So’nggi yangiliklar

17:59Хавфсизлик кучлари Хабиб Нурмагомедовни қидиргани маълум бўлди 0 17:38"Реал" футболчиси жамоага қайтди ва унга дарҳол эшикни кўрсатишди 0 17:17IBA Серпуховда 5000 ўринли махсус арена қуради 0 16:54Девин Хэйни "таътилга чиқди", WBC Пуэлло-Мартин жангини эълон қилди 0 16:31Заурбек Сидаков фаолиятини якунлаши мумкинлиги, UFC'га ўтиш ва фуқаролигини ўзгартириш ҳақида гапирди 0 16:10ЦСКА устози Аббосбек Файзуллаевнинг Олимпиадада иштирок этиши борасидаги фикрини айтди 0 15:48Фьюри: "Усик, ортингдан боряпман" 0 15:25Тэйлор Фритц уч карра Rothesay International чемпиони! 0 15:02Дзюдочиларимиз “Осиё болалари” комплекс мусобақасининг илк кунида 5 та медаль қўлга киритишди, 3 таси олтин! 0 14:45ПСЖ Испания терма жамоаси футболчисини сотиши мумкин, Энрике бунга қарши 0 14:37Бельгиядан эксклюзив: "Formula-1" трассасига саёҳат, BMWнинг пит-стоп "хонаси" ва албатта ажойиб пойга! 0 14:19"Менда сенинг сеҳринг учун жавоб бор". Блахович Перейрага мурожаат қилди 0 13:57Касаткина Rothesay International Open ғолибаси + ФОТО 0 13:35Олимпиада лицензианти Жавраил Шапиев Каспийск турнири чемпиони! 0 13:13"Барселона" Феликсни олиб қолмоқчими? 0

03 fev 16:01
Yangiliklar

Boks/MMA

Ngannuni sotqin deb atashmoqda: Frensis uysiz payti shug'ullantirgan murabbiyidan voz kechdi, endi esa o'sha murabbiyning yangi shogirdini mag'lub qildi

Ngannuning Kamerundan qochib kelishi, murabbiyi va Siril Gan haqida.

Frensis va Gan hatto birga shug'ullanishgan.

2012 yilda 26 yoshli Frensis Ngannu narsalarini oladi va hech kimga aytmay uyidan chiqib ketadi. Bo'lajak jangchi Kamerunni tark etib, o'zining yangi hayotini qurish uchun Evropaga yo'l oladi. Biroq bu oson kechmadi. Frensis Evropaga etib olish uchun boshqa migrantlar bilan dengizni kechib o'tishiga to'g'ri keladi, bir necha oy ko'chalarni kezadi va sal qolsa ochlikdan o'lib ketishiga bir bahya qoladi. Bu hali hammasi emas edi. Frensis Ispaniyada ikki oy qamoqda o'tiradi. SHundan so'ng, qochoqlar lageriga jo'natiladi. Keyin esa Franciyadagi uysiz hayot. Ngannu Evropaga etib kelganida u Franciyadagi eng baxtli uysiz inson edi - ahir u yangi xayot uchun kerakli qadamlarni tashlay olgandi. 

Ngannuning faoliyatida eng muhim o'rinni murabbiy Fernand Lopes egallaydi. Lopes uysiz qochoqni o'z qaramog'iga oladi, unga o'z zalida bepul mashg'ulotlar o'tadi. Aynan shu inson uysiz qochoqni UFC yulduziga aylantirgandi. Ammo 2018 yilda Frensis Ngannu o'z murabbiyidan voz kechadi va shug'ullanish uchun AQSHga ketadi. 

Fernand esa bu ishni sotqinlik deb qabul qiladi va yangi bir shogirdni tarbiyalashni boshlaydi. Siril Gan - UFC 270'da Fransis Ngannu bilan jang qilib, ochkolar hisobiga mag'lub bo'lgan jangchi. Lopesning yangi shogirdi jangdan oldin favorit sifatida ko'rilganiga qaramasdan Ngannuga imkoniyatni boy berib qo'ydi.


Kamerunlik Ngannu Parijdagi bokschi bo'lish uchun zalma-zal yordam so'rab yurgan uysiz migrant edi.

Ngannu Afrikadagi hayotning barcha qiyinchiliklaridan omon qolishga erishdi: yoshligidan qum konlarida ishladi, ochlikdan aziyat chekdi. Hattoki gepatitning "B" turini ham yuqtirib oldi. Yoshligidan qarindoshlari uni kaltaklab, masxara qilishardi. Biroq Ngannuning bokschi bo'lish orzusi hech qachon so'nmadi. Frensis Mayk Taysonning muxlisi edi va 22 yoshidan mahalliy zalda shug'ullanishni boshlaydi.

Bo'lajak yulduz 26 yoshiga etganda, agar Kamerunda qoladigan bo'lsa, o'z orzulariga hech qachon etisha olmasligini tushundi va Evropaga yo'l oldi. Jangchi Parijdagi uysiz hayotini eslar ekan, u o'sha payt ham baxtli bo'lganini aytadi:

"Juda qiyin bo'lgandi. Men Franciyada hech kimni tanimas edim, pulim ham yo'q edi. Men ko'chalarda tunab yurardim. Ammo o'sha pallada ham men baxtli edim. Sababi, men o'zim orzu qilgan narsaga etishish imkoniyatini ko'lga kiritgandim".

Frensis Ngannu har kuni sportzal izlab, Parij ko'chalarida kezardi. U har bir zalga kirardi va shunday der edi: "Men yaqindagina Franciyaga keldim. Uyim ham, pulim ham yo'q. Lekin men tilanchi emasman. Menga shunchaki shug'ullanish uchun zal kerak. Sababi men jahon chempioni bo'lmoqchiman".

Kunlardan bir kun Ngannu Dide Karmon ismli murabbiyning zaliga borib qoladi. Murabbiy sportchiga kerakli sharoitni yaratib beradi. Ngannu hamon Karmondan o'shanda jangchiga 50 dollar bergani uchun minnatdor ekanligini bildiradi. Frensis bu pulga sumka, kiyimlar va sochiq sotib oladi. Karmon jangchining istedodi va kuchidan hayratga tushgan bo'lishiga qaramasdan, zaldagilar Frensisga MMA bilan shug'ullanishni maslahat berishadi. Ularning so'zlariga ko'ra, boks juda yopiq biznes va shaxsiy rekordi 0 bo'lgan, 26 yoshli jangchi bu sohada biror narsaga erishishi qiyin. Ngannu esa MMA haqida hech narsa bilmas edi. Jangchi o'z fikrida qoladi. 

"Ular menga vaziyatni tushuntirishdi. Men esa jilmayib qo'ydim. O'sha payt MMA va shunga o'xshash daxmazalarga umuman qiziqmas edim. Bu sport haqidagi suhbatlar menga juda g'alati tuyilardi. Men o'shanda hech qachon bu sport bilan shug'ullanmayman deb o'ylardim".

Frensis tinimsiz mashq qilardi, ammo muammoga duch keldi. Zal dam olish kunlari ko'pincha yopik bo'lardi va bayram kunlari ishlamasdi. Ngannu ko'chada tunashiga to'g'ri keladi. SHundan so'ng, Ngannu boshqa bir kamerunlik murabbiy Fernand Lopesni yoniga boradi. U esa dam olish kunlarisiz ishlardi.

Lopes 2000 yillarda francuz MMA olamida taniqli shaxs edi. Uning MMA-Factory nomli sport zali juda mashhur. Ngannuning Kamerundan qochib kelish tarixini eshitib qolgan murabbiy unga shug'ulanishi uchun barcha vositalarni olib beradi va zalda tunashga ruxsat beradi. Ngannuning shug'ullanishini bir necha soat kuzatgan Lopes u haqiqiy istedod ekanligini tushunadi. 

"Siz yigitlar qanday mashq qilayotganini ko'rishingiz bilan barchasini tushunib etasiz. Sehrgar emasmiz, lekin kimdadir favqulotda istedod bo'lsa, uni payqay olamiz. Ngannuda MMA uchun barcha narsa bor", -deydi Lopes.

Frensis 2013 yildan MMAda jang qilishni boshlaydi. Murabbiy Lopes esa Ngannu bundan buyon zalda tunamasligi uchun unga ijaraga uy izlab topadi. Jangchining ishlari yaxshilana boshlaydi. Unga raqib topishning o'zi qiyin bo'lib qoladi. 29 yoshga to'lgan kuni esa Ngannuni aql bovar qilmas sovg'a kutardi:

"Menga Lopes qo'ng'iroq qildi va so'radi: "Seni qanday sovg'a baxtli qilishi mumkin?". U menga kompyuter sovg'a qilmoqchi deb o'yladim. U esa men UFCdan shartnoma olganim va to'rt oydan so'ng AQSHda jang qilishim lozimligini bildirdi", -deydi Frensis Ngannu.

Frensis Luis Enrikega qarshi jangni qabul qiladi va UFC on Fox 17 turnirida raqibini ikkinchi raundda nokautga uchratadi. SHundan so'ng, jangchining fantastik faoliyati boshlanadi. Ngannu UFC tadqiqotlar markazida 1.3 tonnalik zarba berib rekord o'rnatganini qo'shimcha qilish lozim.

Ammo Lopes sezadiki, qaysidir pallada Ngannu o'zgaradi: jangchi dimog'dor bo'lib qoladi va murabbiy u uchun qilgan ishlarni etarlicha qadrlamay qo'yadi. SHon-shuhratning birinchi bosqichidayoq bu jangchining harakatlarida aks etadi va 2016 yilda u Lopesning zalini tark etadi. 

"Entoni Gamiltonga qarshi jangdan oldin men u bilan jangga bormasligimni aytdim. Men unga shunday dedim: "Men boshqa seni mashq qildirmayman. Sen zaldan ketishing kerak". CHunki Ngannu bundan oldin menga shunday degandi: "Bir yigit menga o'z zalida bepul shug'ullanishni taklif qilmoqda. Hozirda men sening zalingdagi asosiy yulduzman va zal uchun bir tiyin ham to'lamayman".

Men g'alati ahvolga tushgandim. Sababi, Ngannu biz bilan to'rt yildan beri mashq qilardi. SHu vaqt davomida biz undan sariq chaqa ham so'ramagandik. Zalimda moliyaviy qiyinchilikka uchragan juda ko'p yigitlar mashq qilishadi. Ular oyoqqa turishlari bilan zal azoligi uchun badal pulini to'lashni boshlaydilar.

Frensis bilan ham shunday kelishuv bo'lgandi. Jangchi oyoqqa turganida u menga o'z gonoraridan 10% to'lashi lozim. Bundan tashqari, azolik badali ham bor. Bilasizmi bizning zalda badal puli qancha? Yiliga 600 dollar. U esa bir tiyin ham to'lamayman dedi", - eslaydi Fernand Lopes. 

2018 yilda Ngannu va Lopes va nihoyat ajralishadi: Frensis bir yilning o'zida ikki marta mag'lub bo'ladi (Miochich va Derrik Lyuisga) va bunda murabbiylar shtabini ayblaydi. Aslida esa Miochich bilan jangda Ngannuning o'zi murabbiylar topshirig'ini buzib, nokautga oshiqqandi. Lyuisga qarshi jangni esa psixologik muammolar sabab yutqazadi. SHundan so'ng, jangchi AQSHga ko'chib ketadi. Frensis okean ortiga borib, Xtreme Couture zalining azosiga aylanadi va 2021 yilda Stipe Miochichdan og'ir vazn kamarini tortib oladi. 

CHo'qqiga chiqqan Ngannu uni uysiz qochoq maqomidan UFC yulduziga aylantirgan sobiq murabbiyi Lopesni biror marta ham eslamaydi. Bu esa murabbiyga yoqmaydi. Fernand Lopes Ngannuning sotqin deb hisoblaydi. Undan qasos olish uchun esa yangi shogird tayyorlashni boshlaydi - Siril Gan.

Gan Lopesning qo'liga tayboksdan kelgan. O'sha payt Ngannu ham Lopes bilan mashq qilardi. Ikki jangchi o'zaro sparring ham tushishgan.Siril Gan 24 yoshligida zalga kelgan. 26 yoshida esa tayboksda debyut qilgan. 2016-2018 yillarda etti marta g'alaba qozonishga erishgan. Francuz o'z mintaqasidagi chempionatda g'olib chiqqan. Ammo uning orzusi kikboks bo'yicha asosiy promoushen bo'lmish Glory'da qatnashish edi.

O'sha paytda Gan og'ir vazndan ko'ra yarim og'ir vaznli jangchiga tortardi. Aynan shu ko'rinishda u Fernand Lopesning qo'liga keladi (Sirilning do'stining otasi uni murabbiy oldiga olib keladi. Ota o'g'li bo'lajak MMA yulduzi bilan do'stlashganini o'shandayoq sezgandi). Nokautchi Ngannuni mashq qildirayotgan Lopes Sirilga unchalik jiddiy etibor qaratmagandi. Sababi o'sha payt zalga juda ko'p yigitlar chempion bo'lish orzusida kelar, murabbiy ularga imkoniyat bergani bilan unchalik ham jiddiy qaramasdi. Siril bilan esa butunlay boshqacha bo'ldi.

Siril murabbiydan Bris Gidonga (mashhur taybokschi) qarshi jangda g'alaba qozonsa, uni zalga olishini so'rab, shart qo'yadi. Lopes Gidon kuchli jangchi ekanligini bilardi va Sirilga unchalik ishonmasdi. Bir haftadan so'ng esa Siril yana zalga qaytadi va gazetada muqovasidan bir parchani ko'rsatadi. Unda shunday so'zlar yozilgandi: "Siril Gan Gidonni "parvozdagi tizza" usuli bilan birinchi raundda nokautga uchratdi". 

O'shanda Lopes tushungandiki, Siril Gan boshqacha jangchi. Murabbiy uning janglaridan olingan videolarni ko'rib, qoyil qolgandi. Ngannu bilan ishlashda davom etayotgan murabbiy ikki jangchini o'xshashligini sezgandi. Ganning imkoniyatlari ham tabiat tomonidan tuhfa etilgan, jangchi faoliyatini kech boshlagan va tajribali murabbiy uchun ajoyib homashyo edi.

Lopes Ganni zalga qabul qiladi, ammo bir shart bilan - Gap bir yil davomida jang qilmaydi. Bu muddat davomida murabbiy jangchining texnikasini rivojlantiradi va uni etuk atletga aylantiradi. SHunday ham bo'ldi: Gan bir yil tanaffus qildi va shunday so'ng tayboksda ajoyib natijalar qayd etishda davom etdi. Murabbiy tasirida esa baribir MMAga qadam qo'ydi.

Hozirgi vaqtda Ganda 10 ta g'alaba va birgina mag'lubiyat bor. Uni ham yaqindagina Frensis Ngannudan qabul qilib oldi. Siril - hozirda UFC yulduzi. Ammo u Lopesning asosiy ishongan jangchisi emas edi. Murabbiy Frensis Ngannuga asosiy urg'uni berardi. 

Barchasi Frensis Ngannu 2018 yilda Lopesni tashlab, AQSHga ko'chib ketganidan so'ng o'zgardi.

"Frensis uni ko'chadagi qochoq bo'lgan payti o'zimizga olganimizda juda yaxshi yigit edi. Keyin esa u o'zgardi. Agar siz menga u "MMA Factory" va mendan minnatdorligini aytgan birgina intervyuni topib bersangiz, men 10 ming dollar beraman", - deydi murabbiy. 

O'zining eng yaxshi shogirdi ketib qolganidan so'ng, murabbiy bor etiborini Siril Ganga qaratishni boshladi. Murabbiy Ganni sotqinlik uchun qasos oluvchi jangchi sifatida tayyorladi. Bunga bir bahya qolgandi, ammo Frensis Ngannu bunga yo'l qo'ymadi. Lopes Ganni shunchaki yaxshi jangchi emas, balki yaxshi inson sifatida ham hurmat qiladi. Siril - muloyim va sodda. Ahir u janglarga "Yaxshi yigit" taxallusi bilan chiqadi. "Murabbiylar Ngannuning sumkasini ko'tarib yurishsa, Siril bizning narsalarimizni olib yuradi", -deya fikr bildiradi Fernand Lopes. 

Sparringlarda Gan Ngannuni tezlik borasida (kuch tomonlama engilsa ham)etarlicha qiynab qo'ygandi. Ular ishtirokidagi sparring ijtimoiy tarmoqlarda tezda ommalashib ketdi. Haqiqiy jangda esa Ngannu ustun kelgani barchaga malum.

Ngannudan farqli o'laroq, Gan vaqtinchalik chempion bo'lganida birinchi bo'lib o'z zalidagilarga minnatdorchilik bildiradi. Kamarni esa Fernand Lopesning beliga taqadi. Lopes esa o'sha pallada ehtiroslarini jilovlay olmaydi. 

Aynan shuning uchun UFC 270'dagi asosiy jangi tom manoda "yondi". Ngannu Ganni nokaut qilishga vada bergandi. Ammo jang masofada kechdi. Kutilmaganda parterda ishlash sanatini namoyish qilgan Frensis Ngannu ochkolar hisobiga g'alaba qozondi.

Jalolxon Inog'omho'jaev tayyorladi.

Reyting: +7   

Fikrlar

   
03 fev 16:25:24
Mirzaev Sanjar
rahmat aka zur ciqibdi!
< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing