17 iyu 22:06
Yangiliklar
Abduraimova dunyoning sobiq ikkinchi raketkasiga qarshi uch setlik uchrashuv o'tkazdi
Mukofot jamg'armasi 780,637 dollarni tashkil etuvchi ushbu turnirning saralash bahslarida hamyurtimiz Nigina Abduraimova ham o'z omadini sinab ko'rdi. Mamlakatimizning birinchi raketkasi qura natijasiga ko'ra saralashning ilk davrasida Vera Zvonaryovaga qarshi kortga chiqdi.
Bir soatu 36 daqiqa davom etgan bahsda saralashning 11-raketkasi sifatida saralangan Abduraimova nomdor raqibasiga 2/6, 6/1, 2/6 hisoblarida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Vera 1, Nigina 2 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Tennischilarning o'zaro ikkinchi uchrashuvida ham Zvonaryovaning qo'li baland keldi.
Malumot uchun, rossiyalik 38 yoshli tennischi o'z vaqtida dunyoning ikkinchi raketkasi bo'lgan. Olimpiya o'yinlarining bronza medali sovrindori, "Katta Dubulg'a" turnirlarining 5 karra (3 ta juftlikda, 2 ta aralash juftlikda) g'olibasi, 24 ta (12 tasi yakkalikda) WTA turnirlari chempioni hisoblangan Zvonaryova ayni paytda dunyo reytingida 1232-pog'onadan joy olgan. Abduraimova esa dunyoning 169-raketkasi bo'lib turibdi.
Fikrlar