15 sen 11:34
Yangiliklar
Salesforce FIDE Jahon chempionati 2026: Sana, format va mukofot jamg'armasi tasdiqlandi
Mazkur nufuzli uchrashuv SHveycariyaning Jeneva shahridagi Martin Bodmer jamg'armasi muzeyida 22 noyabrdan 13 dekabrga qadar bo'lib o'tadi. Bu shaxmat bo'yicha jahon chempionati bahslarini 2004 yildan beri ilk bor SHveycariyaga qaytaradi.
Musobaqa dasturi 22 noyabr kuni ochilish marosimi bilan boshlanib, ilk klassik o'yin 24 noyabrga belgilangan. So'nggi klassik partiya 11 dekabrda o'tkaziladi, zaruriyat tug'ilganda esa tay-breklar 12 dekabrga ko'zda tutilgan. Gukesh Dommaradju ham, Javohir Sindarov ham uchrashuv boshlanishida 20 yoshda bo'ladilar, bu esa shaxmat tarixidagi eng yosh jahon chempionati musobaqasi bo'lishini taminlaydi.
SHuningdek, Javohir Sindarov O'zbekiston tarixida mutlaq jahon chempionati unvoni uchun o'yin yo'llanmasini qo'lga kiritgan ilk shaxmatchidir.
Uchrashuv ko'pi bilan 14 ta klassik o'yindan iborat bo'lib, 7.5 ochkoga etgan birinchi o'yinchi chempionlik unvonini qo'lga kiritadi. Agar hisob teng kelsa, g'olib tay-breklar orqali aniqlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg'armasi 2,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Fikrlar