28 okt 14:58
Yangiliklar

Murodjon Ahmadaliev: Bokschi bo'lsamda, meni Kaka deb chaqirishadi
Erudit Sportning “Eksklyuziv intervyu” loyihasining navbatdagi ishtirokchisi – Murodjon AHMADALIEV.
– Murodjon, charm qo'lqop kiyishingiz tarixi bilan o'rtoqlashsangiz. Bu muxlislar uchun qiziq.
– Boksga qatnab yurgan o'rtoqlarimga qiziqqanman. Dadam maktabda jismoniy madaniyatdan dars berganlar. Sport zaliga ham o'zlari qo'limdan etaklab olib borgan. O'sha paytda besh-olti yoshdagi bola edim. Ikki-uch kun mashg'ulotlarni tomosha qilib, shug'ullanib ko'rdim. Qo'shni qishloqdan kelgan tengdoshim bilan sparring tushdim. SHu tariqa, boksdagi ilk jangimni yutib, muntazam shug'ullana boshladim. Avvaliga kichik-kichik musobaqalarda ishtirok etib yurdim. Keyinroq tajriba to'plab, katta ringga chiqdim.
– Ciceron “Eng katta g'alaba – o'z ustidan qozonilgani”, degandi.
– Xuddi shunday. Inson qachon mag'lubiyatga uchraydi? Uni tan olgan taqdirda. Ochig'ini aytaman, yoshligimda yutqazardim. Raqibning qo'li ko'tarilganida o'zimga-o'zim savol berardim: “Nega, qaerda xatoga yo'l qo'ydim?”. Mag'lubiyatlardan to'g'ri xulosa chiqarib, mashg'ulotlarga zo'r berdim. Menimcha, g'alabaga mag'lubiyat ortidan erishiladi.
– 2012 yilda Erevanda o'tkazilgan Yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatida engil vazn toifasida (49 kilogramm) ishtirok etgansiz.
– Ha, o'shanda 49 kilogrammda ringga chiqqanman. Hozir bu vaznda yaxshi hamkasblarim bor. SHuning uchun vaznimni 56 kilogrammga ko'tardim. Rioga uchishdan oldin “Olimpiadada kamida kuchli uchlikka kiraman”, deb niyat qilgandim. Xudoga shukr, bronza medali qo'lga kiritildi.
– Ilk bosqichdayoq jiddiy raqib – qozog'istonlik Qayrat Eralievga to'qnash keldingiz. Final ostonasida esa London-2012 chempioni kubalik Robizi Ramiresga qarshi jang qildingiz. Qaysi jang qiyinroq bo'ldi?
– Menimcha, Qayrat Eralievga qarshi bahs. Bir tomondan, men o'n to'rt kun davomida ringga chiqmagandim. Raqibim birinchi jangni o'tkazib, ringni his qilishga ulgurgandi. Boshqa tomondan, Qayrat Jahon chempionatidagi mag'lubiyati uchun revansh olishni o'ylab, boshqacha taktikada harakatlandi. Aslida u hujum-himoya taktikasida ishlardi, biroq bu safar ko'proq hujumkorlikka etibor qaratdi.murodjon
– Raqib bokschilar ishtirokidagi bahslarni kuzatib bordingizmi?
– Albatta, raqiblarning janglarini diqqat bilan kuzatib, ularning harakatlarini o'rgandik. SHunga qarab, qaysi raundda qanday taktika tanlash kerakligini tanlaysiz.
– Olimpiadada sovrindoriga aylangan aksariyat charm qo'lqop sohiblari karerasini professional boksda davom ettiradi. Sizda rejalar qanday?
– Professional boksga o'tish niyati yo'q emas. Faqat qachon, necha yoshimda bu menga qorong'u. Hammasini vaqt ko'rsatadi. Lekin bitta narsani bilaman, professionaldagi ming zo'ri ham “Olimpiada chempioni bo'lmaganman”, deb afsuslanadi. Bunday sportchilar ko'p. SHuning uchun katta boksga o'tishga shoshilmayman. Men uchun bu mavzu Olimpiada cho'qqisi zabt etilguncha yopiq. Natijaga erishdim, deb to'xtab qolish yaramaydi. Raqiblar ham mashq qiladi. Bugun yutgan raqiblaringizdan ertaga mag'lubiyatga uchrashdan yomoni yo'q. G'alaba qozonish uchun esa mashg'ulotlarni kuchaytirish kerak. Xullas, raqiblardan bir qadam oldinda yurish – muvaffaqiyat garovi.
– Boksdan tashqari yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?
– Sportning suzish, tennis, futbol kabi turlariga ham ixlosim baland. Boksdagi mashg'ulotlardn keyin suzsangiz charchoqlar chiqib ketadi. Organizm qayta tiklanadi. Tennisda ko'zingiz pishadi. Ringda qo'l keladi bu. Futbol oyoqni kuchaytirishga yordam beradi.
– Adashmasam, terma jamoa azolari Sizni “Kaka”, deb chaqiradi.
– Hatto Murod desangiz ko'pchilik tanimaydi (kuladi). Adashmasam, yo ikki, yo uchinchi sinf edim. Dadam “Kaka”, deb yozilgan “Real” Madrid libosini sovg'a qilgandi. SHundan beri, bokschi bo'lsamda meni, “Kaka” deb chaqirishadi.
“Aqdan-baqdan”:
– Qanday vaqtlarda “to'ningizni teskari kiyasiz”?
– Teskari kiyadigan to'nim yo'q (kuladi). Rosti – meni xafa qilish qiyin.
– Bilmasdan do'stlar oldida “qovun tushirib qo'ysangiz”…
– Tushgan qovunni yashirib qo'yamiz (kulgu).
Bilasizmi?
* Murodjon Ahmadaliev Rio-2016 boks musobaqasining barcha vazn toifasi ichida birinchi nokaut evaziga g'alaba qozongan charm qo'lqop ustasidir. Unga argentinalik raqibini mag'lubiyatga uchratish uchun 2 daqiqa 32 soniya etarli bo'lgan.
“Erudit SPORT” malumotnomasi:
1994 yilning 2 noyabr kuni Namangan viloyatining CHust tumanida tug'ilgan. Osiyo chempionati-2015 hamda Jahon chempionati-2015 vice-chempioni. Olimpiya O'yinlari-2016 bronza medali sovrindori. Birinchi ustozi Qobiljon Karimov.
Ulug'bek RAHMONQULOV suhbatlashdi.
Fikrlar