30 okt 16:01
Yangiliklar
O'zbek sportida yana mojaro: Bosh prokuratura qalbaki hujjatlar bilan OTMga qabul qilingan soxta sportchilarni fosh qildi
Yoshlarning sport sohasidagi yutuqlarini munosib rag'batlantirish maqsadida musobaqalar g'oliblarini davlat oliy talim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish tizimi joriy etilib, o'tgan uch yilda 4 ming nafar abiturient bu imkoniyatdan foydalandi.
O'rganish jarayonida malum bo'lishicha, sport musobaqalarini o'tkazish va iqtidorli sportchilarni tanlab olish va imtiyoz berish tizimini tartibga solishda quyidagi jiddiy muammolar aniqlangan:
1. Sport sohasi vakillariga imtiyoz berishdan pirovard maqsad Olimpiya va Paralimpiya o'yinlari, jahon chempionatlariga iqtidorli sportchilarni tayyorlash va yuksak natijalarga erishishdan iborat bo'lsa-da, biroq ko'p hollarda imtiyozlar “ayrim yoshlar” uchun o'qishga kirish vositasiga aylanib qolgan.
2018 yilda 421, 2019 yilda 1 213 va 2020 yilda 2 367 nafar yoshlar sportdagi yutuqlari uchun imtiyozdan foydalanib, oliy talim muassasalariga o'qishga kirgan bo'lib, o'tgan 3 yilda imtiyozdan foydalanuvchilar salmog'i 5 barabarga ortgan.
SHuning barobarida, imtiyozdan foydalanuvchilar sonini suniy oshirish maqsadida ayrim sport musobaqalarining soni ham orttirilgan.
Jumladan, imtiyoz beruvchi olimpiya va paralimpiya sport turlari bo'yicha 2018 yilda 206 ta musobaqa o'tkazish belgilangan bo'lsa, bu ko'rsatkich joriy yilda 296 tani tashkil etib, 30 foizga oshgan. Bu o'z navbatida, g'olib va sovrindorlar sonini ham ortishiga olib kelgan.
Masalan, kalendar rejaga muvofiq 2018 - 2021 yillarda basketbol, voleybol va chim ustida xokkey bo'yicha respublika chempionatlari 146 ta o'tkazilishi lozim bo'lsada, amalda ikki barobar ko'p (273 ta) o'tkazilgan.
Natijada, bu sport turlari bo'yicha imtiyoz asosida o'qishga tavsiya etilganlar ham yilma yil ortib borgan (2018 yilda – 18, 2019yilda – 82, 2020yilda - 295 va 2021yilda - 308 nafar).
Biroq, xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz natijalari aksincha, pasayib bordi.
Masalan, 2018 yilda imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilingan sportchilarning 44 nafari yoki 10,5 foizini Osiyo va jahon chempionati g'olib va sovrindorlari tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilga kelib bu ko'rsatkich keskin kamayib 13 nafar yoki 0,6 foizni tashkil etgan.
2. Mutasaddi vazirlik va sport federaciyalari ham imtiyozdan o'qishga kirish “vositasi” sifatida foydalanish uchun keng imkoniyat yaratib bermoqda.
Milliy chempionatlarni tashkil etish va o'tkazish jarayoni xalqaro standart va talablarga mos kelmaydi.
Masalan, 2018 - 2021 yillarda o'tkazilgan 698 ta milliy chempionatdan 269 tasi yoki 38 foizi dastlabki saralash, yani tuman-shahar bosqichlarisiz o'tkazilgan. Oqibatda, olis hududlardagi iqtidorli yoshlarning mazkur musobaqalarga jalb etish va imtiyozdan foydalanish huquqi cheklangan. Yoki, milliy chempionatlarni o'tkazishda barcha hududlar birdek qamrab olinmagan.
Ushbu davrda o'tkazilgan 698 ta chempionatlarning 221 tasida (31,6%) hududiy jamoalarning yarmi ham ishtirok etmay, nomigagina tashkil etilgan.
SHuningdek, milliy chempionatlarni o'tkazish jarayonlarini elektronlashtirish, video va foto - tasvirga olish tizimli yo'lga qo'yilmasdan, barcha hujjatlar qog'oz shaklida yuritib kelingan. Bu esa, musobaqalar natijalarini jamoatchilik uchun ochiq va shaffof bo'lishini taminlamay, ayrim sport murabbiylari tomonidan musobaqa natijalari soxtalashtirishiga imkon yaratgan.
Masalan, birgina 2020 yilda 31 nafar sportchi qalbaki hujjatlar asosida oliy talim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinganligi aniqlangan.
SHu bilan birga, joriy yilda o'tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda voleybol musobaqalari natijalari bo'yicha haqiqatda g'oliblikni qo'lga kiritmagan 7 nafar sportchiga imtiyozlar taqdim etilgan. Yig'ilishda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o'tkazilayotgani aytildi.
3. Oliy talim muassasalariga kirish uchun imtiyozli asosda tavsiya etilgan 1 921 nafarsportchi kasbiy (ijodiy) imtihondan o'tkazilgan.
Natijalarga ko'ra, ishtirokchilarning 213 nafari(11 foizi) maksimal ballning 36 foizini ham to'play olmagan bo'lsa, 41 nafariijodiy imtihon talablariniumuman bajaraolmagan.
Bunday holatlar asosan chim ustida xokkey (19 nafar), taekvondo (21),eshkak eshish (65) va futbol (70) sport turlarida kuzatilgan.
Yoki, g'olib va sovrindorlarning 147 nafari turli bahonalar (hozirda sport bilan shug'ullanmay qo'yganligiva hk.) bilan imtihonlarda ishtirok etmagan.
Milliy chempionatda sovrinli o'rinlarni egallagan “sportchilar” o'z yo'nalishida ijodiy imtihondan o'ta olmaganligi ushbu musobaqalar va ularning natijalari bo'yicha tegishli xulosa qilishga asos bo'ladi.
4. Sohada berilayotgan imtiyozlarning qonun osti hujjatlarida belgilanayotganligi va ko'p marotaba o'zgarayotganligi muammolarga olib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Konstituciyaning 18 - moddasiga asosan, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanadi.
Hozirda sport sohasidagi yutuqlari uchun imtiyozlar 4 ta qonun osti hujjatlarida belgilanib, deyarli har yili imtiyozlarning qo'llanilishi bo'yicha yangicha tartiblar belgilangan.
Bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasi aksariyat mamlakatlarda sport sohasi bo'yicha imtiyozlar qonunlarda belgilanganligini ko'rsatdi.
Manba. Yuqoridagi keltirilgan barcha malumotlar Turizm va sport vazirligida Bosh prokuratura tomonidan sport musobaqalarining g'olib va sovrindorlariga oliy talim muassasalariga kirish imtiyozining berilishi ahvoli bo'yicha o'tkazilgan o'rganishlar natijasiga bag'ishlangan yig'ilishda aks ettirilgan.
Mirali Boymurodov tayyorladi
Fikrlar