23 apr 16:17
Yangiliklar
SHahrisabzda kurash bo'yicha O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun tashkil qilingan xalqaro musobaqa yakuniga etdi
Ishonmaysizmi, endi oyoq chiqargan, tetapoya bo'lib yuradigan, chuchuk tilli, g'udranib gapiradigan ikki o'g'il bolani egniga choponcha kiydirib, belini belbog'cha bilan mahkam bog'lab o'rtaga chiqaringda, ha olish, deb o'zingiz bir chetda tomosha qiling.
Hali rosmana kurash nimaligini eshitmagan, hatto tushida ham ko'rmagan bolakaylar dap-durustdan bir-birovining yoqasidan olib, burab siltab, avval o'ng oyog'ini uzatib, chil solib, yiqitishga harakat qiladi. Yiqitsa mag'rur, yiqilsa kurashga to'ymay talab solganini ko'rsangiz, yo tovba deb yoqa ushlaysiz.
Mabodo, siz ham bu mo'jizani kuzatmagan bo'lsangiz, uyga boringda ikki o'g'lingiz bo'lsa, yoki qo'shni bolalar bo'ladimi kurashtirib ko'ring. Ha, polvonlik o'zbekning qonida bor. Bunga hech qanday shak-shubha yo'q.
Tarixlarning eng qadimiysi, eng o'qimishlisi, eng ishonchlisi, eng o'lmas-netmasi bu xalq og'zaki ijodi. Yozma tarixiy manbalar bor. Biroq ular juda oz, o'qilishi, ommaviylashishi qiyin. O'zbek xalq og'zaki ijodi - qo'shiqlari, ertaklari, ayniqsa, dostonlari millat tarixining biroz jonli, shirali qilib yozilgan, tarjimasiz o'qiladigan va eshitganga kuchli tasir qiladigan tarixdir.
Deyarli barcha polvonlikni, zo'rlik va bahodirlikni ideal tuyg'u darajasiga ko'targan o'zbek xalq dostonlari agar do'mbira jo'rligida baxshi - shoirlar tomonidan maromiga etkazib kuylansa, beixtiyor o'rningdan turib ketging, dunyoni bag'ringga bosib, dast ko'targing kelganini sezmay ham qolasan. "Alpomish", "Go'ro'g'li" kabi dostonlarni eshitib ko'rsangiz bunda bosh qaxramonlaraning hamisha halol kurash va bahodirlik tufayli murod va maqsadlariga etadilar.
Demakki, xalqimizning azaliy orzusi - o'z orasida hamisha kuchlilar etishsa, kuragi erga tegmaydigan polvonlari ko'p bo'lsa, dunyo xalqlari orasida hamisha mag'rur va g'olib bo'lsa. O'zbek o'g'lini suyib erkalasa "polvonim", deydi. Ovulidan zo'r chiqmasa, armonim deydi. Dunyo tarixida o'zbek hech qachon polvonsiz qolmagan.
Buning isbotini yana olis o'tmishdan emas, SHahrisabz shahri mezbonlik qilib kelayotgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha Amir Temur xotirasiga bag'ishlangan ananaviy xalqaro turnirni ko'rib, kuzatib ham bilib olish mumkin. 1992 yil ilk bor SHahrisabzda Sohibqiron bobomiz tavvalud ayyomi arafasida turnir tashkil etilgan edi. Unda barcha viloyatlarimiz va xoriyjiy davlatlardan eng sara polvonlar ishtirok etib, bosh sovrin uchun bellashishgan. Ilk turnirda hamyurtimiz Muhammadqodir Pirmatov 2004-2008 yilda Abdulla Tangriev, 2012 yilda Samijon Ubaydullaevlar mutloq vaznda g'oliblikni tantana qilishgan.
O'tgan haftaning 20-21 aprel kunlari SHahrisabz shahridagi “Hisor” stadionida o'tkazilgan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha Amir Temur xotirasiga bag'ishlangan ananaviy VII Xalqaro turnir bo'lib o'tdi. Mazkur xalqaro turnirda 30 ga yaqin davlatlardan 160 nafardan ortiq polvonlar ishtirok etdi.
Turnirda erkaklar 73, 81, 90 hamda mutloq vaznda kuch sinashishgan bo'lsa, ayollar 57 va 78 kilogramm vazn toifalarida g'oliblik uchun gilamga chiqishdi. SHuni mamnuniyat bilan aytish lozimki, xalqaro turnirga tayyorgarlik ishlari ko'taringki ruhda olib borilganini er sharining besh qitasidan tashrif buyurgan mehmonlarning yuz-ko'zlaridan ham bilib olish mumkin edi.
SHahrisabz shahri ko'chalari, mahalla va xiyobonlari, ziyorotgohlari yanada obodonlashtirilgan. Yo'l chetlaridagi minglab turfa anvoyi gullarning chaman bo'lib ochilib turishi esa "Xush kelibsiz ko'hna Keshga", "Xush kelbsiz kurash vataniga" degandek guyo. "Hisor" stadionida tubdan tamirlash ishlari qilingan. Yangidan o'rnatilgan zamonaviy yoritgichlar butun stadion bo'ylab porlab turibdi. Maydonning ikki chetida o'rnatilgan o'tovlar ham kurash bayramiga yaroshiq. O'rtada esa katta sahna. Uch qismga bo'lib to'shalgan kurash gilamlari alplar olishuviga elka bo'lishga shay.
20 aprel kuni birin-ketin kutib olingan mehmonlar rejaga muvofiq Oqsaroy majmuasi va SHahrisabzning boshqa diqqatga sazavor joylari, tarixiy yodgorliklari bilan tanishtirildi.
21 aprel. Hali keksa quyosh o'z sandig'idan ko'tarilmasdan burun "Hisor" stadioni tomon oshiqayotgan muxlislar soni avval ellik, yuz nafarni tashkil etgan bo'lsa, kurash boshlanishiga taxminan bir soatlar qolganida stadion muxlislar bilan liq to'lib bo'lgan, hamma endi faqat bellashuvni intiqlik bilan kutishardi. SHundan ham bilish mumkinki, kurash shaydolari bunday katta kurashni sog'inib qolishan. Futbolni millionlar o'yini deymizu, ammo shu kuni biz ham kurashni millionlar o'yini degimiz keldi.
Dastlab, turnirning tantanali ochilish marosimi tashkillashtirildi. Boshlovchilar tomonidan o'zbek va ingliz tillarida o'ttizga yaqin ishtirokchi davlatlar elon qilindi. Bayroqlari katta sahanaga olib chiqildi. Marosim ochilishida so'z olgan Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro'ziev, O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri SHoikrom Ismoilov hamda Kurash xalqaro associaciyasi asoschi raisi Komil Yusupovlar uch yarim ming yillik tarixga ega bo'lgan kurash Istiqlol yillarida tom manoda dunyo sportiga aylangani, kurash ayni paytga kelib 130ga yaqin davlalarda ommalashayotgani, uning jahondagi nufuzini yanada oshirish, yozgi Olimpiya o'yinlari dasturiga kiritish bo'yicha samarali ishlar olib borilayotganini alohida qayd etishdi. Madhiyamiz yangrab, davlatimiz bayrog'i baland ko'tarildi. SHundan so'ng marosim taniqli sanatkorlarning kuy-qo'shiqlariga o'lanib ketdi. Nihoyat kurash boshlandi.
Sahnaga o'rnatilgan birinchi, ikkinchi va uchinchi gilamga o'z vazn toifalariga ko'ra polvonlar xalqaro toifadagi hakamlar tomonidan chaqirila boshladi. Polvonlar kuchli uchlik sari bor kuch va mahoratlarini ishga solishidi. Kurash shaydolari har bir polvonning chiqishini zo'r qiziqish bilan olqishlab turishdi. Muxlislar Samijon Ubaydullaev, Davlat Abraev, Kamol Rasulov, Fazliddin Meyliev, Sofiya Elomonova, Gulsevar Rustamova, Malika O'roqova kabi nomdor polvonlarni finalga qadar etib borishini intiqlik bilan kutgan edi. Biroq o'tish bosqichida ulardan omad yuz o'girdi.
Turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun Eron, Tojikiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Tailand, Mug'uliston singari mamlakatlardan kelgan polvonlar vakillarimizga etarlicha qarshilik ko'rsatishdi. Ayniqsa, Tojikston, Eron polvonlari g'olib bo'lishga ham erishishdi.
Etibor bering xalqaro turnirning final bosqichi boshlanganida oqshom tushib, deyarli tun yarmiga qarab ketgan bo'lsada, hech kim kurash maydonini tark etgisi kelmas, aksincha bu yilgi mutloq g'olib kim bo'lishini intizorlik kutishardi. Nihoyat final. Kurash gilamiga qashqadaryolik SHerali Jo'raev va eronlik Jafar Pahlovoniy chaqirildi. Bilasizmi, eronlik polvonning vazni 150 kg.dan yuqori, bir qator xalqaro musobaqlar g'olibi sanaladi. Bu borada ham SHeralidan bir muncha ustun. Biroq kurash o'zbekning qonida borligini Jafar polvon yaxshi bilgan holda raqibiga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondoshadi.
O'ta hushyorlik bilan boshlangan bellashuvda SHerali polvonning epchil va chaqqonligi, mashqu-meyorlarda toblangani bois charchamasligi yaqqol sezilib turdi. “CHala” bahosini qo'lga kiritib, g'oliblikni tantana qildi. G'olib sportchi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10. 000 AQSH dollarini qo'lga kiritdi.
Kurashning ashaddiy muxlislari esa hamon mutloq g'olib, SHerali Jo'raevni, vazn toifalari bo'yicha oltin medal sohiblarini olqishlardi. Sababi, ular o'sha kecha nafaqat g'olib bo'lishdi, balki muxlis kutgan orini, oriyatini, g'ururini ham saqlab qolishdi.
Demak, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha Amir Temur xotirasiga bag'ishlangan ananaviy VII Xalqaro turnirning g'olib va sovrindorlari bilan batafsil tanishamiz.
Erkaklar:
73 kg. Vazn:
1.Behruzi Xo'jazoda (Tojikiston)
2.Davlat Abraev (O'zbekiston)
3.Mirlan Eraliev (Qirg'iziston)
3.Umid Esonov (O'zbekiston)
81 kg. Vazn:
1.Ilyos Aliakbariy (Eron)
2.Sarvar SHomurodov (O'zbekiston)
3.Kamoliddin Rasulov (O'zbekiston)
3.Akmal Murodov (Tojikiston)
90 kg. Vazn:
1.Kamronshoh Ustopiriyon (Tojikiston)
2.Muhammadali SHamsiddinov (O'zbekiston)
3.Bekzod Boykeldiev (O'zbekiston)
3.Kim Min (Janubiy Koreya)
Mutloq:
1.SHerali Jo'raev (O'zbekiston)
2.Jafar Pahlovoniy (Eron)
3.Ilhom Jo'raev (O'zbekiston)
3.Anar Dorj (Mug'uliston)
Ayollar:
57 kg. Vazn:
1.Gulnor Sulaymonova (O'zbekiston)
2.Li Xuvon Jong (Janubiy Koreya)
3.Mashhura Pardaeva (O'zbekiston)
3.Nechaxan Sesai (Tailand)
78 kg. Vazn:
1.Gulnoza Matniyozova (O'zbekiston)
2. Bar Farin (Isroil)
3.Le Do Geyong (Janubiy Koreya)
3.Kumush Yo'ldosheva (O'zbekiston)
Turnir yakuniga etgach, mutloq vaznda birinchi o'rinni egallagan polvon O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10. 000 AQSH dollari, ikkinchi o'rin sohibiga 5000 va ikkita uchinchi o'rin sohiblariga 2500 AQSH dollari va Kubok, medal hamda diplom berildi.
SHuningdek, ayollar o'rtasidagi 57 va 78 kg. Vazn toifasida birinchi o'rin egalari 3.000, ikkinchi o'rin sohibalari 1.500, ikkitadan uchinchi o'rin sohibalari 750 AQSH dollari hamda Kubok, medal va diplom taqdim etildi. Erkaklar o'rtasidagi 73, 81, 90 kilo vazn toifalarida kuchli uchlikdan joy olgan sportchilar 3.000, 1.500 va 750 AQSH dollari, Kubok, medal, diplom bilan mukofotlanishdi.
Darhaqiqat, bugun yurtimizning har bir shahar va qishloqlarida shinam va yorug' sport zallarida beminnat murabbiylar qo'l ostida minlab yoshlar sport bilan, kurash bilan shug'ullanishmoqda. Ha, desa har qishloqdan yuz polvon yugirib chiqadi. Bunday yuksak saviyadagi ananaviy xalqaro turnirlar esa, dunyo sport jamoatchiligini milliy kurash bilan yanada kengroq tanishtirishga, ushbu sport turiga bo'lgan ishtiyoqni kuchaytirish va albatta Olimpiada sari etaklash yo'lidagi ezgu-amal bo'lib xizmat qiladi.
Milliy kurashimiz Indoneziyaning Jakarta shahrida o'tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o'yinlari tarkibiga rasman kiritildi. Mazkur xalaqaro turnir ham Osiyo o'yinlari oldidan kurashchilar uchun muhim tayyorgarlik va saralash vazifasini o'tab berdi.
O'zingga shukur, Aylanay O'zbekiston! SHerali, Davlat, Sarvar, Gulnoza, Gulnor degan Alplar, Barchinoylar chiqipti. Bo'yingdan o'rgilay Alpomishu Barchinlar!
Gulnoza MATNIYOZOVA, 78 kg.da turnir g'olibi (O'zbekiston): - Terma jamoamiz uchun yana bir oltin medalni qo'lga kiritganimdan judayam mamnuman. Xursandchiligimni cheki yo'q. Bunday nufuzli turnirni tashkil etishda eng avvalo Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevga polvonlarimiz nomidan minnatdorlik bildiraman. Ustozlarimizga ham shu o'rinda rahmat aytib qolaman. Nasib etsa, Osiyo va jahon chempionatlarida eng yuqori natijalarni qo'lga kiritishni davom ettiramiz.
Komil RO'ZIEV, Osiyo-Okeaniya kurash konfederaciyasi prezidenti (O'zbekiston) – Avval bu konfederaciya ikkita edi alohida 2017 yildan yagona konfederaciyaga birlashdi. Asosiy maqsad ikkita qitada kurashni birday rivojlantirish, yuqori darajada etibor qaratish. Butun dunyo kurash oilasini rivojlantirish. Bu yilgi xalqaro turnirda ayollar ham 2 ta 57kg, 78 kg vazn toifasida gilamga tushadi. Bu eng katta yangilik.
Ravi KAPUR, Hindiston kurash federaciyasi bosh kotibi, Osiyo-Okeaniya kurash konfederaciyasi texnik direktori - Bu mening SHahrisabzga qilgan ikkinchi tashrifimdir. Kurashning Qadimiy SHahrisabzda o'tkazilishida ham o'ziga xos uzviylik bor. Amir Temur xotirasiga bag'ishlab o'tkazilayotgan VII Xalqaro turnirning nufuzi juda baland. Mukofot jamg'armasi ham yuqori. O'tgan oyda Hindistonning Puna shahrida X Osiyo chempionati atshkil tildi Unda kurashchilaringiz tengsiz ekanliklarini namoyish etib, haqli ravishda jamoaviy hisobda birinchi o'rinni qo'lga kiritishgan edi.
Hoshang Sabbah SAYYODI, Afg'oniston kurash federaciyasi vice prezidenti - Bu turnirga 4 ta polvon bilan tashrif buyurdik. 73 kgda Mansurbek Begzod, 81 kilogrammda Bismillah Muhammadi hamda Sedqullah Nimat va 90 kg vaznda Ajmal Ishoqzoi kabi polvonlarimiz ishtirok etdi. Xalqaro turnir taassurotlari bilan o'rtoqlashadigan bo'lsam, juda alo. Muhimi sizlarning yurtingizdagi tinchlik bizning sportchilarimizdagi kurashga ishtirok havasini uyg'otdi.
Ilyos Ali AKBARIY, 81 kg vazn toifasida oltin medal sohibi, (Tojikiston) - Avvalo ushbu turnir tashkilotchilariga katta rahmat. Men ko'pdan beri o'zbek kurashi bo'yicha o'tkaziladigan ushbu turnirda ishtirok etishga havasmand edim. CHegaralarimizdagi do'stlik aloqalarining tiklanishi, bizning g'olib bo'lishimizga juda katta ruh berdi. Davlatlarimiz o'rtasidagi do'stlik aloqalari esa bugun chempionlik sari dadil yurishimga, shohsupani zabt etib vatanim madhiyasining baralla jarang sochishiga sababchi bo'ldi. Ustozim Faridun Ustopirovga ham alohida tashakkur aytaman.
Ilhom Rahmonov tayyorladi, o'z muxbirimiz
Fikrlar