25 jan 18:04
Yangiliklar

O'zbekistonga Osiyo o'yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan bokschi - Alisher Avezbaev bilan INTERVYU
Ushbu safar davomida O'zbekiston boks federaciyasi Qoraqalpog'iston bo'linmasiga yangi rais tayinlandi. Bo'linmaning navbatdan tashqari konferenciyasida O'zbekiston tarixida Osiyo o'yinlarida birinchi oltin medalni qo'lga kiritgan bokschi, Xirosima-1994 o'yinlari chempioni Alisher Avezbaev ham qatnashdi. Fursatdan foydalanib, O'zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati sobiq bokschimiz bilan intervyu tashkil etdi.
- Assalomu alaykum Alisher aka. Suhbatga rozilik berganingiz uchun tashakkur. Sizni bugungi muxlislar u qadar yaxshi tanishmaydi. Ammo bilamizki, mustaqil O'zbekiston uchun Osiyo o'yinlaridagi ilk oltin medalni aynan siz 1994 yili qo'lga kiritgansiz. Bugungi kunda nimalar bilan bandsiz?
- Ayni paytda Xo'jeyli shahridagi bolalar va o'smirlar sport maktabida metodist sifatida faoliyat olib bormoqdaman. O'zim ham aynan Xo'jeylida tug'ilganman. Murabbiylik faoliyati bilan ham shug'ullanib turibman. SHogirdlarim Qoraqalpog'iston miqyosidagi musobaqalarda chempion ham bo'lishgan. Sizlarni Qoraqalpog'istonda ko'rib turganimdan xursandman.
- Alisher aka, siz Qoraqalpoq boksining yaqin o'tmishdagi yorqin namoyondalaridan birisiz. Keling, faoliyatingizdagi eng yorqin damlar - 1994 yilgi Osiyo o'yinlarini yodga olamiz.
- 1994 yilni eslasak, Vladimir Nikolaevich SHin boshchiligida ajoyib terma jamoa shakllangandi. Jamoadagi yigitlar bilan ahil, inoq mashg'ulotlar o'tkazardik. Biz Xirosimadagi Osiyo o'yinlariga borib, ajoyib natija qayd etgandik. Terma jamoaga oltin medal keltirganimdan juda xursandman. O'sha musobaqadan so'ng hukumat tomonidan "Jiguli 06" avtomashinasi bilan taqdirlangandim.
- Aynan qaysi natijalaringiz, ko'rsatkichlaringiz evaziga terma jamoa murabbiylari nazariga tushgansiz?
- 1991 yildan keyin to'rt marotaba O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritganman. SHuningdek, bir qator xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashganman. Ushbu omillar murabbiylarning qiziqishiga sabab bo'lgan deb o'ylayman.
- O'sha Osiyo o'yinlaridagi janglar haqida ham gapirib bering.
- U erga Qozog'iston terma jamoasi bokschilari favorit sifatida tashrif buyurishgandi. Lekin kutilmaganda Xitoy, Filippin kabi bokschilar katta qarshilik ko'rsatishgan. Dastlabki jangimda Nepal bokschisini birinchi raunddayoq yutganman. Yarim finalda xitoylik bokschi bilan jang qiyin kechgan. Ammo shunday bo'lsada jangni o'z foydamga hal qila olganman. Finalda esa Saudiya Arabistoni terma jamoasi bokschisini uchinchi raundda nokaut evaziga taslim etganman.
- O'sha musobaqada siz va Oleg Maskaev terma jamoamizga oltin medalni taqdim etgansiz. O'sha vaqtdagi terma jamoamiz tarkibi, jamoadagi muhit, murabbiylar haqida gapirib bera olasizmi?
- Dilshod Yorbekov, Muhammadqodir Abdullaev, Nariman Ataev, Ikrom Berdiev Hikmatillo Ahmedov, Farhod Bakirov, Uyg'un Siddiqov kabi bokschilar bilan qatnashgandik. Tarkib ajoyib edi. Ammo ko'plab oltin medallar qo'lga kiritishimizga nimadir halal berib qolgan.
- Yaqin orada Qoraqalpog'istondan yana Osiyo o'yinlari, Osiyo chempionati, Olimpiya o'yinlari sovrindorlari etishib chiqishi uchun nimalar qilish lozim deb o'ylaysiz?
- Mana O'zbekiston boks federaciyasining Qoraqalpog'iston bo'limiga yangi rahbarlar tayinlandi. Saken Polatov boshchiligidagi federaciya rahbariyati tomonidan ham qoraqalpoq boksiga etibor kuchaytirilishi takidlandi. Ular sport zallari, ringlarimizni ko'rib tegishli tavsiyalarni berishdi. Kerakli yordam ko'rsatilishi aytib o'tildi. SHuningdek, yaqinda bo'linmamizga saylangan Baxtiyor Panaev tomonidan yangi boks markazi barpo etilishi malum qilindi. Bunday etibor, yaratilayotgan sharoit orqali ko'zlagan maqsadimizga erisha olamiz deb o'ylaymiz. Bizda salohiyati yuqori bo'lgan yigitlar ko'p. SHu kunlarda bo'lib o'tgan uchrashuvlar, o'zgarishlar kelajakda Qoraqalpog'istondan ham Olimpiya, jahon chempionlari etishib chiqadi deb o'ylayman. Maqsadimiz - Parijda o'tkaziladigan Olimpiya o'yinlarida terma jamoamiz tarkibiga qoraqalpoq o'g'lonini tarbiyalab berishdir.
- Tan olishimiz lozim, so'nggi paytlarda Qoraqalpog'iston Respublikasi vakillari O'zbekiston chempionatlarida u qadar o'zlarini ko'rsata olishmayapti. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
- Kattalarni nazarda tutayotgan bo'lsangiz, to'g'ri. Oxirgi paytlarda kattalar o'rtasidagi O'zbekiston chempionatlarida qoraqalpog'istonlik bokschilar etirof etishga arzirli natijalar ko'rsata olishmadi. Lekin o'smirlar va yoshlarda sovrindor bokschilarimiz bor. Ammo ularga yaxshilab etibor qaratish lozim. Ular ichida hayot tashvishlari bilan boksni tashlab ketadiganlar ham bo'ladi. Bu oldimizda turgan muammolardan biri. O'ylaymanki, endilikda bu borada ham yosh bokschilarimizga to'g'ri yo'nalish ko'rsatiladi.
- Ammo shuni alohida qayd etishimiz lozimki, qoraqalpog'istonlik qizlar Respublika miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etishmoqda. Respublikadagi ayollar boksi haqida ham ikki og'iz fikringiz.
- Darhaqiqat, Qoraqalpog'iston qizlari Respublika miqyosidagi musobaqalarda aytishga arzigulik natijalar qayd etishmoqda. Bu O'zbekiston boks federaciyasi rahbariyati tomonidan ham etirof etildi. Yaxshi bilasiz, Olimpiya o'yinlarida ayollar vaznlari ko'paymoqda. SHuni etiborga olgan holda, ayollar boksini yanada rivojlantirishimiz lozim. Bu borada ishlar yanada jadallashishiga ishonaman.
Fikrlar