22 mar 16:04
Yangiliklar
Intervyu. MMAchi Mahmud Murodov O'zbekiston fuqoroligi, Munisa Rizaeva bilan munosabat va boshqalar haqida
Uning natijalari borasida esa, to'xtalib o'tishni lozim topmadik zero, bu borada barcha muxlislarimiz yaxshigina malumotga ega ekanliklari aniq. Unga yoshligi va bazi mish-mishlarga oydinlik kiritish borasidagi savollar bilan murojaat qildik. Birinchi bor janglarini ko'rganimda shunday ajoyib sportchi hamyurtim ekanligidan faxrlangan edim. Bugungi suxbatimiz mobaynida esa, samimiy va kamtarin inson ekanligi bilan yana bir bor katta taassurot qoldirdi. Quyida mazkur suxbatni etiboringizga xavola etamiz.
-Mahmud qaerdadir qulog'imga chalinib qoldi. Maktabda o'qib yurganingizdayoq tadbirkorlik qilgan ekansiz. Yani gazli suv sotgan ekansiz?
-Darxaqiqat, bu bor gap!
-Balkim bu savolim biroz og'ir botar. Lekin o'rinli tanqid foydadan xoli emas... CHex va rus tilini mukammal bilasiz, ona tilimiz o'zbek tilida qiynalar ekansiz... Misol uchun, Dimitriy SHokin , Mixail Volinkinlar sof o'zbek tilida so'zlashishadi. Balki ulardan o'rnak olish kerakdir. Har xolda, siz kabi sportchilarimiz vatanimiz, millatimiz yuzi hisoblanadi?
-Bu borada ko'p marotaba savollar bilan murojaat qilishgan. Endi buning o'ziga yarasha sababi bor. Birinchidan men Tojikistonda tug'ilganman. 1992-1993 yillar O'zbekistonga yani Buxoraga ko'chib kelganmiz. CHunki, onajonim asli Buxoradan edi. Buxoro shahrida esa, aksariyat insonlar tojikchada muloqot qilishadi. Men esa, 1-9 sinfgacha rus maktabida taxsil olganman. Uyda ham rus tilida gaplashar edik. Otam avtoxalokatga uchraganidan so'ng, 14-15 yoshimdan ishlagani chiqqanman. 16-17 yoshimda esa, akam bilan birgalikda Rossiyaning Tomsk shahriga borib ishlaganmiz. CHunki, otam uch yil shifoxonada yotgan. SHuning uchun, bu xolat vaziyat taqazosi bilan yuzaga kelgan. Keyinchalik yurtimizga qaytdim va ayni o'sha damda CHexiya varianti yuzaga keldi. Yana shuni aytib o'tishim lozimki, Buxoro ona shahrim garchi men u erda tug'ilmagan bo'lsamda... Vatanimizni sevaman vaxolanki menda O'zbekiston respublikasining fuqaroligi ham yo'q. Odamlar shuni ham bilmasdan turib nega o'zbekcha gapirmasligimni muxokama qilishadi? Aslida, o'zbekligimdan – o'zimga bekligimdan juda faxrlanaman. Yurtimga foydam tegishi uchun astoydil harakatdaman. Yana bir bor takidlayman, men “Patriotman” shunday ekan, vatanimni juda sevaman!!!
-Mana xech qancha vaqt bo'lmadi. Xuddi siz kabi fuqaroligi bo'lmagan insonlarga yurtimiz pasporti berildi. Siz bu borada murojaat qilmaganmisiz?
-Murojaat qilganmiz. Nasib qilsa bu borada ham bir kun kelib, ijobiy javob olib qolarman.
-Munisa Rizaeva sizni tansoqchim deb tanishtirdi. Aslida ham shundaymi? Lekin mish-mishlarga ishonadigan bo'lsak, munosabatlar jiddiy ekanligini anglatmoqda?
-Munisa Rizaeva mazkur intervyuni berayotganida o'zim ham o'sha erda edim. Darhaqiqat, tansoqchim deya aytib o'tgan. Lekin oxirida xazillashganini ham bildirgan edi. Odamlar esa, o'zlariga kerak joyini eshitadilar xolos. Albatta bu ijodkor bilan juda iliq munosabatdaman. Ashulalarini sevib tinglayman. Etibor bergan bo'lsangiz oxirgi jangimda uning qo'shiqlari ostida oktagonga chiqib keldim. U xaqiqiy talant. Uning oilasidagilar bilan ham munosabatim yaxshi. Munisa eng yaxshi do'stlarimdan biri. SHunday inson va do'st mening hayotimda borligidan juda ham xursandman.
-“Asian Fight” da ishtirok etdingiz va bu jang kechasi borasida ko'p malumotga egasiz. Tashkilotchilarga nisbatan etirozlar bo'ldi. Ular orasida sportchilar ham bor. Jumladan, Anvar Boynazarov ham tanqidiy fikr bildirdi. Siz bu turnir borasida qanday fikr bildira olasiz?
-Bilasizmi, bunday shoularni, turnirlarni yanada ko'proq o'tkazish kerak. Vatanimizda, muxlislarimiz ko'z o'ngida jang o'tkazishdan juda xursand bo'ldim. MMA yurtimizda qonuniylashtirilsa, bunday shoular, turnirlar o'tkazish borasida umuman olganda MMA rivoji uchun o'zimning hissamni qo'shgan bo'lardim. Buning uchun o'ziga hos reja va maqsadlarim bor.
-Siz MMA da tanilguningizga qadar Buxoroda mazkur sport turi borasida Muzaffar Rajapov ancha mashhur edi. Umuman olganda Muzaffar bilan munosabatlaringiz qay ko'rinishda va uning faoliyatiga qanday baho berasiz?
-Muzaffar aka bilan shaxsan tanishmiz. Bu inson Buxoroda birinchilardan bo'lib, bu sportda o'z faoliyatini boshlagan va shahrimizda aralash qoidalar bo'yicha jang sanati rivojiga o'z xissasini qo'shib kelayapti. Qolaversa, ikkimizning ham ustozimiz bitta inson. Har ikkimiz SHuhrat aka Kazakovni shogirdlari bo'lamiz. Har ikki insonni juda qattiq xurmat qilaman.
-Yurtimiz MMA sining namoyandalari deganda ko'z oldingizga kimlar keladi?
-Bunday insonlar juda ko'p. Qolaversa, iqtidorli yosh sportchilarimiz ham bisyor. Lekin, ularni yurtimizda rivojlanishlari juda qiyin deb o'ylayman. SHuning uchun 2-3 yilning ichida yurtimizda aralash jang sanatiga asoslangan maktabimni ochmoqchiman. Eng asosiysi bu bepul va xohlagan inson bu erga kelib shug'ullanishi mumkin bo'ladi. Bu mening orzuim. Orzuni esa, amalga oshirish niyatidaman. Bu borada hukumat roziligi kerak xolos. Maktabimda bolalar bu sportning sir-asrorlaridan voqif bo'lgach, Evropa va Rossiya oktagonlarini zabt etishlari uchun qo'ldan kelgancha harakat qilaman. Hali, juda ko'p chempionlarimiz chiqadi. Bunga ishonaman! Zero, biz buyuk Amir Temur avlodimiz!
-Buxoro, Toshkent va Pragadagi shaxsan siz uchun eng yaxshi restoran yoki kafe?
- Milliy taomlarimiz yoqadi. Ayniqsa, onam tayyorlagan bo'lsa, bu taomlarga xech qanday restoran yoki kafe taomlari tenglasha olmaydi.
-Futbolga qiziqishingiz qanday, CHexiyada jaxonga mashxur futbolchilar juda ko'p. Misol uchun, Karel Poborski, Pavel Nedved, Yan Koller, Patrik Berger, Vladimir SHmicer, Petr CHex, Milan Barosh...Balki, mazkur futbolchilardan birortasi bilan uchrashgandirsiz?
-Futbolni sevaman. Tez-tez o'ynab turaman. Sanab o'tganlaringizdan Petr CHexning ashaddiy muxlisiman. Bu darvozabon bilan shaxsan uchrashganman. Juda yaxshi va samimiy inson.
-Aytingchi, chexlarning “Skoda”si qulaymi yoki bizning “Shevrole” avtomobillarimi?
-Mashina men uchun transport vositasi xolos. Bunga katta ahamiyat bermayman.
-Sportchilar orasidagi eng yaqin do'stingiz kim?
-Bunday do'stlarim juda ko'p. Alohida takidlab o'tish esa juda qiyin. Ularni bir-biridan ustun qo'ymayman. Biroq shuni takidlab shtmoqchimanki, shunday do'stlarim va qadrdonlarimni hayotimda borligi uchun har doim yaratganga shukronalar keltiraman.
-Promouteringiz Meyvezer Makregor bilan jang o'tkazmoqchi MMA qonun qoidasiga asosan. O'z-o'zidan Floydga muxlislik qilishingiz aniq. Lekin g'alaba qozonish uchun unda imkoniyat bor deb o'ylaysizmi?
-Bu jangga keladigan bo'lsak, bu xech qachon amalga oshmaydi. CHunki Floydga bu jang kerak emas. SHunchaki tekin piar xolos. Meyvezer barchaga jahondagi eng kuchli bokschilardan biri ekanligini isbotlab bo'lgan.
Endi MMA dagi jangchilar ro'yxati bilan tanishtiraman. Ularni birma-bir tanlashingiz kerak bo'ladi.
Konor Makgregor - Xabib Nurmagomedov?
Gegard Musasi- Aleksanddr SHlemenko?
Tayron Vudli - Stiven Tompson?
CHeyl Sonnen – Vanderley Silva?
Maykl Bisping - Kris Vaydman?
Daniel Korme – Djo Djons?
Stipe Miochich- Keyn Velaskez?
Fyodor Emelyanenko – Fabricio Verdum?
Murod Xonto'raev – Mirko Krokop?
-Men boshqacharoq javob bermoqchiman. Yani bular orasida bittasini tanlayman. Yani Fyodorni. CHunki uning janglarini ko'rib katta bo'lganmiz va bu sportga mexrimiz oshgan. U xaqiqiy afsona. Qolganlarning barchasi ham ajoyib super jangchilar. Lekin, Fyodor Emelyanenko bor joyda boshqasini tanlashim amrimaxol!
-Bir qator qiyinchiliklarni engib o'tibsiz. Aynan shunday qiyinchiliklarga ro'baro' kelgan yosh sportchilarimizga qanday maslahatlar bera olasiz?
-10 yil avval akam bilan qurilishda ishlardim. Hayot kechirish uchun pul topardik. Hozir esa, O'zbekistonning eng mashhur sportchilaridan biriman. Bu bilan maqtanish niyatim yo'q. Aksincha, hozirgi yosh avlodga o'z oldiga qo'ygan maqsadlari uchun astoydil harakat qilishlarini aytmoqchiman. Yani xech qachon qaddingiz bukilmasin, sizga ko'pchilik ishonmasada, barchasi o'z qo'lingizda ekanligini xis qiling! Mana men shunday yo'lni bosib o'tdim. Siz ham albatta orzuingizga erisha olasiz!
Ahmad ESHMATOV va Ixtiyor NE'MATOV suxbatlashdi.
Fikrlar