14 apr 09:06
Yangiliklar

Yangi O'zbekiston iqtidorlari: Orzulari qo'shqanot yigit!
“Kata” mashqlarining nafisligi va teran falsafasi, “kumite”ning jangovorligi har doim bu sport turiga qo'shimcha joziba beradi. SHu sabab aksariyat ota-onalar farzandining karatechi bo'lishini istaydi. Bolasining qo'lidan ushlab, sport zali tomon etaklaydi.
Komil Adilov — karate bo'yicha bir necha bor mamlakat chempioni va kubogi bahslari g'olibi, milliy terma jamoa ustozi sifatida faoliyat olib borgan mutaxassis. Tabiiyki, tajribali mutaxassis o'z farzandi Saidkamolda ham tatamiga muhabbat uyg'ota oldi.
Dastlab mashg'ulotlarda tengdoshlari bilan sparring bahslar olib borgan Saidkamol sekin-asta rasmiy bahslarda tatamiga chiqa boshladi. Toshkent viloyat birinchiligi, Respublika kubogi va chempionati bahslarida ishtirok etdi. Tezkorligi, uzun qo'l va oyoqlari uni g'alabalar sari etakladi.
Saidkamol ilk bor 2018 yilda, 7 yoshida viloyat birinchiligida g'olib chiqqan bo'lsa, 2019 yil Qarshi shahrida tashkil etilgan Respublika musobaqasida kumush medaliga musharraf bo'ldi. Xudddi shu yil CHirchiqda oltin medalni o'ziniki qildi. Samarqandda bronza medaliga erishdi.
2020 yilda Bekobod shahrida o'tgan turnirda ikkinchi, 2021 yil Urganch shahri mezbonlik qilgan birinchilikda esa vazndoshlari oarsida birinchi o'rinni hech kimga bermadi. Poytaxt mezbonlik qilgan respublika musobaqasida barcha raqiblaridan ustun ekanini ko'rsatib, muxlis va mutaxassislar etiboriga tushdi. 2022 yil ham o'z tengqurlari orasida tengsiz ekanini isbotlagan Saidkamolni endi viloyat terma jamoasiga jalb qilishdi.
Mashg'ulotlar sifati yaxshilandi. Talabchan va mehribon murabbiy, "Keles karate" klubi rahbari Dilshod Yusupov o'quv-mashg'ulot yig'inlarida unga karatening teran falsafasini singdira bordi. Bu esa 2024 yilgi respublika va xalqaro musobaqalarda o'z samarasini berdi. Iyun oyida Toshkent tumanidagi turnirda 1-o'rin, CHirchiqda oltin medal, oktyabr oyida o'tgan O'zbekiston chempionatida 2-o'rin, noyabr oyida esa Birlashgan arab amirligining Abu-Dabi shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirda yanada sharafli antjaga — chempionlikka erishdi...
Yildan-yilga musobaqalar jo'g'rofiyasi kengaydi. Endi murabbiylar yosh Saidkamolni xalqaro turnirlarga ham jalb eta boshlashdi. Jumladan, 2024 yilning dekabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida ananaviy “Burca Cup” xalqaro turnirida Adilov bronza medaliga sazovor bo'ldi.
Xalqaro turnirda 4000 nafardan oshiq karate ustalari qatnashgani, musobaqaga dunyoning karate eng rivojlangan davlatlaridlan terma jamoalar ishtirok etgani mazkur bronza medalining qadri va ahamiyati naqadar yuksakligini namoyon etadi. Biroq yosh Saidkamol va uning fidoyi murabbiyi Dilshod Yusupovni bu natija qanoatlantirmasdi.
Ustoz-shogird “Burca Cup” musobaqasi videoyozuvini qayta ko'rib chiqishdi, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi. Yangi mashg'ulotlar dasturi ishlab chiqildi. Ikki oylik kuchaytirilgan mashqlar natijasi fevarla oyida Tailand davlati mezbonlik qilgan “Tayland karate cup international Championships-2025” xalqaro turnirida o'z mevasini berdi. Nufuzli turnirda yurtimiz karatechilari 4 ta oltin va 4 ta kumush medaliga sazovor bo'lib, umumyakunda 2-o'rindan joy olishdi. Saidkamolning ko'ksini bu safar kumush medali bezadi.
— Tailanddagi musobaqaga ustozlarimiz bilan aniq dastur asosida tayyorgarlik ko'rdik, -dedi biz bilan suhbatda Saidkamol. — SHuning uchun, har birimizda g'alabaga ishonch, ishtiyoq yuqori edi. Dekabr oyidagi natijamni biroz yaxshilaganimdan, bronzani kumushga o'zgartirganimdan mamnunman. Endi oltin medal uchun bor kuchimini ishga solmoqchiman! Bu maqsad yo'lida ustozim bilan hamfikrmiz!
Yosh chempion Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 224-sonli maktabda 8-sinfda tahsil olayotir. Mashg'ulot va musobaqalarda qattiq ishlasa-da, o'quvchilik masuliyatini bir zum ham unutmaydi. Aksincha, alo baholari va namunali xulqi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadi.
— Karate bo'yicha jahon chempioni bo'lish - eng katta orzum! G'alabam sharafiga bayrog'imiz ko'tarilsa, madhiyamiz yangrasa, otam va ustozimning ishonchlarini oqlasam, deyman, - kelajak niyatlarini bayon qildi yosh sportchi biz bilan suhbatda.
Turkiyadagi xalqaro turnir yakuniga etgach, Saidkamol Adilov sport ustaligiga nomzod talablarini bajardi. 14 yoshli sportchi uchun bu katta sportga dastlabki pillapoya.
Qahramonimiz avval sportchi, so'ngra murabbiy sifatida yuksak marralarni zabt etmoqchi, jahonning, Xalqaro karate federaciyasining eng kuchli jangchisi bo'lishga ahd qilgan bo'lsa-da, uning eng oliy orzusi bu emas. Saidkamolga shifokor bo'lish, insonlar dardiga malham ulashish istagi ham tinchlik bermaydi. SHuning uchun u fanlardan qo'shimcha saboqlar olib, bilimlarini mustahkamlab bormoqda.
— Eng muhimi, intilish. Insonda maqsad sari intilish bo'lsa, kuchli iroda va matonat ham shakllana boradi, - dedi bizga chempionlar ustozi Dilshod aka Yusupov. - Saidkamol yil davomida juda ko'plab musobaqalarda ishtirok etadi. Respublikaning turli shaharlariga boradi, xorijga chiqadi. SHoda-shoda medallarni qo'lga kirityapti, ammo meni xursand qilgani unda o'z g'alabalaridan havolanishni ko'rmaysiz. Kibrlanish yo'q. O'qiydigan maktabida ham kamtarligi va odobi bilan boshqalarga namuna. Tatamida xatolari ustida ishlashdan qochmaydi. Bu uning eng katta ustunligi. Nasib etsa, uning kelajagidan, istiqbolidan ko'p narsa kutyapmiz.
— Ota-ona uchun farzandining yutug'i quvonch, ularni parvozga chorlaydigan qanot, — dedi biz bilarn suhbatda chempionning otasi Komil Adilov. - Onasi ikkimizning bazida Saidkamolga rahmimiz keladi. O'qishlari, qo'shimcha saboqlardan ortib, ustozi bilan musobaqalarga tayyorgarlik ko'radi. Yoshi ulg'aygan sayin janglar ham qiyinlashadi. Qolaversa, xalqaro musobaqalarda natija ko'rsatish mashaqqatini o'zingiz yaxshi bilasiz. Birgina xato qimmatga tushishi mumkin. SHu boisdan, o'g'limning har bir g'alabasi biz uchun juda qadrli. Fursatdan foydalanib, Saidkamolga bor yurak mehrini berib, o'qitayotgan ustozlariga, uni haqiqiy yakkakurash ustasi qilib tarbiyalashga ahd qilgan murabbiylariga katta rahmat aytmoqchiman.
Bu yilgi musobaqalar taqvimi ham juda zich tuzilgan. Farzandimga, uning tengdoshlariga, jamoadoshlariga kuchni to'g'ri taqsimlab, raqiblarni yaxshi o'rganib, ko'zlagan marralarini zabt etishini tilab qolaman...
Biz ham yuqoridagi oydin orzu-istaklarga qo'shilamiz. Ishonamiz, yosh karate ustasi olamshumul g'alabalari bilan o'zbekistonlik sport ishqibozlariga shodlik ulashadi. SHuningdek, o'zi orzulagandek, yaxshi shifokor ham bo'lib etishadi, el-ulusga xizmat qiladi...
Ilhom RAHMONOV tayyorladi
Fikrlar