01 avg 15:10
Yangiliklar
Elmurat Tasmuradov va Mo'minjon Abdullaev uchun Olimpiada medalsiz yakunlandi
Biroz avval yunon-rum kurashi bo'yicha 60 kg vazn toifasida yarim final jangi yakunlandi. Afsus, bu bellashuv biz uchun qoniqarsiz natija bilan tugadi. Asli Olmaliqda tug'ilgan, bir necha yildan beri Ukraina sharafini himoya qilayotgan Lenur Temirov yaponiyalik jahon chempioni Kenichiro Fumitaga imkoniyatni boy berdi.
Agar Temirov bu bahsda zafar quchganida, Elmurat Tasmuradov bronza medali yo'lidagi o'tish uchrashuvida gilamga chiqar edi. Rio-2016 Olimpiadasining bronza medali sovrindori bo'lgan hamyurtimiz nimchorak finalda aynan Lenur Temirovga 0-5 hisobida yutqazib qo'ygandi.
130 kg vazndagi bellashuvlarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Mo'minjon Abdullaevni chorak finalda mag'lub (0:2) etgan chililik Akosta Farna Olimpiadaning finaliga yo'l ola bilmadi. U yarim finalda gruziyalik Kadjayaga yutqazib qo'ydi.
So'nggi balni qo'lga kiritib, hisobni tenglashtirgan gurjistonlik polvon finalga yo'l olish barobarida kamida Olimpiadaning kumush medalini naqd qildi. Agar chililik kurashchi g'alaba qozonganida Mo'minjon Abdullaev uchun bronza medaliga kurashish imkoniyati yuzaga kelardi.
Fikrlar