09 noy 17:06
Yangiliklar
MOQda xalqaro mashg'ulot qatnashchilari ishtirokida matbuot anjumani o'tkazildi FOTOREPORTAJ
O'zbekiston dzyudo federaciyasi qoshidagi Dzyudo markazida o'tkazilayotgan mashg'ulotlarda mamlakatimiz sportchilari bilan birga Gruziya, Franciya, Qirg'iziston va Misr terma jamoalari ishtirok etayapti.
Takidlash joiz, Gruziya, Qirg'iziston va Misr terma jamoalari Toshkentga kuchli tarkiblari bilan kelishgan. Ularning aksariyati bugungi kunda Tokio Olimpiadasi reytingida yo'llanmalar zonasida borishmoqda. -60 kilogramm vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Luxumi CHxvimiami, eng og'ir (+100 kg) vaznda 2018 yilgi jahon chempioni Guram Tushishvili, Varlam Liparteliani, -100 kilogrammda dunyoning etakchi polvonlaridan biri, jahon chempionati sovrindori misrlik Ramadan Darvesh kabi nomdor dzyudochilar tatamida o'z mahoratlarini namoyish etishayapti.
Bugun O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasida xalqaro mashg'ulot qatnashchilari ishtirokida matbuot anjumani o'tkazildi. Tadbirda MOQ prezidenti Rustam SHoabdurahmonov, MOQ bosh kotibi, Oybek Kasimov, MOQ vice-prezidenti, O'zbekiston dzyudo federaciyasi raisi Azizjon Kamilov, murabbiylar, dzyudochilardan jahon chempionatining kumush medali sovrindori hamyurtimiz SHarofiddin Lutfullaev, Qirg'iziston terma jamoasi azosi, yoshlar o'rtasida Osiyo chempioni, Toshkentda o'tgan Osiyo Kubogi sohibi Erlan SHerov, jahon chempionati sovrindori, uch karra Afrika chempioni, Afrika o'yinlari g'olibi, misrlik Ramadan Darvesh, Rio Olimpiadasining kumush medali sovrindori, bir necha karra jahon va Evropa chempioni, gruziyalik Varlam Liparteliani hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
"Avvalambor, Toshkentdagi xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inida qatnashish uchun kelganinglar uchun rahmat aytmoqchiman. Hurmatli prezidentimiz SHavkat Miromonovichning o'zlari sportni juda yaxshi ko'radilar. Mamlakatda sog'lom turmush tarzini yanada qaror toptirishga bosh-qosh bo'layaptilar. Bu yo'lda olib borilayotgan islohotlar o'z samarasini bera boshladi. Sizlar guvoh bo'layotgan bu shart-sharoitlar o'z-o'zidan emas, albatta. Men bu erda yosh dzyudochilarni ham ko'rayapman. Jahonning ko'zga ko'ringan dzyudochilarining har bir gapini faoliyatiningizning shiori qilib olinglar. Ular bu darajalariga osonlikcha erishmaganlar. Uzoq mashaqqatli yo'lni bosib o'tganlar. Sizlarga ham Lutfullaev, Liparteliani, Tushishvili kabi nomdor dzyudochilarning yo'lini bersin", - dedi R.SHoabdurahmonov.
SHundan so'ng MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov hamda O'zbekiston dzyudo federaciyasi raisi Azizjon Kamilov ham so'zga chiqib, xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'ini, pandemik vaziyatning nafaqat dzyudo, balki barcha sport turlariga salbiy tasiri haqida gapirishdi.
"Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, dzyudochilar, murabbiylar, qadrli ommaviy axborot xodimlari! Avvalo, bizning taklifimizga labbay deb javob berib, bugungi tadbirga kelganingiz uchun federaciyamiz nomidan rahmat aytaman. SHuningdek, xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inida qatnashayotgan ishtirokchi davlat dzyudochilariga ham chaqiruvimizni qabul qilib, yurtimizga kelganliklaridan ham minnatdormiz. Butun dunyoda hukm surayotgan pandemik vaziyatga qaramay, biz Toshkentda xalqaro o'quv mashg'ulot yig'inini tashkil eta oldik. Bu borada bizga O'zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo'mitasi yaqindan yordam berdi. O'zingiz ham guvohi bo'layapsiz, mashg'ulotlar kuniga ikki mahaldan juda yaxshi saviyada o'tkazilmoqda. Buni mehmonlarimiz ham etirof etishayapti. Albatta. bularning barchasi mamlakatimizda sportga hukumat darajasida etibor qaratilayotganining maxsuli. Fursatdan foydalanib, Toshkent yig'ini orqali Osiyo, Evropa va Afrika chempionatlariga tayyorgarlik ko'rayotgan barcha dzyudochilarga bo'lajak masuliyatli musobaqalarda omad tilayman. Yana bir bor O'zbekistonga xush kelibsiz!", - dedi A.Kamilov.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida murabbiy va dzyudochilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi.
- Terma jamoamizning Budapesht "Katta Dubulg'a" turniridagi ishtirokini qanday baholaysiz?
Ilias Iliadis: To'g'ri, Vengriyadan medalsiz qaytdik. Lekin men bunda dzyudochilarni ayblamagan bo'lardim. Uzoq vaqt davom etgan karantin o'z so'zini aytmay qolmadi. Sir emas, aksariyat dzyudochilarimiz kasallikni boshdan o'tkazishdi. Ayrimlarda og'irroq ham o'tdi. Restartdagi musobaqadan tegishli xulosalarni chiqarib oldik. Nimalar ustida ko'proq ishlashimiz kerakligini yaxshi bilamiz.
A.Kamilov: Iliadisning gapiga qo'shimcha qilmoqchiman. Budapeshtda medal qo'lga kiritilmaganini to'g'ri qabul qildik. Bu erda hech kimni ayblay olmayman. Sportchi uchun sakkiz oydan oshiq vaqt mobaynida musobaqasiz hayot juda og'ir. Amaliyotning yo'qligi pand berib qoldi. Aynan shuning uchun ham biz ushbu xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inini tashkil etdik. Gruziya, Qirg'iziston va Misrning kuchli dzyudochilari bilan o'tkazilayotgan mashg'ulotlar terma jamoamiz azolari uchun juda foydali bo'lmoqda.
- Savol barcha dzyudochilarga. Toshkentda o'tkazilayotgan mashg'ulot qanday taassurot qoldirmoqda?
SH.Lutfullaev: Yana bir bor Toshkentga xush kelibsizlar! Barcha ishtirokchilar qatori men ham xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inini tashkil etib bergan mutasaddilarimizga rahmat aytaman. Bu erda Olimpiada va jahon chempionati g'olib hamda sovrindorlari jam bo'lgan. Barcha ishtirokchilar uchun foydali yig'in o'tkazilmoqda. Albatta, buning foydasi bo'ladi deb o'ylayman.
E.SHerov: Yig'in uchun rahmat. Bu erda do'stona muhit hukmron. Dzyudo bizni birlashtirdi. Hech qanday muammo yo'q. Tashkiliy masalalar alo darajada muhayyo etilgan. Men avval ham Toshkentga ko'p kelganman. Bu erda o'zimni begonadek his qilmayman. Terma jamoangiz bosh murabbiyi Ilias Iliadisni televizorda ko'rardik. Unga havas qilib, dzyudoni tanlaganmiz. Mana o'zini jonli ko'rish nasib etdi. Bitta zalda mashg'ulot o'tkazayapmiz. SHaxsan men o'zim uchun motivaciya oldim. Dunyoning kuchli dzyudochilari bilan sparring-mashg'ulotlarda tajriba to'playapmiz.
R.Darvesh: Pandemiya davrida bunday katta masshtabdagi mashg'ulotlarni tashkil etish juda mushkul. Lekin sizlar bu ishni uddaladinglar. Buning uchun jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. Toshkentga avval ham kelganman. Har safar bu erga kelish imkoniyati yuzaga kelganida, bu chorlovni bajonidil qabul qilaman. Bugungi kunda dunyoning eng kuchli murabbiyi O'zbekistonda ishlayapti. Bu dzyudochilaringizning baxti.
V.Liparteliani: Musobaqalar startiga oz qolgan bir paytda bekor bo'layotgani sportchilar uchun yaxshi emas. Birinchi galda vazn ushlash bilan bog'liq muammolar yuzaga keladi. Masalan, bizda karantinda sport zallari yopiq edi. Mashg'ulot o'tkazishning umuman iloji bo'lmadi. Asosan ko'chada yugurdik. Bu esa Budapeshtda o'z salbiy natijasini o'tkazmay qolmadi. Toshkentdagi yig'inning o'tkazilishi esa ayni muddao bo'ldi.
- Yil oxirigacha yana qanday musobaqalar o'tkazilishi rejalashtirilgan?
I.Iliadis: Hozir aniq bir narsa deya olmayman. Sababi, noyabr oyining so'nggi o'n kunligida Mo'g'ulistonda o'tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo chempionati bir oyga kechiktirilishi mumkin ekan. Yanvar oyida Qatarda musobaqa bor. Dunyoda bo'layotgan pandemik vaziyat rejalarni o'zgartirib yubormoqda.
SHuningdek, mehmonlar yosh dzyudochilarimizning savollariga ham atroflicha javob qaytarishdi. Mashhurlikka erishish yo'llari haqida o'zlarining hayotiy misollari orqali gapirib berishdi. Matbuot anjumani so'nggida O'zbekiston dzyudo federaciyasi tomonidan mehmon jamoa murabbiylariga zarbop to'n, sportchilarga esa esdalik sovg'alari topshirildi.
Malumot uchun, xalqaro mashg'ulot O'zbekiston va Qirg'iziston terma jamoalariga 26-29 noyabr kunlari Mo'g'uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik bosqich vazifasini o'tab bermoqda. Gruziyalik dzyudochilar 19-21 noyabr kunlari oralig'ida CHexiyaning Praga shahri mezbonlik qiladigan Evropa chempionatiga, Misr esa 25-26 dekabr kunlari Madagaskarda o'tadigan Afrika chempionatiga hozirlik ko'rayapti. Demak, har bir mamlakat terma jamoalarining Toshkent yig'inidan aniq rejasi bor.
Etiboringizga tadbirdan olingan suratlarni havola qilamiz:
Fikrlar