 ta vazn toifasida 9 ta oltin medalga ega chiqishgan bo'lsa, Jakartadagi Osiyo o'yinlarida yigitlarimiz 7 ta vazn toifasida 5 ta oltin, 2 ta kumush medalga sazovor bo'lishgandi. Fantastik natija! SHunday emasmi?
Bu endi tarixda qoldi. Bokschilarimiz ana shunday natijalar orqali muxlislarni g'alabalarga o'rgatib qo'yishgan. Tabiiyki, yaqinlashib kelayotgan Osiyo chempionatida ham sportchilarimizdan ana shunday muvaffaqiyatli yurishni kutishga haqqimiz bor.
Ammo yaxshi bilasiz, terma jamoamizda avlodlar almashinuvi kechmoqda. To'g'ri, bizda har bir vazn toifasida kuchli raqobat mavjud (ko'z tegmasin). Bu esa ushbu jarayonning nisbatan osonroq kechishiga yordam beradi. Bugun terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi imkoniyatlari haqida so'z yuritmoqchimiz.
Terma jamoa murabbiylar shtabi Tailandga quyidagi bokschilarni jalb etgan:
Erkaklar:
- 49 kg: Nodirjon Mirzahmedov
- 52 kg: Hasanboy Do'smatov
- 56 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov
- 60 kg: SHukurjon Rahimov
- 64 kg: SHunqor Abdurasulov
- 69 kg: Bobo-Usmon Boturov
- 75 kg: Isroil Madrimov
- 81 kg: Dilshodbek Ro'zmatov
- 91 kg: Sanjar Tursunov
+ 91 kg: Bahodir Jalolov.
Demak boshlaymiz. Hasanboy Do'smatovniing -52 vazn toifasiga o'tishi munosabati bilan, -49 vaznga Nodirjon Mirzaahmedov birinchi raqamli bokschi sifatida jalb etildi. O'z vaqtida "Uzbek Tigers" jamoasi safida janglar o'tkazgan, O'zbekiston chempionati sovrindori, bir qator xalqaro turnirlar sovrindori, jumladan yaqinda Bokuda yakunlangan "Buyuk ipak yo'li" turnirida kumush medalga sazovor bo'lgan Mirzaahmedov eng engil vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Mazkur vazn toifasida qozog'istonlik Temirtas Jusupov eng xavfli raqib bo'lishi kutilmoqda. SHunindek, engil vazn toifasida mezbonlar ham kutilmagan "syurpriz" taqdim etishlari mumkin.
-52 kg. Hasanboy Do'smatov uchun yangi vazn. Bungacha Toshkent-2017 va Jakarta-2018da Jasurbek Latipov mazkur vaznda oltin medalni xech kimga bermagan. Endilikda Hasanboy Olimpiya vazni hisoblanadigan -52 kg da yangi qirolga aylanishi lozim. Do'smatov ushbu vaznda unga begona bo'lmagan Amit Pangal bilan to'qnash keladi. Hindistonlik charm qo'lqop ustasi ham Bangkokda ushbu vazn toifasida debyut qiladi. Yodingizda bo'lsa, ushbu ikki bokschi Indoneziyadagi Osiyo o'yinlari finalida to'qnash kelishgan va unda Amitning qo'li baland kelgandi. Ushbu mag'lubiyat uchun revansh olish vaqti keldi chamamda. Yana bir qiziq malumot, Amit bungacha (2014 yilda) professional ringda bir marotaba jang o'tkazishga ham ulgurgan ekan va unda mag'lubiyatga uchragan. Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida esa u bronza bilan kifoyalangandi. SHuningdek, ushbu vaznda janubiy koreyalik Kim In Kyuni ham yoddan chiqarmasigimiz lozim.
O'zbek boksida bugungi kunda eng katta raqobatga ega vazn toifalaridan biri - 56 kg hisoblanadi. Terma jamoamiz murabbiylari Bangkokdagi musobaqaga Mirazizbek Mirzahalilovni jalb etishdi. Ushbu vaznda qozog'istonlik bokschi, jahon chempioni Qayrat Eraliev etakchi sifatida baholanmoqda. SHuningdek, mezbonlar vakili Butdei CHatchai ham sovrinli o'rinlar uchun davogarlik qilishi mumkin. Abdulhay SHorahmatov va Abdumalik Xalakov kabi bokschilar ichidan aynan o'zini tanlashgani uchun ham Miraziz ushbu qita birinchiligida faqat va faqat oltin medal uchun kurash olib borishi lozim. Umid qilamizki, Mirzahallilov Bangkokda ham Indoneziyadagi muvaffaqiyatni takrorlay oladi.
-60 kg vazn toifasida SHukurjon Rahimov Bangkokka yo'l olmoqda. Elnur Abduraimov va Xurshid Tojiboevdan so'ng terma jamoamizda yangi nom, O'zbekiston chempionatining bronza medali sovrindori. Osiyo o'yinlarida ushbu vaznda SHunqor Abdurasulov ishtirok etgandi va kumush medalga sazovor bo'lgandi. Bungacha o'tkazilgan so'nggi ikkita qita birinchiligida Elnur sovridor bo'lishni uddalagandi (2015 - bronza, 2017 - oltin). Qozog'iston tarkibida ushbu vaznda tajribali Zakir Safiullin musobaqada qatnashadi. Qolaversa, hindistonlik yulduz SHiva Tapa ham endi mazkur vaznga o'tdi. SHuningdek, Tailand va Mo'g'uliston terma jamoasi bokschilaridan ham ehtiyot bo'lish talab etiladi.
SHunqor Abdurasulov ishtirok etadigan -64 kg vazn toifasida qitamizda u qadar mashhur bo'lgan nomlar bu safar ko'rinmayapti. Ammo, Qozog'iston, Tailand va Mo'g'uliston vakillari Abdurasulov uchun yaxshigina boshog'riq bo'lishi kerak. Osiyo o'yinlari finalida SHunqor mo'g'ulistonlik bokschiga imkoniyatni boy bergandi. Malumot uchun, ikki yil oldin Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida ushbu vazn toifasida Iqboljon Xoldorov oltin medalga sazovor bo'lib, turnir kashfiyoti bo'lgandi.
Bobousmon Boturov SHahram G'iyosovdan so'ng -69 kg vazn toifasi "qiroli"ga aylanmoqda. U ayni paytda ushbu vaznda terma jamoamizning birinchi raqamli bokschisi hisoblanadi. Osiyo chempionati va Osiyo o'yinlari g'olibi, jahon chempionati finalchisi Iqboljon Xoldorov ham yaqinda -64 kgdan ushbu vazn toifasiga o'tdi. Ammo, ushbu tanlovda boks muxlislari va jamoatchiligi tomonidan xech qanday etiroz yo'q. O'zbekiston chempionati finalida Xoldorovni mag'lub etishga ulgurgan Bobousmon Osiyoda oltin medal uchun asosiy davogarlarimizdan biridir. Qo'shnilarimizda ushbu vazn etakchisi hisoblangan Ablayxan Jusupov jarohat sabab Bangkokka bormaydi. Uning o'rniga Aslanbek SHimbergenov Qozog'iston sharafini himoya qiladi. Aytgancha, Bobousmon Jakartadagi Osiyo o'yinlari finalida SHimbergenovni mag'lub etishga ulgurgan. SHuningdek, mezbon bokschi Seilom Adini ham yoddan chiqarmaymiz.
-75 kg. Isroil Madrimov. Terma jamoamizning bugungi kundagi asosiy yulduzi. Ayni paytda professional boksda o'z faoliyatini olib bormoqda. Umid qilamizki, u nafaqat Osiyo chempionatida, balki jahon chempionati va Olimpiya o'yinlarida ham bizni xushnud etadi. Uning qitadagi asosiy raqobatchisi Abilxan Amanqul jarohat sabab Tailandga bormaydi. Ammo bo'shashmaslik lozim. Gamburgda nima bo'lgani hali yodimizdan chiqqani yo'q.
Bektemir Meliqo'ziev AQSHga yo'l olgach, -81 kg vazn toifasida qita birinchiligiga kim yo'l olishi haqida savollar yuzaga keldi. Yakunda murabbiylar O'zbekiston chempionati-2018 kumush medali sohibi Dilshodbek Ro'zmatov variantida to'xtashdi. Garchi, bu biroz bahs-munozaralarga sabab bo'lgan bo'lsada, biz Ro'zmatovdan musobaqada medal kutib qolamiz. Ushbu vaznda qozog'istonlik Bek Nurmagambet oltin medal uchun davogar hisoblanmoqda.
-91 kg vaznda murabbiylarimiz Sanjar Tursunov nomzodida to'xtashdi. Yosh bokschimiz ikki yil oldin Toshkentdagi Osiyo chempionatida o'tish jangi orqali JCH yo'llanmasiga ega chiqqandi, keyin esa Gamburgda sensacion tarzda sovrindorlar qatoridan o'rin oldi. Prof ringda debyut qilishga ulgurgan Sanjar bu safargi qita birinchiligida qozog'istonlik Vasiliy Levittan revansh olishi talab etiladi. Bundan tashqari, hindistonlik Sumit Sangvan ham muammolar tug'dira oladigan bokschi.
Superog'ir vazn toifasida bir necha kun oldin professional ringdagi ilk kamarini qo'lga kiritgan Bahodir ham Bangkokda ringga ko'tariladi. Ushbu musobaqada Jalolovga principial raqib - Kamishbek Konkabaev katta ehtimol bilan to'qnash keladi. Oltin medal uchun kurash aynan shu ikki charm qo'lqop ustasi o'rtasida kechadi. SHuningdek, iordaniyalik Hussayn Ishshaish ham bor.
Bu albatta musobaqa oldidan bizning fikr-mulohazalarimiz edi. Nima bo'lgan taqdirda ham bokschilarimizdan medallar shodasini kutishga haqlimiz. CHunki, O'zbekiston boks federaciyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ketma-ket o'quv-mashg'ulot yig'inlari, xalqaro turnirdagi muvaffaqiyatli ishtiroklar bizni shunga ishontirmoqda. Bularning barchasiga kelasi hafta boshlanadigan musobaqa davomida javob olamiz. Olamsport.com sayti esa nasib qilsa musobaqani voqea joyidan yoritib boradi. Eksklyuziv intervyular, suratlar va qaynoq xabarlar. Demak, qita birinchiligini biz bilan birga kuzatish uchun sabablar etarli. Etibor uchun rahmat.
Aziz To'xtamurodov
Fikrlar
52 kg oltin ololmasa kerak. Chunki Doʼstmatov bu vaznga kichiklik qilmoqda.
56 kg bu vaznda oltin medaldan boshqasini kutish notoʻgʼri menimcha.
60 kgdagi yigit hali yosh, biroz tajribasizroq kattalarda, biror nima deyish qiyin.
64 kg Shunqor isteʼdodli bokschilarimizdan, uni bu musobaqa yanada sayqallaydi.
69 kg da Baturov kamida finalga qadar yetib boradi. Uyogʼini oʻshanda koʻramiz nima boʻlarkin.
75 kg da madrimov soʻzsiz yetakchilik qiladi lekin osiyo oʻyinlari yarim finalida Tailand vakiliga qarshi jangda biroz qiynalgani. Shunaqa holat boʻlib qolsa mezbon vakiliga ustunlikni berib yuborishlari mumkin.
81 kg da Bektemir qaytguncha medal kutish qiyinroq.
91 kg Sanjar professional boksda unchalik oʻsishga erishmadi menimcha. Ammo undan yuqori oʻrinlarni kutib qolamiz.
+91 kg da jalolov yaxshi janglar oʻtkazyapti, lekin havaskor boksda janglar har kuni yoki kun ora oʻtkaziladi. Bu yerda raqibni pramoturlar tanlamaydi. Biroq yaxshi natija kutib qolamiz.