12 apr 13:43
Yangiliklar
Intervyu. SHerzod Tashmatov: “O'zbekiston taekvondo WT Associaciyasida faoliyat masofaviy davom ettirilmoqda”
Mana shunday sharoitda aksariyat korxona va tashkilotlar ichki imkoniyatdan kelib chiqib masofaviy ishlash tartibiga o'tishgan. O'zbekiston taekvondo WT associaciyasi ham bundan mustasno emas. Tokio Olimpiadasi oldidan tayyorgarlik va mashg'ulotlar, nufuzli musobaqaga hozirlik muhim. Bu borada ishlar qay tarzda olib borilayotgani va boshqa bir qator ko'pchilikni qiziqtirgan savollar bilan Associaciya raisi SHerzod Tashmatovga murojaat qildik.
— SHerzod Rixsiboevich, avvalambor suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Yurtimizda murakkab bir vaziyat kuzatilmoqda. Pandemiya sabab mamlakat bo'ylab karantin joriy qilingan. Ammo shunga qaramasdan, oldimizda turgan masuliyatli vazifalar ko'p. Bunday vaziyatda taekvondo WT Associaciyasi qanday faoliyat olib bormoqda?
– Albatta bugungi kunda Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni, kattayu kichik, rivojlanganu, rivojlanish yo'lidan borayotgan davlatlarni birdek tashvishga solib turgan kunlarda yashayapmiz. Afsuski, ushbu ofat jonajon O'zbekistonimizni ham chetlab o'tmadi. SHunday bir sharoitda Muhtaram Prezidentimiz har kuni, har soatda vaziyatdan xabardor bo'lib, xalqimiz, mamlakatimiz uchun koronavirusning zararini kamaytirish, shunday murakkab bir vaziyatda aholimizni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha jiddiy qarorlarni qabul qilmoqdalar. Bugungi kunda kasbiga sadoqatli shifokorlarimiz, turli davlat idoralari vakillari bir bo'lib, koronavirusni daf etish, kasallarning sog'ayib ketishi uchun bir jonu bir tan bo'lib harakat qilishmoqda. Tadbirkorlarimiz, sahovatpesha yurtdoshlarimiz esa ijtimoiy jihatdan qiynalib qolgan, ehtiyojmandlarga moddiy va manaviy ko'mak berishga bel bog'laganlari, ularning safi kun sayin ortib borayotgani esa xalqimizning bag'rikengligini, bir mayizni qirq bo'lib eyishdek ulug' fazilatlari sohibi ekanini yana bir karra isbotlamoqda. Koronavirusni engish, Prezidentimizning tabirlari bilan aytganda, uning oilamizga, mahallamizga kirib kelishiga yo'l qo'ymaslik har birimizga bog'liq. SHundan kelib chiqib karantin qoidalariga qatiy rioya etsak, zarurat bo'lmaganda uydan chiqmasak biz o'zimizni va yaqinlarimizni asragan bo'lamiz. Tegishli davlat idoralari xodimlarining talablariga, shifokorlarning tavsiyalariga so'zsiz amal qilaylik. Bugungi kunda tashkilot o'z faoliyatini uydan turib davom ettirayapti. Bu murakkab vaziyat butun dunyoda kuzatilmoqda va u sportchilarni ham chetlab o'tgan emas. SHu sabab Tokio Olimpiadasi ham 2021 yilga qoldirildi. Ammo to'rt yillikning nufuzli musobaqasi qoldirilgan bo'lsada taekvondochilarimizning tayyorgarliklari bir muddatga bo'lsada kechikkani yo'q. Bu borada O'zbekiston jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasining yordamini alohida etirof etishim kerak. Sportchilarimizning ruhiyati tetik va biz ular uchun mukammallashgan maxsus dasturlar ishlab chiqqanmiz.
– Aynan qanday dastur haqida gap ketyapti?
– Bu dastur “masofaviy boshqarish” bo'lib murabbiylar sportchilarni kunlik mashg'ulotlarini video orqali nazorat qilib borish bilan birga kerakli bo'lgan vazifalarni,yuklamalarni berishmoqda. Bu jarayon shuningdek psixolog, shifokorning kun tartibidan ham joy olgan. Qolaversa, murabbiylarimiz yosh taekvondochilar uchun ham internet imkoniyatlaridan foydalangan holda mashg'ulotlarni davom ettirishayapti. CHet ellik mutaxassilar bilan muntazam ravishda fikr almashib turibmiz. Bir so'z bilan aytganda, faoliyatimiz davom etmoqda.
Associaciya faoliyatini masofadan turib davom ettirayapmiz
– MOKda tashkil etilgan “Tezkor shtab” faoliyatiga ham to'xtalib o'tmoqchi edim chunki aynan manashu shtabni siz boshqarasiz,shu haqida malumot bersangiz?
– Tezkor shtab bu bizning sportdagi yangi qadamimiz. Uning asosiy maqsad, vazifalari aniq belgilab olingan. SHtab azolari tajribali murabbiylar va etakchi sportchilarning yashash sharoitlari, kundalik tartibi, ish rejasi, qilinishi kerak bo'lgan vazifalarini keng qamrovli o'rganib chiqmoqda va barcha kamchiliklarni bartaraf etishga xarakat qilyapti. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan sport federaciyalari va associciyalarining rahbarlari bilan,sportga mutasaddi bo'lgan fidoiy masullar bilan birgalikda har kuni biz mukammallashgan tizim asosida ish olib boryapmiz. Nasib qilsa bu tizim yaqin orada o'zining ijobiy natijasini berishiga umid qilamiz.
– Karantin davrida yana qanday ishlar bilan mashg'ul bo'lyapsiz?
– Odatda, murabbiylar, sportchilar va federaciyalar rahbarlari turli tadbirlar, tashkiliy masalalar, musobaqalar yoki o'quv-yig'in mashg'ulotlari sabab oila davrasida kam bo'lishadi. Oila har birimiz uchun - Vatan ichidagi kichik vatandir, jamiyatning ajralmas bo'lagi, tabiatning shoh asaridir. To'g'risi bugungi kunda biroz ishimiz ko'payib vaqt topa olmayotgan oila-azolarimiz davrasida ular bilan uy yumushlarini qilyapmiz.
Kitob ko'ngil chirog'i - oila davrasida kitob o'qishning ham o'ziga yarasha gashti bor.
– Uydagi bir kunlik tartibingiz bilan ulashsangiz.
– Oilam bilan har kuni ertalab turib birinchi navbatda tonggi badantarbiya mashqlarini bajaramiz. Keyin kompyuter qarshisiga o'tirib, so'nggi yangiliklar bilan tanishaman. Associaciyamiz xodimlari, mutaxassislarimiz va sportchilar bilan bog'lanib, qilingan ishlar hisoboti va rejadagi ishlarni muhokama etib olamiz. SHundan so'ng farzandlarim bilan kitob o'qish, shaxmat-shashka o'ynash, birgalashib televizor ko'rish va albatta mashg'ulotlarga vaqtim bo'layapti. Buni barchaga tavsiya qilaman va yurtdoshlarimizga, “uyda qoling, oilangiz davrasida bo'ling, shunda koronavirusni birgalikda engamiz!” demoqchiman.
Ko'chat ekib, bog' yaratish — xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri, biz hovlimizni ko'rkamlashtiryapmiz.
– Bilasiz jurnalist xalqi qiziquvchan bo'ladi malumotlarga qaraganda sizning oilangiz sportchilar oilasi va farzandlaringiz xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan joy olgan?
– Sport salomatlik garovi. Bizning oila bunga amal qiladi. To'ng'ich farzandim Ali xapkido bilan 9 yildan beri shug'ullanib keladi va u Jahon chempionatining kumush medali sohibi shuningdek Osiyo chempioni, qizim taekvondo va badiiy gimnastika bilan kichik o'g'lim esa taekvondo bilan shug'ullanadi.Ular qaysi bir sohani egasi bo'lmasin o'z salomatliklari uchun shug'ullanishi kerak.SHu o'rinda tabobat ilmining sultoni bobomiz Abu Ali Ibn Sinoning hikmatlaridan keltirmoqchiman: O'z vaqtida, meyori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo'lamaydi.
Farzandlar bilan bajarilgan jismoniy mashqlar kun davomida ruxiy tetik bo'lishimizga yordam beradi.
– Bilamiz sportda katta tajribaga egasiz sizning faoliyatingiz davomida muaytay, boks bo'yicha terma jamoalarimiz vakillari dunyoda tengsizlar qatorida etirof etildi, ular o'zbek sportida yangi sahifa ochib berishdi. Biz boshqa sport turlarida ham manashunday natijaga erisha olamizmi?
– Albatta erisha olamiz, buning uchun avvalo insonhar bir boshlagan ishiga mehr qo'yishi kerak. Ortiqcha balanparvoz gaplarni aytmoqchi emasman, yurtimizda sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo'lsayu biz nima uchun undan foydalanmasligimiz kerak,avvalo mamlakatimizning chekka-chekka hududlaridan qalbi olov, ko'zi yonib turgan shu ona tuproq uchun yurt uchun kamarbasta bo'lishga bel bog'lagan yoshlarimiz ko'p faqatgina biz ularni yo'naltira olishimiz,manaviyatni shakllantirishimiz va ularda Vatanga bo'lgan mehr hissini uyg'ota olishimiz hamda millat tayanchi ona vatan ishonchi bo'lishimiz kerak.
– Intervyu uchun rahmat, hamyurtlarimizga tilaklaringiz?
– Barchamiz uyda qolaylik bu juda oddiy va mushkul ish emas. Farzandlarimiz bilan dars qilaylik, anchadan beri niyat qilib, lekin vaqt topolmay yurgan kitoblarimizni o'qiylik, audiodarslar yordamida til o'rganaylik. Oilamizni, mahallamizni, ona O'zbekistonimizni koronavirusdan himoya qilaylik! Qalb amirga quloq tuting, biz bormiz, biz birmiz va biz bu imtihondan ham birgalikda muvaffaqiyatli o'tamiz!
O'zbekiston taekvondo WT Associaciyasi matbuot xizmati
Fikrlar
Хали ханузгача боксчиларимиз Дунёни забт этиб келишмоқда. Ишонаманки ўзбек таеквондоси хам шуқаторга киради. Олға ўзбек ўғлони!!!