01 apr 12:58
Yangiliklar
Barcha JCH-2026 ishtirokchilari malum: Osiyodan 9 ta jamoa, Afrikadan 10 ta!
Xalqaro pley-off bahslarida DR Kongo va Iroq terma jamoalari so'nggi yo'llanmalarga ega chiqishdi.
DR Kongo hal qiluvchi bahsda Yamaykani (1:0) mag'lub etgan bo'lsa, Iroq terma jamoasi Boliviyadan (2:1) ustun keldi. SHu tariqa, 2026 yilgi mundialda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadigan bo'ldi.
Qitalar kesimida vakillar soni quyidagicha ko'rinish oldi:
Evropa (16 ta jamoa): Eng ko'p vakilga ega qita bo'lib qolmoqda.
Afrika (10 ta jamoa): Marokash, Tunis, Misr, Jazoir, Gana, Kabo-Verde, Janubiy Afrika, Senegal, Kot-d’Ivuar va DR Kongo. Afrika vakillar soni bo'yicha ikkinchi o'ringa ko'tarilib oldi.
Osiyo (9 ta jamoa): Yaponiya, Avstraliya, Eron, O'zbekiston, Janubiy Koreya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Iroq. Vatanimiz terma jamoasi o'z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi!
Janubiy Amerika (6 ta jamoa): Argentina, Ekvador, Kolumbiya, Urugvay, Braziliya va Paragvay.
KONKAKAF (6 ta jamoa): Mezbonlar — AQSH, Kanada va Meksikadan tashqari Panama, Gaiti va Kyurasao.
Okeaniya (1 ta jamoa): Yangi Zelandiya.
Eslatib o'tamiz, JCH-2026 bahslari 12 ta guruhda, har bir guruhda 4 tadan jamoa ishtirokida tashkil etiladi.

Fikrlar