17 sen 15:25
Yangiliklar
Oksana CHusovitina: “Mening medallarim to'kilgan ko'z yoshlardan yasalgan”
Etiboringizga argumenti.ru saytida hamyurtimiz bilan tashkil qilingan intervyuni havola qilamiz:
"Oksana CHusovitina! Tarixda etti marta Olimpiadada ishtirok etgan yagona gimnastikachi! 1992 yil Barselonada bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarida jamoaviy yo'nalishda chempion, tayanib sakrash bo'yicha Pekin-2008 Olimpiadasida kumush medal sohibasi, 3 karra jahon chempioni, Evropa chempionati g'olibi va bu yutuqlar Oksana Aleksandrovna erishgan barcha muvaffaqiyatlar emas, ularni hali davom ettirish mumkin. Afsonaviy gimnastikachi 30 yildirki katta sportda, biroq u hamon butun dunyoni o'zining yuksak qobiliyati bilan lol qoldirmoqda. Mahoratli sportchi, go'zal ayol, mehribon ona va sevimli turmush o'rtoq. Bugun biz Oksana CHusovitinaning xayotiga nazar tashlaymiz.
“Men baxtli insonman deb bemalol ayta olaman, negaki hech qachon men boshqa ish bilan shug'ullanishim yoki boshqa yo'lni tanlashim kerak degan xayol kelmagan. Bolaligimda policiyachi bo'lishni xohlaganman, biroq bu uchun insonning “alohida” hayoti bo'lishi kerakligini tushungach, gimnastikachi bo'lishga qaror qilganman.
Maktab davrida jismoniy tarbiya darsini unchalik ham xushlamaganman. Sevimli darslarim esa matematika va adabiyot bo'lgan.
Dadam doimo yaxshi talim olmasang, sportda ham yutuqlarga erisholmaysan derdilar. CHunki miya ishlab, aqlni charxlab turmasangiz, sportda ham natijalar bo'lmaydi.
Oilamizda sportchilar yo'q. Onam sportni tanlaganimda juda hayron bo'lgan edilar. Katta opam – haykaltarosh, o'rtancha opam – tibbiyot sohasi vakili, akam – aloqa injeneri.
Ota-onam menga hech qachon baqirishmagan, aksincha, biror ishni noto'g'ri bajarsam, yotig'i bilan tushuntirishardi. Aslida, men yoshlikdan juda faol va harakatchan bo'lganman. Masalan, ko'chaga chiqib kuchuklarni bir joyga to'plardim va aravachaga o'tkazib, ularni uyga olib kelardim.
Onam har doim sport bilan shug'ullanishimga qarshi bo'lganlar. Hattoki menga pianino olib berishgandi. Malum vaqt raqs to'garagiga olib borishga ham harakat qilishdi.
Menda sportga qobiliyat bo'lgan deb aytolmayman. Men shunchaki tez yugurardim va yaxshi sakrardim. Sport mashqlarini maromiga etkazib bajarish mendan katta mashaqqat talab etardi. Dadam “biror ishni boshladingmi, oxirigacha etkaz”, deb takidlardilar.
Meni shunday tarbiya qilishgan: murabbiy biror mashqni 10 marta qilishni buyursa, 12 marta bajarardim, shpagatda 5 daqiqa o'tirish kerak bo'lsa, ko'proq o'tirardim. Mashg'ulot zalida murabbiy doim haq va u eng asosiy odam hisoblanadi.
Agar murabbiy senga ahamiyat bersa – bu yaxshi, demak, u sendan harakat va muvaffaqiyat kutadi, bordiyu sen uning etiboridan chetda qolsang, ana shunisi yomon.
Murabbiy doimo sportchining imkoniyatlarini ko'ra biladi va behudaga tanbeh bermaydi. Ota onalarga esa farzandi va murabbiyning o'rtasidagi munosabatga aralashmaslikni maslahat berardim. Masalan, farzandingizni jarrohga olib borsangiz, uni qanday davolash kerakligi haqida aytmaysizku. Har birimiz o'z vazifamizni bajarishimiz lozim.
Agarda hayotimni yana boshidan yashash imkoni berilganda, men yana xuddi shunday yashardim. Faqat o'g'lim kasal bo'lmasligini va dadam mening Olimpiadadagi yutug'imni ko'rishlarini istardim.
Mening medallarim mehnat, qatiyat va bazida to'kilgan ko'z yoshlardan yasalgan.
Men uchun eng esda qolarli Olimpiada Pekin-2008 bo'lgan. Biroq men u o'yinlarda kumush medal sovrindori bo'lganim uchun emas, Pekindan qaytgach o'g'lim bilan shifoxonada navbatdagi tekshiruvdan o'tishimiz lozim edi. Hayriyat-ki, shifokor o'g'lim Alisherning sog'lomligini va biz boshqa shifoxonada qolishimiz shartmasligini aytishdi.
O'g'lim 3 yasharligida leykemiya bilan kasallandi. Avvallari bu kasallikka duch kelmagandim, o'g'limning xastaligiga ishonolmadim. Biroq turmush o'rtog'im bilan tezda o'zimizni qo'lga olib, qaerda va qanday davolash, kasallik bilan kurashish haqida o'ylay boshladik. Barcha yaqinlarimiz bizga yordam qo'lini cho'zishdi.
Kasallik statistikasini ko'rdim, biroq ichimda barchasi o'tib ketishi va farzandim tuzalishiga ishonardim, doimo o'g'lim bilan hammasi yaxshi bo'lishini bilardim.
Kasallik bilan to'qnashgan insonlarga esa turli xil internet manbalarga ishonmaslikni va o'zboshimchalik bilan davolanmaslikni maslahat beraman. Albatta, shifokorlarga murojaat qilish kerak. O'g'lim xastaligida kasallik haqida hech qanday malumotlar o'qimasdim, bunday narsalar insonni yanada xavotirga tushiradi. SHifokorlarga o'z vazifalarini bajarishda halaqit bermaslik kerak, deb o'ylayman.
Hech qachon ortga qaramayman. Nimaiki bo'lsa ham – bari ortda qoladi. Menga oldinga qarab yashash, intilish yoqadi.
Qo'lga kiritgan medalim bilan g'ururlanaman, chunki unga o'zim etishdim, uni menga hech kim sovg'a qilmagan va sotib olib bermagan.
Menimcha, sportdagi eng katta yutug'imga hali erishmadim. Men bu yutuq sari odimlayapman. Bu mening orzuim va maqsadim. Ayol sifatida men judayam baxtiyorman, negaki meni qo'llab-quvvatlaydigan oilam bor.
Men sportchilik faoliyatimni davom ettirishim uchun turmush o'rtog'im sport sohasini tark etdi. Men undan butun umr minnatdorman, bilmadim, men xam shunday yo'l tuta olarmidim? Bu qarori bilan turmush o'rtog'im menga butun umrga tatigulik sovg'a hadya etdi.
Muvaffaqiyatlarim kaliti – bu meni qo'llab-quvvatlaydigan oilam borligida. Sevimli umr yo'ldoshim va farzandim. Har bir musobaqamdan so'ng o'g'lim menga qo'ng'iroq qilib “Oyijon yaxshimisiz, hech qaeringiz lat emadimi”, deb so'raydi.
O'g'lim mustaqil yigit. Ota-ona sifatida biz maslahat berishimiz mumkin, biroq tanlash huquqi farzandimda, uning o'zi qaror qabul qilishi kerak.
Men hech qachon Olimpiya o'yinlari chempioni bo'lishni orzu qilmaganman. Hatto yoshligimda televizor orqali gimnastikachilarning chiqishlarini tomosha qilgan paytlarimda ham. Mashg'ulotlarni boshlagan paytim mashhur gimnastikachilar haqida hech qanday malumotga ega emasdim. Lekin terma jamoa tarkibiga kirgan, barchasini bilib oldim.
Faqatgina yakshanba kuni dam olaman, agarda tug'ilgan kunim yakshanbaga to'g'ri kelmasa – demak men zalga, mashg'ulot o'tkazish uchun boraman.
Tan olaman – yugurishni unchalik yoqtirmayman. Undan ko'ra sakrash ko'proq yoqadi.
Barcha narsani istemol qilishim mumkin, lekin meyorida. Har kuni – bir bo'lakdan shirinlik eyman.
Karantin davrida muzqaymoqdan turli xil kokteyllar tayyorlashni o'rgandim, hatto kafe ochsam ham bo'lsa kerak (kuladi).
Kelajakda bolalarga murabbiylik qilishni, ularning yuragida sportga mehr uyg'otishni xohlayman. Nafaqat gimnastikaga, balki umuman sportga».
Fikrlar