16 may 09:28
Yangiliklar
"Qozog'iston madhiyasi har safar yakuniga etmadi, uni muxlislar yakunlashdi". Jahon chempionatidan keyingi taassurotlar
Sport jurnalisti sifatida faoliyat yuritayotganimga ko'p bo'lgani yo'q. Atiga bir yil bo'ldi. Lekin etti yoki sakkiz yildan buyon unga muxlisman. Boksga qiziqishim ko'plab yoshlar singari 2016 yilgi Rio Olimpiadasida boshlangan. O'shanda Hasanboy, Murodjon, SHahram, Bektemir, Fazliddin akalarning janglarini ko'rib, ilk bor o'zbekligimga faxrlanganim esimda. Aslida, futbol jurnalisti bo'lish niyatim bor edi. Bolalagimda dadam bilan internet-kafega borardik, yangiliklarni o'qish uchun. Esimda, o'shanda faqat uff.uz va championat.asia'ni o'qir edik. Ammo taqdir hozircha futbol bilan ro'baro' keltirmadi. Hozir futboldan juda yiroqlashib ketganman, har hafta faqat "Bunyodkor"ning o'yinini tomosha qilaman, bu ham bolalikdan qolgan meros.
Umumiy sport jurnalistikasiga keladigan bo'lsak, boshida qo'limdan kelishiga zarracha shubha qilmagan edim, o'zimga ishonchim baland edi. Ammo deyarli yarim yilni men jarayonga kirishib olish uchun sarfladim, bu katta vaqt edi. O'tgan yilgi Islom birdamlik o'yinlaridan keyin deyarli hech qanday kompleks musobaqa bo'lmadi. Bu ham juda katta vaqt. Ammo men ayni formaga kirib borayotgan paytga (har holda o'zim shunday deb o'ylayman) Toshkentda boks bo'yicha jahon chempionati (!) to'g'ri kelib qoldi. Ikki hafta davomida mazza qilib ishladim, bir nafar bo'lsa ham xorijiy hamkasbim bilan tanishdim, u bilan yaxshi munosabatda bo'ldik, kecha ham yaxshi xayrlashdik.
Turnir taassurotlariga kelsak, u umuman men kutgandek, nomiga monand ravishda o'tmadi. Balki, AQSH, Britaniya, Germaniya kabi yirik mamlakatlarning kelmagani sezilgandir, yana kim bilsin. Tashkilotchilik borasida juda oqsash bo'ldi, bu borada futbol bo'yicha o'tkazilgan U-20 Osiyo chempionati tashkilotchilari boks bo'yicha jahon chempionati "organizator"lariga hatto dars o'tishi mumkin, nazarimda.
O'z sohamiz bo'yicha olib qaraydigan bo'lsak, boks mundialini o'zbek internet jurnalistikasining atigi ikki vakili Sports.uz va Olamsport.com muntazam arenadan yoritib bordi. Bu menimcha, juda kichik raqam.
Turnir davomida bir necha marotaba o'zbek-qozoq qarama-qarshiligi bo'lib o'tdi, ularning uchtasida o'zbeklar, qolgan uchtasida esa qozoq bokschilarining qo'li baland keldi. Ammo Qozog'iston boks oilasi nafaqat jang, balki boshqa jihatlarda ham bizdan ustunroq bo'ldi. Muxlislik, matbuot xizmatining ishlashi. Ha, menda aynan shu ikki jihat Qozog'istonga bo'lgan hurmatimni yanada oshirdi.
- Turnir O'zbekistonda o'tkazildi. Toshkent, "Humo Arena". Ammo musobaqaning deyarli 14 kunida arena qozoq muxlislari bilan to'ldi (Bahodir Jalolovning jangidan tashqari). SHaxsan o'zim Qozog'istondan kelgan muxlislar bilan gaplashdim, chipta olishlariga yordamlashdim, ularning munosabati juda iliq. Yani, arenaga faqat O'zbekistondagi qozoq millatiga mansub muxlislar emas, Qozog'istonning o'zidan ham talaygina muxlis keldi. Har bir qozog'istonlik bokschi ringga chiqadigan payt muxlislar bir tan-u, bir jon bo'lib, arenani "yondirishdi". Eng qizig'i, finallar kunida to'rtta oltin medalni qo'lga kiritgan qozoq bokschilari sharafiga yangragan Qozog'iston madhiyasi bo'ldi. Buni arenadagilar his qildi. Madhiya har safar yakuniga etmadi, uni muxlislar yakunlashdi. Qanday ajoyib! (Abdumalik Xalokov sharafiga yangragan madhiyamizda o'zbekligimdan g'ururlanib, endi madhiyamizni aytmoqchi edim, tepamda turgan federaciya operatori o'tirib madhiya aytishimni so'rayapti (Keyinroq, oltin olgan Ruslan ham jiim turibdi madhiya payti. Juda achinarli hol! Ko'pchilik uchun Vatan bu bir sarob tushunchadek bo'lib qolibdi. Afsus!
Bundan tashqari, yana shuni aytish kerakki, bizda muxlislarni arenaga chorlash uchun etarlicha ishlar qilinmadi, chog'i! To'g'ri, Murodjon Ahmadaliev ishtirokida roliklar suratga olindi, u rolik hamma joyda aylantirildi, lekin buni foydasi bo'ldimi? 10 kun tekin qilindi, keyingi kuni bo'm-bo'sh arenada chorak final janglari o'tkazildi. Bu ham minus tomonlardan biri bo'ldi. Qo'shimchasiga, arenada ovqatlanish uchun ham sharoit yaxshi yo'lga qo'yilmaganini hind hamkasbim yozishimni so'ragan edi va bu ayni haqiqat. Boksga kelganlarning juda ko'pchiligi shunchaki engil tanovul qilish uchun Beshyog'ochdagi somsaxonaga borib kelishdi har safar. To'g'ri, arenada ham oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi, ammo juda qimmat narxda. Meni turnirning ilk kunlarida arenaning fan-shop zonasi qiziqtirgan edi. U erda boksga oid turli ekipirovkalar, O'zbekiston va boshqa terma jamoalarni qo'llab-quvvatlash uchun turli bayroq va liboslar sotilayotgan edi. Ajoyib, ammo siz bitta kepkani 200 ming so'mga katta ehtimol bilan sotib olmaysiz. Har holda menda shunday. - Matbuot xizmati. Qozog'iston boks federaciyasi musobaqaga o'zi bilan matbuot xizmatining uch ikki nafar azosini olib kelgan. Bu matbuot xizmati kelib, shunchaki bokschilarining natijalarini yozmadi, deyarli har kuni jang qilgan bokschilari bilan katta intervyular, qiziqarli kontentlar tayyorladi. Musobaqaning so'nggi kunlarida hatto bir qancha saytlaridan ham vakillar kelib ishlashdi. Rossiyada ham shunday, federaciyadan tashqari kamida ikkita nashr ishladi. Kubalik sharhlovchichi esingizdami? Bizda esa shuncha narsadan pul ayamaydigan federaciya matbuotiga kelganida "qisiq" ekani bilindi. Vaqtinchalik ishchilar evaziga yoritildi bizda bu turnir. Federaciya matbuot xizmatidagi yagona xodim esa o'ziga aloqador bo'lmagan ishlar bilan ham band bo'lganligiga bir necha bor guvoh bo'ldim. Xususiy OAV sifatida ikkita sayt ulardan yaxshiroq yoritdik, deya olaman. Va aslida shunday bo'lishi ham kerakdek. Ammo dunyoda axborot asri, qolaversa suniy intellekt jurnalistikani chetga surib chiqarayotgan bir paytda O'zbekistonda sport federaciyalari hali hanuzgacha matbuot xizmatiga etarlicha etibor qaratmasligi kishini o'ylantiradi. Eng qizig'i, biror federaciya haqida tanqidiy material chiqarilsa, bizda raddiya yoki tushuntirish ham berilmaydi, bunga tennis federaciyasi yaqqol misol. Tennis haqida yozganlarimning barchasi etiborsiz qoldirilganidan keyin, Iroda To'laganovani o'ziga yozgandim, baribir etiborsiz qoldirildi (Mayli, mavzudan chetlashmaylik, nima bo'lganda ham turnir jarayonida qo'lidan kelganicha ishladi hamma.
- Afsuski, jurnalist sifatida ham, inson sifatida ham "o'stirgan" ilk jahon chempionatim juda tez yakunlandi. Endi har kuni kulib turadigan hind "brat" ham, Xabibning "jinnicha" galereyalari ham, Rishi Paniker ham uzoq muddatga yo'q bo'ladi...
- No, shu ikki hafta men uchun ikki oydek qiziqarli, ammo juda tez o'tdi. Rahmat:)
Yoza olmagan gaplarim juda ko'p, ko'rishganda aytib berarman...
Fikrlar