17 avg 11:07
Yangiliklar
Ular JCHga boradilar #1: Hasanboy Do'smatov
Bugundan boshlab etiboringizga Gamburgda bo'lib o'tadigan jahon chempionatida ishtirok etadigan bokschilarimiz haqida kichik maqolalar taqdim etamiz. Ushbu maqolalar orqali sportchilarimizning bo'lajak dunyo birinchiligidagi imkoniyatlari, jang uslubi va bungacha qo'lga kiritgan natijalarini takidlab o'tishga harakat qilamiz.
Demak, ilk maqolamiz superengil vazn toifali (-49kg) bokschimiz Hasanboy Do'smatov haqida bo'ladi.
Hasanboy Do'smatov. Bu nomni bugungi kunda O'zbekistonda juda ko'pchilik taniydi. Katta yoshdagi buvijonlarimizdan tortib, kichik yoshdagi singillarimizgacha Rio Olimpiadasi yulduzini biladilar. 2016 yilda Braziliyada bo'lib o'tgan Olimpiada Hasanboyga misli ko'rilmagan shuhrat olib kelgan. Aynan Do'smatov o'sha Olimpiadada O'zbekiston terma jamoasi hisobiga ilk oltin medalni qo'shib qo'ygandi. Yakunda bokschimiz Olimpiada yakunlariga ko'ra eng yaxshi bokschiga beriladigan Vel Barker sovrinini ham o'ziniki qilib olgan hali yodingizdan chiqmagan bo'lsa kerak?
Ziyovuddin Tayganbaevning shogirdi hisoblanadigan Hasanboy bugun havaskor boksda dunyo miqyosidagi yulduz hisoblanadi. O'zining chaqqon, tezkor harakatlari va samarador zarbalari evaziga Do'smatov raqiblarini er tishlatib kelmoqda. Uni oltin medal qo'lga kiritishi mumkin bo'lgan bokschilarimiz qatoriga kiritishimiz mumkin.
Do'smatov Gamburgdagi jahon chempionatiga yo'llanmani Toshkentda bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida qo'lga kiritgan. Vakilimiz o'shanda musobaqa oltin medalini qo'lga kiritish bilan birgalikda turnirning eng yaxshi bokschisi uchun atalgan sovringa ham loyiq topilgandi.
Mazkur jahon chempionati bokschi uchun birinchisi emas. Hasanboy 2013 yilda Almatadagi hamda 2015 yilda Doxada bo'lib o'tgan dunyo birinchiligida ham ishtirok etgandi. Qozog'istondagi turnirda u bo'lajak jahon chempioni, mezbon bokschi Birjan Jakipovga yutqazib qo'ygan. 2015 yilda esa o'z vazn toifasida ikkinchi raqam ostida saralangan Hasanboy dastlabki jangidayoq, kutilmaganda ozarbayjonlik Rufat Huseynovga uch raundlik jang yakunlariga ko'ra 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Aynan ushbu mag'lubiyatlar bokschimizga navbatdagi jahon chempionatida stimul berishi mumkin. Olimpiada chempionligini qo'lga kiritgan, ketma-ket ikki karra Osiyo chempioni deb topilgan bokschimiz jahon chempionligini qo'lga kiritish vaqti kelgan deb o'ylaymiz!
Aziz To'xtamurodov
Fikrlar