30 okt 09:00
Yangiliklar
Javohir Sindarov - Clutch Chess: Champions Showdown 2026 chempioni!
Dunyoning to'rt nafar grossmeysteri uch kun davomida bosh sovrin uchun bahs olib bordi. Hal qiluvchi uchinchi kun Javohir asosiy raqibi hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhani 4:1, amerikalik Fabiano Karuanani 4:1, Hikaru Nakamurani ham 4:1 hisobida dog'da qoldirdi. So'nggi partiyada Sindarovning chempionligiga Rameshbabu to'g'anoq bo'lishi mumkin edi. Ammo u Karuanaga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Bu turnir Javohir uchun hindistonlik amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga qarshi Jahon toji uchun match oldidan so'nggi sinov bo'ldi. Musobaqaning mukofot jamg'armasi 425 000 AQSH dollarini tashkil etdi. Sindarov 168 000 dollar mukofot pulini qo'lga kiritdi. Javohirdan bir yarim ochko kam jamg'arib, ikkinchi o'rin sohibiga aylangan Rameshbabu Praggnanandha 109 000 dollarga ega bo'ldi. Uchinchi o'rin egasi Karuana 81 000, so'nggi o'rinni egallagan Nakamura 67 000 dollarga ega chiqdi.

Malumot uchun, turnirda har bir shaxmatchi 18 tadan rapid partiya o'ynadi. Vaqt nazorati — 10 daqiqa va har bir yurishga 5 soniya qo'shib berildi.

Turnirning o'ziga xos jihati — g'alaba uchun beriladigan ochkolar har kuni ortib bordi:
1-kun — 1 ochko
2-kun — 2 ochko
3-kun — 3 ochko
Demak, kecha o'tkazilgan so'nggi kungi bitta g'alaba birinchi kundagi uchta g'alabaga teng bo'ldi. Yani, g'alabaga 3 ochko berildi.

Fikrlar