So’nggi yangiliklar

14:41Ёш велоспортчилар гуруҳ пойгасида рақобатлашди 0 14:20Мавсумдаги илк Эл Классико АҚШда бўлиб ўтади 0 13:59Роман Копиловнинг навбатдаги жанг санаси ва манзили маълум. У Нурсултон Рўзибоевнинг собиқ рақиби билан тўқнаш келади 0 13:38"Осиё болалари" ўйинларининг иккинчи кунидан сўнг Ўзбекистон 13 та медаль билан етакчи 0 13:17Бугун Нодирбек Абдусатторов Руминия турнири пешқадамига қарши дона суради 0 12:56Мамардашвили, Микаутадзе, Муcиала - LʼEquipe Евро-2024 гуруҳ босқичининг рамзий жамоасини тузди 0 12:35Конор Макгрегор: "Мен бундай иш қилмайман" 0 12:14Фомин Уст-Каменогорскда бош соврин учун курашни давом эттиряпти 0 11:53Мирафзал Ахтамов: "Тезроқ UFC'га ўтишим учун битта чиройли жанг ва ғалаба керак" 0 11:32Бугун Суперлиганинг 13-турида пешқадам Қаршида меҳмон бўлади 0 11:11Ҳумоюн Султонов Брюссель турнирида 1/4 финалга чиқди 0 10:50Дана Уайт Конор Макгрегорга "йўқ" деди 0 10:29Абдусатторов Руминия турниридаги иккинчи учрашувини ўтказди 0 10:08Copa America. Уругвай йирик ҳисобда ғалаба қозонди 0 09:47Оливейра Дэн Хукер билан жанг қиладими? Чарльзнинг ўзи жавоб берди 0

04 iyu 22:48
Yangiliklar

Futbol

Mirabror Usmonovni kim qanday xotirlaydi?

Bugun rahmatli Mirabror Zufarovich Usmonovning tavallud kunlari.

Agar hayot bo'lganlarida 73 yoshni qarshi olgan bo'lardilar. 2006-2017-yillarda O'FF, 2013-2017-yillarda esa MOQ Prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Mirabror Usmonov “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Do'stlik” ordenlari, “O'zbekiston mustaqilligining 15 yilligi” esdalik nishoni, FIFAning “Xizmatlari uchun” maxsus ordeni va Osiyo Olimpiya Kengashining “Oltin orden”i bilan taqdirlangan. Bu inson bajargan ishlar, qurdirgan sport inshootlari to'g'risida soatlab gapirish mumkin. O'zbek sportining chin manodagi “oyoqqa turish”ida fidokorlik ko'rsatgan Mirabror Zufarovich aslida qanday shaxs edi? Sportimizning taniqli kishilari xotirasida qanday gavdalanadi? Bu haqda doim ham malumotlarga duch kelavermaymiz. Biz aynan Mirabror Usmonov kimda qanday xotira qoldirgani bilan qiziqdik.

Taniqli sport sharhlovchisi, "Sport" va "O'zbekiston futboli" gazetasi bosh muharriri Mirzahakim To'xtamirzaev:

"Mirabror Zufarovich Usmonov xamisha har bir ishni obdon, puxta o'ylab, reja tuzib keyin boshlash tarafdori edi. O'FFni qabul qilib olganida dastlabki paytda vaziyat bilan tanishib chiqdi. Hukumatdagi ko'p yillik rahbar sifatidagi ish tajribasi, savdoni, iqtisodiyotni yaxshi bilishidan xulosa chiqargan holda futbol klublari poydevorini mustahkamlashdan boshlash kerak degan fikr-mulohazaga keldi. 

- Biz agar futbol klublariga zarur zamonaviy shart-sharoitlarni yaratib bermas ekanmiz, ulkan yutuqlar haqida gapirishimiz noo'rin bo'ladi, - degan edi Mirabror aka. 

Va aynan shu inson o'zbek futboliga rahbarlik qilgan davrda qator viloyatlarda zamonaviy futbol arenalari qad rostladi. Ana shu stadionlar bilan birga O'zbekiston terma jamoalari: o'smirlar, yoshlar, olimpiya, milliy terma jamoalariga juda katta etibor qaratildi. Avvallari terma jamoamiz hattoki o'zimizda o'quv-mashq yig'ini o'tkazishga qiynalardi, mablag' topolmasdi. Mirabror Usmonov davrida 16 yashar bolalardan iborat terma jamoamiz ketma-ket xorij yig'inlarida bo'ldi, kuchli terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlarida toblandi. Oxir-oqibat aynan o'sha davrda O'zbekiston o'smirlar va yoshlar terma jamoalari uch marotaba Jahon chempionatlari final bosqichlarida nimchorak final, chorak finalga chiqish imkoniyatidan samarali foydalanishdi va bu o'ziga xos yangi marra bo'lib qoldi. 

Esingizda bor, Meksikada o'tgan jahon chempionatiga borgan futbolchilarimiz chorak finalga chiqishgandi va ushbu natijaga erishgan futbolchilaru-murabbiylarga yangi avtomobillar sovg'a qilindi. O'zbek futbolida hali bunaqasi bo'lmagan edi. O'sha qarorni asoslar ekan Mirabror aka sovg'a qilinayotgan mashinalar bu bolalarning o'zigagina emas, balki ularga havas bilan boqib, ortidan ergashib futbol sekciyalariga keladigan yana o'n ming, yuz minglab bolalarga ekanligini takidlab o'tgan edi. 

2012 yili 16 yoshgacha futbolchilardan iborat O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempioni bo'ldi. Dilshod Nuraliev murabbiyligidagi jamoa chempion bo'lib qaytib kelganidan keyin katta davlat qabullari o'tkaziladigan "Navro'z" restoranida alohida bazm tashkil qilindi. O'sha bazmni boshqarib borganman. Mirabror aka O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilovni taklif etib, o'zbekning eng sara xonanda, sozanda, raqqosalarini chaqirish kerakligini takidlab, "Ular birrovga kelib-ketmasin, mana shu futbolchilar, ularning ota-onalari bilan bamaylixotir o'tirsin, rasmga tushsin. Respublikamizning turli hududlaridan kelgan ota-onalar va bolalar xalq sevgan, xalq tanigan artistlar bilan birga bir mazza qilib dam olsin", deb alohida tayinlagan edilar.

Mirabror akaning ajoyib fazilatlaridan biri atrofiga ishning ko'zini biladigan, ish beradigan insonlarni, kadrlarni yig'a olishida namoyon bo'lgan. Aytaylik, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga rahbar sifatida saylanadigan bir paytga kelib, nafaqat o'zi rahbar bo'lishi haqida, balki kimlar bilan birga ishlashini ham o'ylagan. Aynan o'sha davrda futbol ichida yurib o'zini ko'rsatgan, avval "Paxtakor" klubida, keyinroq Toshkent shahar futbol federaciyasida ishlagan Oybek Omilovich Kasimov Milliy olimpiya qo'mitasiga bosh kotib bo'ldi. Madaniyat va sport vazirligida boshqarma boshlig'i bo'lib ishlab kelgan, SSSR chempionatida g'olib va sovrindor bo'lgan sobiq bokschi, pedagogika fanlari nomzodi Farhod Turdiev MOQ birinchi vice-prezidentiga aylandi. Sport ahli yaxshi taniydigan, muammolarni ich-ichidan bilib ulgurgan va ularni hal qilishga hissa qo'shishga ko'zi etadigan Rashid Matkarimov MOQga taklif etildi. Xullas, Mirabor akaning ishonchi ularga qanot berdi va aynan shu jamoaning say-harakatlari bilan biz keyinchalik Rio Olimpiadasida ajoyib natijalarga erishdik.


Mirabror Zufarovich iqtisodiyotni juda yaxshi bilardi va shu sohadagi tajribasi sportda muaffaqiyatlarni qo'lga kiritishda hal qiluvchi rol o'ynadi. Tasavvur qiling, avval sportchilar, murabbiylar nafaqat mashg'ulotlarni o'tkazish yoki o'quv-mashq yig'inlarini chet elda tashkil qilishga imkoniyat topardi, balki kundalik tashvishlarini hal qilishga qiynalardi. Mirabror Usmonov Milliy olimpiya qo'mitasiga rahbar bo'lganidan so'ng "Olimpiyachi sportchilarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi" tuzildi. Ana shu jamg'arma tomonidan o'zbek sporti dovrug'ini dunyoga yoyishga hissa qo'sha oladigan sportchilar va murabbiylarga maxsus stipendiyalar berib boriladigan bo'ldi. O'sha stipendiyalar oshkoralik, shaffoflik muhitida tarqatib chiqildi. SHu stipendiyalar tufayli sportchilar Rio Olimpiadasiga yaxshiroq tayyorgarlik olib borishdi. Natijada biz misli ko'rilmagan muvaffaqiyatga erishdik. 

Mirabror aka nafaqat o'zimizning sportni yaxshi o'rgangan, balki xalqaro sport tashkilotlarini ham chuqur tahlil qilib chiqqan mutaxassis edi. Aytaylik, bizning vakillarimiz xalqaro federaciyalarda ishlasa, bu musobaqalarda, xalqaro nufuzli sport anjumanlarida biz uchun foydali bo'lishi barchaga tushunarli. Lekin o'shangacha qita va xalqaro federaciyalarda vakillarimiz deyarli yo'q edi. Mirabror aka mana shu jihatga ham etibor berib, o'z mutaxassislarimizni turli xalqaro tashkilotlarda ishlashiga erishish, ularga sharoit yaratish kerak degan fikrni olg'a surdi. Bir misol, Xalqaro og'ir atletika federaciyasi vakillari yurtimizda o'smirlar o'rtasida Jahon chempionati o'tkazilishi munosabati bilan ushbu musobaqaga tayyorgarlikni baholashga kelishgan. O'zbekistonga tashrif buyurgan komissiya vakillari bilan suhbatda Mirabror aka o'zbekistonlik mutaxassislar ham xalqaro arenalarda, xalqaro federaciyalarda naf keltira olishini juda sodda va ishonchli tariflab bera olganlar. Oqibatda birozdan keyin O'zbekiston og'ir atletika federaciyasi rais o'rinbosari SHahrullo Mahmudov avval texnik qo'mitaga, keyin ijroiya qo'mitaga saylangan.


Bugun bizga Mirabror akadan yodgorlik bo'lib hozirgi Milliy olimpiya qo'mitasi joylashgan bino, O'zbekiston futbol federaciyasi (hozirgi O'zbekiston futbol associaciyasi) binosi, MOQ binosida joylashgan zamonaviy jihozlangan tibbiyot markazi qoldi. Aynan Mirabror Usmonov sportimizga mutasaddilik qilgan davrda Toshkentda "Bunyodkor" stadioni barpo etildi."


MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov:

"Mirabror Usmonov bilan bog'liq ko'plab iliq xotiralarimz bor. 

Men Mirabror Zufarovichning xodimlar bilan rahbar, ayollari bilan turmush o'rtog'i, farzandlari bilan ota, nabiralari bilan bobo sifatidagi munosabatlarini ko'p ko'rganman. 

Men ularning, ayniqsa, rahbar sifatida har bir masalaga chuqur, vazminlik bilan yondashadigan, “etti o'lchab bir kesadigan” jihatlaridan hamisha o'rnak olishga harakat qilganman. Mirabror Zufarovich har qanday masalada ham ikki tarafni eshitib, o'zlarini shu vaziyatga qo'yib turib vijdonan qaror chiqaradigan shaxs edilar. 

Ular bilan dastlab futbolda – men shahar futbol federaciyasida ekanimda 2 yil birga ishladik.

 

Bir kuni chaqirtirganlarida o'rtamizda quyidagi suhbat bo'lib o'tdi: 

- Oybek, Rahbar (O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov - tahririyat) “Futbolda yaxshi ishlar bo'lyapti, endi Milliy olimpiya qo'mitasida ham qiladigan ishlaring ko'p”, dedilar. “Men bir o'zim hech narsa qilolmayman. Munosib jamoam bo'lishi kerak”, dedim. Qo'limda sening hujjatlaring bor edi, ularga ko'rsatdim. “Maqul” dedilar. SHuning uchun endi faoliyatingni o'zgartiramiz.

- Xo'p, Mirabror aka, men o'ylab ko'ray, keyin javobini aytaman, - dedim.

- Sen uchun ham biz o'ylab qo'ydik. Saylov kuni Bosh Assambleya maqullasa bo'ldi, bajaradigan ishlarimiz ko'p, tayyorgarligingni ko'r, - dedilar. 

SHu tariqa katta sportda ham birga faoliyatimiz boshlandi. Sochi va Rio Olimpiadalarida, Osiyo o'yinlarida birga ishtirok etdik. Eng etiborlisi, yoshlari katta bo'lishiga qaramay har bir sportchi, delegaciyamiz vakiliga alohida g'amxo'rlik qilib, qo'llab-quvvatlardilar. 

Quyidagi gaplarni ko'p aytardilar:

- Sizlar hali yoshsizlar, lavozimga, mansabga hirs qo'ymanglar. Bunday odam hech qachon yaxshi kursining egasi bo'lmaydi, mansab kursisi omonat narsa. Mana shu omonatni chiroyli qilib, yorug' yuz bilan qaytarib olgin deb Xudodan so'rash kerak, bolam.

- Hamisha kamtar bo'linglar. Kamtar odam har bir fuqaroning dardini tinglaydi. Seni oldingga najot so'rab kelgan odamni noumid qaytarmagin, qo'lingdan kelgancha yordam ber, zinhor zararing tegmasin, –deb ko'p nasihat qilardilar."


Mamlakat futbol muxlislari uyushmasi etakchisi Abdurahmon Fozilov :

-“Avvalo ularni xotirlab maqola yozayotganingizdan boshim osmonga etdi. Ustozim Mirabror Zufarovich bilan ko'plab yodda qolarli hodisalar sodir bo'lgan. SHulardan biri… 2008 yil edi. “Quruvchi” futbol klubi tashkil etilganidan so'ng ustozimiz Abror aka Imomxo'jaev hamda do'stimiz Bahodir Mirzaev bilan birga jamoaning fan klubini tuzdik va muxlislar jamoasiga meni etakchi qilib qo'yishdi. 1-o'yin edi. “Quruvchi”-“Navbahor” uchrashuvi. Jamoani ruhlantirish uchun fan klub zavq-shavq bilan tayyorgarlik ko'rdik. Bu uchrashuv 2008 yil O'zbekiston chempionatining ochilish o'yini edi. Mirabror Zufarovich juda ko'p o'yinlarni stadiondan tomosha qilish uchun kelardilar. Mazkur uchrashuvga ham o'zlari tashrif buyurganlar. Keyin meni ko'rib shu fan klubni tashkilotchisini chaqirib beringlar deganlar. SHundan so'ng men oldilariga bordim. Ishonasizmi, hayajondan qo'llarim terlab ketgandi. O'ng qo'limni ko'ylagimga artib ular bilan ko'rishganman. Menga – “ Bolam, siz qilgan ishlarni ko'rdim. Oldinda MTJning Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvi bor (JCHga saralash bahslari doirasida). SHu o'yinda o'zingizni ko'rsatasizmi? Nima yordam kerak bo'lsa beramiz. Bir muxlislarni jonlantiring”-dedilar. SHunda men agar imkoni bo'lsa, muxlislarga 500 ta futbolka va bitta katta bayroq tiktirib bersangiz dedim. Hozirgi tribunalardagi 25 metrlik katta bayroq o'sha paytda tikilgan. Bu voqeani hech qaerda hech kimga aytmaganman. SHu tariqa MHSK - hozirgi “Bunyodkor” o'rnidagi stadionda Saudiya Arabistoni termasini qubul qilib jamoamiz 3:0 hisobida g'alaba qozongan. Stadiondan tashqarida minglab muxlislar qolib ketgan. O'yin juda ajoyib bo'lgandi. Adashmasam Maksim SHackix, Aleksandr Geynrix va Timur Kapadze gollarga mualliflik qilishgan. Ertasiga menga qo'ng'iroq qilib Mirabror Zufarovich sizni chaqiryaptilar deyishgan. O'FFga borganman. Xonalariga chaqirtirib “O'tiring bolam, o'yin juda zo'r bo'ldi, rahmat. Endi sizni O'FFga ishga taklif qilsak nima deysiz”-deganlarida juda g'alati bo'lib ketganman. Bu kutilmagan taklif bo'lgan. Negaki men shunchaki havaskorlik uchun “Quruvchi” fan klubini tashkil qilgandim. Meni ko'pchilik “Quruvchi”da ishlaydi deb o'ylardi. U erda hech qachon ishlamaganman, oylik olmaganman. Meni boshqa joyda ishim borligini aytib uzr so'radim. “Buyog'idan xavotir olmang, rahbarlaringiz bilan gaplashamiz” deganlaridan keyin ikkilanishlarsiz xo'p bo'ladi deganman. SHunday oddiy bir yigitni topib O'FFga ishga olganlar, chunki o'zlari ham judda oddiy, samimiy inson edilar. 2017 yilgacha birga ishlagan bo'lsak, biror marta koyimaganlar, hamisha bosiqlik bilan to'g'ri yo'lni ko'rsatganlar. Oqni qoradan ajratishni o'rgatganlar. Mirabror Zufarovich hech qachon kimgadir jabr qilishni xohlamasdilar. O'zlarini rahbarlik kuchlarini ko'rsatmasdilar. Xato qilsak yonlariga o'tqizib, bolam deb tushuntirardilar. Ishxonada ham, hayotda ham qanday lavozim egasi bo'lishidan qatiy nazar hamma bilan bir xil muomalada bo'lganlar.

Yana bir voqea Qatardagi Osiyo chempionatida sodir bo'lgan. O'sha erda bir muxlis yonlariga brogan rasmga tushish maqsadida kelgan. Mirabror aka “Yo'g'-e, men bilan rasmga tushgani kelibdimi?” deb kiyinib-yasanib pastga tushganlar. Men hozir xonalariga chaqirtirsalar kerak deb o'ylagandim. Oddiy bir muxlis bilan suratga tushish uchun bunday tayyorgarlik ko'rib, rasmga tushib, ”Bo'ldimi bolam, salomat bo'ling, rahmat” deb tepaga chiqib ketish uchun menimcha faqat Mirabror Usmonov bo'lish kerak.


Yana biri Qatardagi Osiyo chempionati paytidagi xotiralar. Iordaniya ustidan g'alabaga erishganimizdan keyin, Avstraliya bilan o'yindan avval 6 nafar muxlis Qatarga vizalarsiz kelgan, menga aloqaga chiqishdi. Kutib olish uchun aeroportga bordim. Ular Qatarga kirishda viza qilamiz deb o'ylashgan, lekin muxlislarni mamlakatga kiritishmadi. Deportaciya xonasiga qamab qo'yishgan. Hech ilojini topolmadim, so'nggi chora Mirabror Usmonov edi. Tong sahar soat 4larda borib xonalarini taqillatdim. Bilardim yo'lini topishlarini, bo'lgan vaziyatni aytdim. Ular o'sha paytdagi OFK Prezidenti, Qatar podsholik oilasi vakili Muhammad bin Hammamga aloqaga chiqdilar va menga “Bor bolam, sen aeroportga borgin, Xudo xohlasa senga yordam berishadi” dedilar. Aeroportga etib borsam 6 nafar yigit meni tashqarida kutib turgan ekan. Mirabror Usmonov o'zga yurtda vatandoshlarini xor qilib qo'ymadilar. Vaholangki, “E qanday kelgan bo'lsa shunday qaytib ketaversin, vizasiz kelib balo bormi” desalar ham bo'lardi. Terma jamoani ortidan kelgan hamyurtlarimiz uchun podsholik oilasi vakilini erta tongdan bezovta qilib, muammoga echim topganlar. Yana bir narsani alohida takidlashim zarur: Mirabror Zufarovich qaerga bormasinlar mehmonxona yoki samolyot harajatlari bo'ladimi, hech qachon federaciya yoki MOQning hisobidan pul ishlatmagan o'zlari uchun. Buni o'sha paytda birga ishlagan insonlarning hammalari yaxshi bilishadi. Mirabror Usmonov menda shunday insonparvar, vatanparvar, halol, samimiy, hisob-kitob bilan uzoqni o'ylab ish qiladigan shaxs sifatida xotiramda qolgan”


Taniqli sport jurnalisti, O'FA Media departamenti direktori Davron Fayziev

“Mirabror Usmonov bilan juda yaqin tanish edim deb aytolmayman, chunki u paytlar federaciyada ishlamaganman. Lekin doim futbol tadbirlarida, matbuot anjumanlarida ko'rishib turadik. Jurnalistlar bilan bilan samimiy munosabatda bo'lardilar. Faoliyatlarining so'nggi paytlarida ko'proq ko'rishishga muvaffaq bo'lganman. Bu insonni yaxshi fazilatlari haqida o'sha paytda federaciyada ishlagan va hozir ham men bilan birga faoliyat yuritayotgan shaxslardan ko'p eshitaman. Federaciya hamda MOQdagi barcha: farroshlar, qorovullar yoki boshqaruvchi hodimlar bo'ladimi, har birining holidan doimiy xabar olib turadigan, muammolarini (moddiy bo'ladimi yo boshqa masalalarda)qo'ldan kelgancha hal qiladigan, hamma bilan birdek muomalada bo'ladigan inson va rahbar ekanliklari to'g'risidagi hikoyalarni endi-endi eshityapman. Ular haqida eng ko'p eshitadiganim hamma o'zlaridan yoshi kichkina bo'lganlarga “bolam, bolam” deb murajaat qilar ekanlar. Insoniylikni doim birinchi o'ringa qo'yganliklari uchun hamma hurmat qilardi. Nafaqat O'zbekistonda balki Osiyoda ham mavqelari, obro'lari baland inson bo'lganlar. Bekorga emas - Mirabror Usmonov davrida har xil yosh toifadagi Jahon chempionatlarida qatnashdik, Osiyoda futbolchilarimiz, hakamlarimiz, mutaxassislarimiz ko'plab nominaciyalarda eng zo'r deb topildi. Bu natijalar Mirabror akaning faoliyatlari bilan bog'liq. Ularning davrida futbol bir emas, bir necha pog'ona yuqoriga ko'tarildi. Oddiy federaciya binosidan tortib butun respublika bo'ylab futbol infratuzilmasigacha yaxshilab ketganlar. Matbuot anjumanlarida gapirsalar, shu gaplari tugab qolmasada deb eshitib o'tirardik. Odamlarni o'ziga jalb qila oladigan xususiyatlari bor edi. Afsuski, birga ishlash nasib etmadi, lekin ular bilan bog'liq anchayin iliq taassurotlarim bor” deydi, Mirabror Usmonovni xotirlar ekan.

Norbek Niyozov. Sport jurnalisti.

O'zbekiston Futbol federaciyasiga prezident etib saylanguniga qadar Mirabror Usmonovning mamlakatda Bosh vazir o'rinbosari, Savdo vaziri, oziq-ovqat sanoatiga masul shaxs sifatida eshitgandim. Yana bir eshitganim bor ediki, u odam usta oshpaz bo'lgan. Bularning barchasi, albatta, mamlakatning obro'li insonlaridan biri, o'z sohasining professionali ekanini bildiradi. Lekin, to'g'risi, futbolga yana bir begona odam keldi, deb o'ylagandim. CHunki, futbol bu – sport. Uning ichidagi jarayonlardan esa ozmi-ko'pmi xabarim bor. Futbol bizda biznes emaski, tikkan mablag'ing foydasi bilan qaytsa! 

2000 yillar avvalida O'zbekiston futboli katta qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgandi. Terma jamoalarimizning yig'in o'tkazishlari uchun ham mablag' etishmayotgan, klublar esa og'ir moliyaviy sharoitda qolgandi. 2006 yildan boshlab O'FF prezidenti o'ta kuchli tashkilotchi rahbar ekanini ko'rsata boshladi. Federaciyaning boshqaruv tizimi o'zgardi, klublar va terma jamoalarga homiylar biriktirish bo'yicha Prezident qarorlari qabul qilindi. SHundan so'ng stadionlarning ahvoli, tomoshabinlarga sharoitlar yaratish bo'yicha ishlar olg'a siljidi. Birin-ketin yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz Osiyodan o'tib Jahon chempionatida kuchlilar qatorida etirof etildi. Yirik xalqaro musobaqalarga O'zbekiston mezbonlik qila boshladi. “Bunyodkor” klubi loyihasi u rahbarlik qilgan yillar amalga oshdi va dunyoga shov-shuv bo'ldi. Bularning barchasi Mirabror Usmonovning uzoqni ko'ra bilgan boshqaruvi samarasidir.

O'sha yillari “Mashal” radiosida ishlardim. “Arena” radioeshittirishim futbol muxlislarining yupanchi edi. Ular telefon orqali bog'lanib nafaqat futbol, balki, jamiyatdagi boshqa ijtimoiy muammolarini ham radioga olib chiqar edilar. SHu yillari Mirabror Zufarovich ushbu eshittirishning muxlisi ekanini aytib qoldi.

O'FF hisobot-saylov konferenciyasi. M.Usmonov ikkinchi muddatga saylanishi kerak. Hukumat vakillari, futbol jamoatchiligi ishtirokidagi nutqi davomida O'FF prezidenti kutilmaganda mening eshittirishimni etirof etdi.

 “Men bu “Arena” eshittirishi orqali futbolimizdagi ichki muammolarni bilib olyapman. Musulmonchilikda namoz qanchalik ahamiyatli bo'lsa, sizlarga (murabbiylarga qarata)  bu eshittirishni eshitish shunchalik muhim. Bu sizlarning ishingizga xalqning bahosi”.  


Mirabror Usmonovning bu so'zlari mening ham mehnatimga berilgan baho edi.

Mirabror Usmonov mard odam edi. Uning atrofida har xil toifalar yig'ilgan, turli fikrlarni o'tkazishga urinishardi. Matbuot, jurnalistlar esa ayovsiz tanqid qilishardi. Bazan, ulardan xafa bo'lganini ham ochiq bayon qilgan. Keyin esa, jurnalistlar bilan uchrashib, xato qilgan joylarida uzr ham so'ragan. Bu haqiqiy insoniylik namunasi edi! 

2017 yil, sentyabr. O'FF hisobot-saylov yig'ilishi Mirabror aka bir armon bilan ketayotganini, u ham bo'lsa, milliy jamoaning jahon chempionatiga chiqa olmaganini aytgandi. O'zidan keyin keladigan rahbarga u jurnalistlar bilan ochiq bo'lishni, tanqidni to'g'ri qabul qilishni, futbolga jonini bergan kadrlarni qadrlashni ham tayinladi...

O'sha zaldan chiqib ketar ekan, chetroqda turgan meni ko'rib yoniga chaqirdi. Qilgan ishlarim uchun rahmat aytdi. 

Tan olish kerak, Mirabror Usmonov boshqargan paytda O'zbekiston futbolida ulkan ishlar bo'ldi, o'nlab stadionlar qurildi, akademiyalar faoliyati yo'lga qo'yildi.

 Xullas, ish ham bo'ldi, tanqidlar ham to'xtamadi. Aslida, hech narsa bo'lmasa tanqid ham qilmas ekanmiz biz jurnalistlar.

 Endi u damlarni shirin xotira bilan eslaymiz. Har eslaganda Mirabror hoji otaning haqiga duo qilamiz"


Yuqorida Mirabror Usmonov haqidagi xotiralari, taassurotlari bilan o'rtoqlashgan barcha ustozlarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Sarvinoz Raxmonqulova, Xurshida Abdikulova. O'z JOKU talabalari.

Reyting: +1   

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing