03 mar 08:25
Yangiliklar
To'qqizinchi Olimpiada yo'lida. CHusovitina Jahon kubogining finaliga yo'l oldi
Ushbu nufuzli musobaqada o'zbek sportining tirik afsonasi, sakkizta Olimpiadada qatnashgan tarixdagi yagona gimnastikachi Oksana CHusovitina boshchiligidagi 6 nafar gimnastikachimiz yurtimiz sharafini himoya qilyapti.
Quvonarlisi, 46 yoshli gimnastikachimiz tayanib sakrash musobaqasining saralash bahslarida eng yaxshi uchinchi natijani qayd etib, final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Oksananing mashqi hakamlar tomonidan 12.949 ballga baholandi.
Rossiyalik 17 yoshga hali to'lmagan Viktoriya Listunova 13.466 ball bilan saralash turniri g'olibi sifatida final chiptasini qo'lga kiritdi. Vengriyalik Mariya CHenge Bachkay 13.033 ball bilan ikkinchi pog'onadan joy oldi. Bu gimnastikachilar Oksana CHusovitina Olimpiadada medal olgan paytda hali dunyoga kelishmagan edi.
Malumot uchun, Dohadagi Jahon kubogida CHusovitinadan tashqari Rasuljon Abdurahimov, Habibulloh Ergashev, O'tkirbek Jo'raev, Abdulla Azimov va Gulnaz Jumabekova ham ishtirok etyapti.
Fikrlar