04 may 19:37
Yangiliklar
Eng badavlat bokschi bugunga kelib katta qarzdorga aylandi. Floyd Meyvezer qanday qilib bunday ahvolga kelib qoldi?
Bundan 10 yil oldin ham Floyd Meyvezer o'zining "Money" laqabini to'liq oqlar, karerasini juda puxta boshqarishi bilan olqishlarga sazovor bo'lar edi — u minimal tavakkalchilik bilan ko'proq pul ishlash formulasiga erishgan va uning daromadlari $1 mlrddan oshib ketgandi. Meyvezer doim dunyoning eng boy sportchilari reytinglarida yuqori o'rinlarni egallar, boksda esa unga teng keladigan hech kim yo'q edi.
Floyd faoliyatini yakunlagandan keyin asosan topgan mablag'ini sarflashga va bazan katta daromad keltiradigan ko'rgazmali janglar o'tkazishga etibor qarata boshladi.

Ammo so'nggi bir yil ichida ko'plab xavotirli signallar paydo bo'ldi — bu signallar ular bir vaqtlar dunyodagi eng boy bokschida moliyaviy muammolar borligini ochiq ko'rsatmoqda. 2025 yilda jurnalist Stiven Ey Smit Meyvezer ko'chmas mulkka omadsiz investiciya qilgani, firibgarlik sxemasiga tushib qolgani va $402 mln yo'qotganini malum qildi. Floyd esa bunga falsafiy munosabat bildirdi:
"Agar ikki xususiy samolyot, yuzlab ko'chmas mulk va to'liq moliyaviy erkinlik bankrotlik bo'lsa, men hammani mendan o'rnak olishga chaqiraman".
2026 yilda esa Meyvezer "Showtime"ga qarshi sudga murojaat qilib, go'yoki uning sobiq maslahatchisi El Xeymon tomonidan o'zlashtirilgan $340 mlnni qaytarishga urinib ko'rdi. TMZ malumotiga ko'ra, Floyd bir qator janglar uchun to'liq haq olmagan, jumladan Menni Pakyao va Konor Makgregorga qarshi janglar uchun ham.
Bundan tashqari, Meyvezer ringga qaytishini elon qildi. 2026 yilning o'zi uchunoq uchta jang rejalashtirildi: Mayk Tayson bilan ko'rgazmali jang, Pakyao bilan revansh (rasmiy rekordga kirishi kerak) va greciyalik kikbokschi Mayk Zambidisga qarshi jang. 49 yoshli sobiq bokschi uchun bu juda yuqori surat hisoblanadi.
Keyinchalik Meyvezer Pakyao bilan jang baribir ko'rgazmali bo'lishini aytdi. Biroq ESPN insayderlari Floyd uchta jang uchun ham oldindan avans olganini, shuningdek Netflix uning bayonotlari sabab sudga murojaat qilishi mumkinligini xabar qildi. Bundan tashqari, Zambidisga qarshi jang ham Pakyao bilan kelishuvni buzish hisoblanadi. Dedlayn allaqachon o'tgan va tomonlar kelishuvga erishgan ko'rinadi.
Pakyao shunday dedi:
"Uning jangni bekor qilishga sababi yo'q. Agar shunday qilsa, Netflix bilan katta muammolarga duch keladi. Aynan shuning uchun ham men avval u shartnomaga imzo chekkaniga ishonch hosil qilib oldim. Tarixdagi voqealarga asoslangan holda..."

Bu holatlarning barchasi "Money" laqabli bokschida pul bilan bog'liq muammolar borligini ko'rsatmoqda. AQSH Federal soliq xizmati (IRS) 2018 va 2023 yillar uchun $7,3 mln soliq qarzi sabab Meyvezer mulkiga hibs qo'ygan. Qarz to'liq to'lanmaguncha davlat uning aktivlariga davo qilishi mumkin. Ilgari ham u IRS bilan muammolarga duch kelgan: 2017 yilda $22,2 mln, 2023 yilda esa $5,5 mln to'lagan.
SHuningdek, Jet Set Aircraft Inc. kompaniyasi Meyvezerdan xususiy samolyot ijarasi uchun 105 ming dollar qarzni undirishni talab qilib sudga berdi. Bundan tashqari, u yil davomida yana ikki marta sudda javobgar bo'ldi — elit kvartira ijarasi uchun $330 ming va taqinchoqlar uchun $1,4 mln qarz bo'yicha.
Uning sobiq raqibi Logan Pol ham shunday dedi:
"U menga hali ham 1,5 million dollar qarz. Balki ko'proqdir. U jangni mening nomimdan foydalanib oldindan sotgan va meni aldagan.

Bunday holatga nima sabab bo'lishi mumkin? Birinchi navbatda — qimorga bo'lgan muhabbat va moliyaviy savodxonlikning pastligi. Meyvezer o'yinlarga pul tikishni yaxshi ko'radi va ko'p hollarda yutqazadi. Masalan, 2014 yilda Superboulda $13 mln yo'qotgan. Norasmiy malumotlarga ko'ra, 2017–2018 yillarda "stavka"larda taxminan 50 million dollar yo'qotgan. Reper 50 Cent ham uning shu odati tufayli bankrot bo'lishidan o'z xavotirini bildirgan.
Meyvezerning o'zi bazi bukmekerlar uning nomidan "stavka"larni qabul qilmasligini aytadi. O'yinlarga bo'lgan "mehri"ni u quyidagicha izohlaydi:
"Men imkoniyatim borligi uchun pullar tika olaman. Menda o'zim xohlaganimcha sarflashim mumkin bo'lgan mablag' bor. Bu pullarni qimorga ishlatishga qaror qildim. Barchasini emas albatta. Ammo men katta pullar tikishni va yutuq ham shunga yarash bo'lishini yoqtiraman".
Floyd ko'chmas mulkka ham katta investiciya qilgan — Nyu-Yorkda osmono'par binolarga sarmoya kiritib, ularni ijaraga bergan. Ammo malumotlarga ko'ra, u bazi aktivlarni garovga qo'yib, 54 million dollar kredit olgan. Ayrim mulklarni sheriklariga sotgani haqida ham xabarlar bor. Qolgan mulklar esa ijara to'lovlari kechikkani sababli turli davolarda tilga olinmoqda.

2025 yil boshida yana bir mojaro yuzaga keldi: Mayweather Boxing and Fitness zali xodimlari ish haqi to'lanmagani uchun ish tashlash qildi. Ular rasmiy ishga qabul qilinmaganini va aldanganini bildirishdi. 2026 yilda esa Menni Pakyao Mayweather Fit Hollywood fitnes markazini sotib oldi.
2026 yil fevral holatiga ko'ra, Celebrity Net Worth sayti Meyvezer boyligini $100 mln deb baholamoqda — bu 2025 yilga nisbatan to'rt baravar kam. Ko'plab sud ishlari, qarzlar, mulklarga qo'yilgan hibs va moliyaviy xatolar esa Floyd oldidagi muammolar hali tez orada hal bo'lmasligini ko'rsatmoqda.
Fikrlar