29 iyu 10:58
Yangiliklar

Afsonaviy Normamat polvon 70 yoshda!
Kitob tumanining Yakkatut dahasi yoshu qarisi o'tgan asrda yashab o'tgan chuyit bahodiri Mavlon polvon, Alovxon polvon, ul zotning farzandi-arjumandi sambo kurashi bo'yicha Evropa chempioni Xushvaqt Ro'ziqulovlar bilan haqli ravishda faxrlanishadi.
Polvonlik suyak suradi degan naql bor. SHajarasi asli Mavlon polvonga borib etadigan sahifamiz mehmoni Normamat polvon o'zining tug'ma istedodi, nodir qobiliyati bilan avval to'y kurashlarda, keyinchalik oliygoh sport maydonlarida, turli-tuman musobaqalarda ishtirok etib, yuksak marralarni egallashgaulgurdiki, bu haqdagi maroqli hikoyalar har qanday kurash muxlisini qiziqtirmay qolmaydi.
Olis bolalik
Normamat polvonning bolaligi Kitob tumanining Yakkatut qishlog'ida o'tgan. Etti yoshga etgan (1949 yil 3 mart kuni tug'ilgan) bo'lajak polvon bola qishlog'idagi 16-sonli umumiy o'rta talim maktabiga qadam qo'yganida anchayin kelbatli, keng elkali, tengqurlari orasida biroz bo'ychan va abjirligi bilan ajralib turardi. Otasi Yuldosh bobo va onasi Tursun momo (oxiratlari obod bo'lsin)uni erkalab “polvonim” deb suysa, hali kurash nimaligini bilmagan, ko'rmagan bola o'z-o'zidan biron tengdoshi bilan xuddiki odindan kurash tushib yurganday tezda “elka” yoki “ichchil” qilib, yiqitishni qoyillatardi.
Tomirida polvonlik qoni ko'pirib turganidan o'quvchilik paytlaridayoq qaerda to'y kurashining daragini eshitsa, o'sha erda hozir bo'ldi. Tog'asi, nomdor polvon, el orasida “svarka” deya nom olgan, hozirda 80 yoshni qarshilagan Toshpo'lat Boymurodov, “chapaqay” laqabli polvon Rizo Fozilovlar bolalikdagi ustozi bo'ldi. Ustozlar etagidan tutib, atrof qishloq va ovullar, hatto qo'shni tuman va viloyatlarda traktorning tirkamasiga osilib bo'lsa-da borib, kurash tushgan paytlarining son-sanog'i yo'q.
Kurashlarda deyarli g'oliblikka erishgan, mabodo yiqilib qolsa, mag'lubiyat alamidan origa chidolmay kurash davrasidan poyi-piyoda qaytgankunlari ham bo'lgan. Normamat polvon bolaligida judayam chaqqonligi bilan ajralib turgan. Engil atletika bo'yicha unga teng keladigani topilmaganiyam rost gap. Yana bir xususiyati - suzishni qoyillatgani!
Umumtalim maktabini tamomlab, milliy kurash o'sha paytlari rasman tan olinmagani bois, umrida sambo sport turini bilmagan, eshitganu ammo ko'rmagan Normamat polvon 1966 yilda hozirgi O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining aynan sambo bo'limiga hujjat topshiradi. Eng qizig'i, talaba bo'lish uchun suzish, yugurish va sambo usullarini bajarish kerak. Suzishdan eng birinchi, engil atletikadan ham eng birinchi bo'lganida, shu sport turlarining mutaxassislari yo'nalishni o'zgartirib, suv sportiga yoki engil atletikaga o'tishini so'raydi. Boisi, polvondan zo'r suzuvchi, zo'r engil atletikachi chiqishini bilishgan. Biroq polvondagi qatiylik va birso'zlilik sambo olamiga etakladi. Talabalik baxtiga muyassar bo'lgan qaxramonimiz kechkida o'qib, kunduz kuni qurilish tashkilotlarida ishlar, bo'sh vaqt topildi deguncha sport zali tomon chopardi. Talabalikdagi ustozi Surat Alimov va kursdoshi Boris SHnayderdan sambo sirlarini astoyilo'r ganishga kirishgan polvon uch oy ichida75 kg. vaznda Toshkent shahar birinchiligi chempioniga aylandi.
Mashaqqatli mehnat va mashhurlik
Polvondagi istedodni anglagan sambo mutaxassislari uni terma jamoaga taklif qilishdi. 18 yoshida terma jamoa tarkibida Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida o'tgan, o'sha paytdagi Butunittifoq talabalarining musobaqasida qatnashib, bronza medaliga sazovor bo'ladi. 19 yoshida terma jamoa murabbiyi Aleksandr Prut ustozligida Bishkekda o'tgan sambo bo'yicha o'tkazilgan Sobiq Ittifoq hududiy chempionatida birinchi o'rinni egallab, Rossiyaning Gorkiy shahrida o'tgan final bosqichida uchinchi o'rindan joy oladi va taniqli sambochilar qatoriga kiradi. Yigirma yoshida o'n bir marta sambo, dzyudo kurashlaridan O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgan sportchi oliy o'quv yurtini tamomlab, harbiy xizmatga jo'naydi. Xarbiy xizmat davridayam sambodan bir qator yutuqlarni qo'lga kiritdi. Sobiq Ittifoq bo'yicha harbiy qismlar o'rtasida o'tkazilgan chempionatda barcha raqiblarini engib, birinchi bo'lishga muvaffaq bo'ladi.
1971-1977 yillarda Toshkent politexnika institutining jismoniy tarbiya kafedrasida o'qituvchi-murabbiy bo'lib, mashhur polvon Mavlon Ahmonov bilan olti yil yonma-yon ishlab, bir qancha istedodlarni tarbiyalab, chempionlik darajasiga ko'tardi. 1978 yili bir muddat Qarshi shahridagi “Paxtakor” sport jamoasida ham murabbiylik qildi. Oradan bir yarim yil o'tgach, Samarqand qishloq xo'jaligi institutidagi ustoz Xamroqul Rafiev, Rizo Fozilovlarning taklifi bilan ushbu oliy o'quv yurtida ishni davom ettiradi.
Samarqanddagi faoliyati davomida Nortoji Boymatov, Xolto'ra Karimov, O'rol To'raev, aka-uka Abdurasul va Abdurahmon Norqulov, Ziyodulla Almonov, Ro'zi O'taev, Erkin Salomov, Abdihamid Ibragimov, Dilmurod Nomozov kabi o'nlab nomdor polvonlarga sambo, kurash, dzyudo sirlaridan saboq berib, ustozlik qiladi. Normamat polvon murabbiylik davomida to'y kurash va musobaqalarda ham ishtirok etib, faqat birinchi o'rinni qo'lga kiritib keladi.
1991 yilda sambo bo'yicha Toshkent shahida o'tgan Xalqaro do'stlik turnirida 80 kg. da chempion bo'lib, xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga ega bo'ladi. Dzyudo bo'yicha ham xalqaro musobaqada g'oliblikni qo'lga kiritib, sport ustaligiga erishadi. Milliy kurashdan ikki bor markaziy Osiyo chempionatida barcha raqiblarini “halol” bahosi bilan yiqitib, yanayam mashhurlik cho'qqisiga ko'tariladi.
Qo'shni Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston Respublikalarida bo'ladigan to'y kurashlarda faqat bosh sovrin, bosh tovoq uchun kurashib, eng zo'r polvon, deb tan olingan kurashchilarni engganini Ziyodulla Davlatov, CHori Boboniyozov, Jalol Ro'ziqulov, Abdurahmon Ochilov, G'ozi Rahmonov,Ergash Xudoyorov, Mavlon Ahmonov, Boboburod Yoqubov, Qalandarxon Alamxonov, Jobir Yazadanov singari o'z zamonasining mashhur polvonlari, elkadoshlari ko'rgan va guvohi bo'lgan.
Hammasi yaxshi edi, biroq 1993 yilda polvonga ko'z tegdimi, ishqilib o'sha yilning bahorida polvonning bel va oyoq sohasida qattiq og'riq turib, batamom ishlamay qolib, to'shakka mixlanib qoldi. Olti oy deganda oyoqqa turib, yura boshladi. Lekin ishga qaytishga shifokorlar ruxsat berishmadi. Oradan olti yil o'tib, Kitob tumani kurash federaciyasiga rais etib saylangan N. Yuldoshev yana sport sohasiga qaytdi.
1999 yilda Kitob tumani bolalar va o'smirlar sport maktabiga direktorlik vazifasi ishonib topshirildi. 2011 yilgacha BO'SMda rahbarlik qilgan polvon Kitob tumanida qizlar o'rtasida kurashni rivojlantirishga muvaffaq bo'ldi. Ilk bor tumanda qizlar o'rtasida ochiq birinchilik tashkil etganida Gulnora Boymurodova, Sarvinoz Qo'chqorova, kabi shogirdlari etakchi bo'ldi. Keyinchalik ushbu qizlar mamlakat, Osiyo chempionligiga ham erishdi. Tennis bo'yicha BO'SM tarbiyalanuvchisi Lola Azimova hatto Osiyo chempionligini qo'lga kiritdi.
Darvoqe, Normamat Yuldoshevning milliy kurash rivoji yo'lidagi mehnatlari ham tahsinga loyiq. 1998-2010 yillarda xalqaro toifadagi hakam sifatida jahon chempionatlari, xalqaro turnirlarda hakamlik qilganini aytmasa bo'lmas, axir.
Oila baxti
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida ham talabalarga sambo bo'yicha ustozlik qilgan N. Yuldoshev bir kuni shu oliygohning matematika fakulteti talabasi bo'lgan Qimmat Saydullaeva ismli qiz bilan tanishib qoladi va ikki yosh o'rtasidagi muhabbat ularni bir umr bir yostiqqa bosh qo'yib, baxtli hayot kechirishiga sabab bo'ladi. Sovchi qo'yib, kelin tomondagilarni zo'r-bazur ko'ndirgan kuyov tomon yor-yorlar sadosi ostida katta karvon bilan Qozog'istonning Turkiston shahridan Kitob sari yo'l tortadi.
Judayam oqila, sadoqatli va odobli, o'z kasbining bilimdoni bo'lgan qiz bilan taqdirini bog'lagan Normamat Yuldoshev Yaratganga shukr, deya baxtli hayot kechiradi. Baxtli ota-ona Otabek, Ulug'bek, Oybek, Nurbek, SHerbek ismli farzandlarini mehr ila tarbiyalab, voyaga etkazdi. Ot izini toy bosgani kabi farzandlarning hammasiyam sportga oshno bo'ldi. Samarqand qishloq xo'jaligi instituti tugatgan Otabek dzyudo sport turi bo'yicha shug'ullangan bo'lsa, Ulug'bek sambo va milliy kurash sirlarini mukammal o'rgandi. Bolaligidan koptok tepishni xush ko'radigan Oybek va kenja o'g'il SHerbek futbol bo'yicha birinchi va oliy ligalarda o'ynab, bir qator yutuqlarga erishdi, Nurbek esa otasi singari O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sambo yo'nalishida tahsil oldi. “Nasaf”, “Buxoro”, “Mashal”, “G'allaorol” klublarida to'p surgan SHerbek ayni paytda “Nasaf” akademiyasida murabbiylik qilmoqda. 2014 yili viloyatning “Eng yaxshi yosh murabbiyi” nominaciyasini qo'lga kiritgan. Hozirda aka-ukalar tadbirkorlik va boshqa sohalarda mehnat qilishmoqda. Danagidan mag'zi shirin deyishganidek, nevaralaridan Dovrug'bek (futbol), Davronbek (dzyudo), SHoxruhbek (dzyudo), SHabnam (qilichbozlik), SHahzod (dzyudo)lar ham sport mashg'ulotlarga zo'r berishgan.
Darhaqiqat, polvon bobo oqil farzandlar baxtu kamolini ko'rib, bazida quvonch ko'z yoshlarini yashirolmay ham qoladi. Biroq 2011 yil may oyida 57 yoshida bu yorug' olamni tark etgan turmush o'rtog'i Qimmat opani (oxiratlari obod bo'lsin) bir muddat bo'lsin esidan chiqarolmaydi. Axir shu munis ayol tufayli baxti balqqandi-da! Pahlavon o'g'lonlarni dunyoga keltirib, quvonchu shodliklar ulashgan, umrini farzand tarbiyasiga, ilm-marifatga suyukli umr yo'ldoshga baxshida etgan ayolni unutib bo'ladimi. Hech qachon, ayniqsa, bugun etmish yoshni qarshi olayotgan polvon bobo unutolmaydi! Suyukli dildorini sog'inganida nevaralarining yuz-ko'zlaridan topishga urinadi. Ana, buvisining ismini olgan, buvisiga qo'yib qo'yganday o'xshab ketadigan Qimmatoy nevarasi “Bobojon, etmish yoshingiz qutlug' bo'lsin”, deya jilmayib boqishi onaizorning bolalarida yashayotganidan ishora emasmikan?..
Ilhom RAHMONOV tayyorladi, o'z muxbirmiz
Fikrlar