So’nggi yangiliklar

12:46Португалиянинг ЖЧ-2026 дан чиқиб кетганида Роналдуни айблашди 0 12:23"Конор Макгрегорнинг энг кучли талқинига қарши жангга тайёргарлик кўряпман" - Холлоуэй 0 11:59Расман! Мурат Гассиевнинг рақиби эълон қилинди 0 11:36UFC 331 турнирининг санаси, манзили, асосий жанги очиқланди 0 11:01"Тож ҳеч қачон тушмайди". Роналдунинг опаси — ҳужумчининг Португалия терма жамоасидан кетиши ҳақида 0 10:33Йен Гэрри: "Махачевни ўз қуроли билан енгаман" 0 10:32Ана холос! Қозоғистонлик жаҳон чемпиони рафиқасига нисбатан шафқатсиз зўравонликда айбланмоқда! 0 09:47Ўзбекистон профессионал бокс федерациясига янги раис сайланди 0 09:02ЎФАга очиқ савол: терма жамоаларга мураббий тайинлашда қачонгача “эксперимент” қилинади? 0 19:01WBA рейтинги ҳам янгиланди: икки боксчимиз ўз вазнида етакчи 0 18:30Расман. Санжар Зокировнинг кейинги рақиби чеченистонлик жангчи бўлади 0 17:43WBO рейтинги янгиланди: 5 нафар боксчимиз ТОП-15'да қайд этилди 0 17:22Блаттер Балогун ҳақида: "ФИФА, қаёққа қараб кетяпсан?" 0 16:49Забит Магомедшарипов укасининг мағлубияти учун Росасдан қасос олмоқчи 0 16:1711 нафар ўзбек боксчиси WBC'нинг янгиланган рейтингидан жой олди 0

07 iyu 09:02
Yangiliklar

Futbol

O'FAga ochiq savol: terma jamoalarga murabbiy tayinlashda qachongacha “eksperiment” qilinadi?

Teglar :  O'FA
XXI asrda o'zbek futbolining eng katta muammolaridan biri - tizimsizlik va barqaror strategiyaning yo'qligi bo'lib qolmoqda.

Agar tarixga nazar tashlasak, deyarli har bir yosh toifasidagi terma jamoamiz kamida ikki-uch martadan murabbiy almanishini boshdan kechirgan. Bu zanjirda faqatgina 2008 yillarda tug'ilgan futbolchilar avlodi istisno bo'lishi mumkin, xolos. Qolgan barcha yoshlarda — doimiy izlanish, doimiy tajribalarga qo'l urib kelinyapti. Bu mavzuning chuqur qatlamlariga sho'ng'ishdan avval, yaqinda sodir bo'lgan yangilikka etibor qaratsak.


Yangi loyiha: O'zbekiston U-14 (2012 yillar) terma jamoasi

Joriy yildan etiboran O'zbekiston futbol associaciyasi (O'FA) 2012 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat yangi U-14 terma jamoasini ochdi. Ushbu jamoa 2029 yilgi U-17 Osiyo Kubogida yurtimiz sharafini himoya qilishi belgilangan va ular allaqachon o'zlarining ilk o'quv-mashg'ulot yig'iniga kirishishdi.

Biroq, jamoaga bosh murabbiy etib Abdumajid Toirovning tayinlanishi jamoatchilikda qator savollarni tug'dirmoqda.

photo_2026-07-07_07-38-45.jpg



Bosh murabbiy haqida ikki og'iz

Abdumajid Toirovni futbolchi sifatida Farg'onaning "Neftchi" klubidagi yorqin o'yinlari orqali yaxshi taniymiz. Lekin uning bosh murabbiylik salohiyati katta sahnada hali sinalmagan. Biz Toirovni ko'proq OFK o'quv kurslarida instruktor sifatida ko'rardik. Keyinchalik u "Surxon" va "Bunyodkor" klublarida sport direktori, shuningdek, "Unwanted Boys" media jamoasida murabbiy sifatida faoliyat yuritdi. Oxirgi yillarda esa "Neftchi" klubida yoshlar futboli kordinatori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Na bolalar futbolida, na katta futbolda murabbiylik potencialini namoyon qilmagan.

SHu o'rinda haqli savollar tug'iladi:


Xorijdan kelib, qanday ish qilganini hech kim tushunmay ketgan texnik direktor Gi Kialadan so'ng, bu tayinlov kimning tashabbusi bilan amalga oshirildi? Usmon Toshevmi? Murabbiylar kengashimi?

O'FA qaysi mezonlarga tayanib Toirovni terma jamoa ruliga o'tkazdi? Bu ham navbatdagi tavakkalchilikmi?

Maqsad kimgadir dushmanlik qilish emas, balki porloq bir avlodning taqdiri uchun qayg'urishdir. CHunki bugun qilingan xato ertaga butun bir avlodni yo'qqa chiqarishi, O'FA va Toirov obro'sini er bilan bitta qilishi hech gap emas.


Javob Kutayotgan 4 muhim savol:

Nomzodning salohiyati: Abdumajid Toirov murabbiy sifatida qanday yutuq va sifatlarga ega? U qaysi jamoada qanday natija ko'rsatdi yoki qaysi iqtidorni kashf qilib, katta futbolga taqdim etdi?

Avlodni tanish darajasi: U 2012 yilda tug'ilgan bolalarning ichki imkoniyatlarini nechog'lik yaxshi biladi? Yurtimizda ushbu yosh toifasini ichidan biladigan, ular bilan yillar davomida ishlab kelgan boshqa mutaxassislar yo'qmidi?

Barqarorlik kafolati: Yuqoridagi ananaga muvofiq, bir yildan keyin bu avlod yana boshqa odamning qo'liga topshirilib yuborilmaydimi?

Tizim qani? O'FAda terma jamoalarga murabbiy tayinlashning aniq, va uzoq muddatli strategiyasi mavjudmi o'zi?

photo_2026-07-07_07-43-22.jpg



Faktlar so'zlaganda: XXI asrdagi murabbiylar karuseli


So'zimiz quruq bo'lmasligi uchun so'nggi yillardagi achchiq raqamlar va faktlarga yuzlanamiz. Har bir yosh toifasi boshidan kechirgan scenariy bir xil: dastlab xato tayinlov, keyin muvaffaqiyatsizlik va nihoyat “yong'inni o'chirish” uchun boshqa murabbiyni chaqirish.

photo_2026-07-07_07-52-45.jpg



2001-2002 yillar (Olimpiya terma jamoasi)

Parij Olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritgan bu avlodni dastlab 14 yoshida Ahmadjon Musaev va uning yordamchisi Zokir Xayotov shakllantirishni boshlagan edi. Keyinchalik jamoa Dilshod Nuralievga topshirildi. 2017 yilgi Saudiya Arabistonidagi U-16 Osiyo Kubogi saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng Nuraliev ishdan olindi. CAFA turnirida jamoani Usmon Toshev va Baxtiyor Dadamatov boshqardi. Jamoa U-19 yoshiga o'tayotganda esa rul Otabek G'ulomxo'jaevga ishonildi. Yana o'sha Saudiyadagi saralash, yana janjallar va mojarolar... Yakunda G'ulomxo'jaev istefoga chiqarilib, loyiha Timur Kapadzega topshirildi va u jamoani Olimpiadaga olib chiqdi.

MyCollages.jpg



2004 yillar. Abduraimov boshlagan ishni Xaydarov yakuniga etkazdi

Azamat Abduraimov boshchiligidagi bu jamoa Toshkentdagi saralashda Hindiston bilan durang o'ynab, Osiyo chempionati yo'llanmasini juda qiyinchilik bilan naqd qilgan edi. Biroq, bitta xorij yig'inidan so'ng jamoa Olim SHokirovga berildi. SHokirov qita birinchiligiga tayyorgarlik ko'rayotgan pallada pandemiya sabab turnir bekor qilindi. Keyingi bosqichda yo'lboshchi sifatida Dmitriy Kim va Ildar Magdeev tayinlandi. Ammo 2022 yil Toshkentdagi U-23 Osiyo Kubogida 1999-2000 yillar qatnasholmasligi, ular o'rniga Kapadze jamoasi ishtiroki aniq bo'lgach, O'FA 2004 yillarni Ravshan Haydarovga topshirdi. Haydarov bu avlodga 2003 yillarni ham qo'shgan holda Osiyo chempioni bo'ldi va Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

7aded564-5da4-40f0-b30e-401940f5a9e9.png



2005 yillar (Los-Anjeles-2028 Olimpiadasi uchun poydevor)

O'FA bu jamoani avvaliga tajribali Rauf Inileevga topshirib ko'rdi. Bir nechta yig'inlardan so'ng Inileev maslahatchi, Farhod Nishonov esa bosh murabbiyga aylandi. Ammo Nishonov qo'l ostidagi jamoa U-20 Osiyo Kubogida Jahon chempionati yo'llanmasisiz qolgach, post yana Ravshan Haydarovga bo'shatib berildi. Hozirda jamoani navbatdagi Olimpiada saralashiga Ravshan Akmalovich tayyorlamoqda.

photo_2026-07-07_08-18-52.jpg



2006 yillar. Jeparovdan Rahmatullaevgacha

Bu avlodda ham barqarorlik bo'lmadi. Ishni Server Jeparov boshlagan edi, lekin estafetani Jamoliddin Rahmatullaev qabul qilib oldi. Laziz Mirzaev, Amirbek Saidov, Ollabergan Karimov kabi iqtidorlarni kashf qilgan bu jamoa U-17 Jahon chempionatida chorak finalgacha etib borib, muxlislar olqishiga sazovor bo'ldi.

2007 yillar. Jamoliddin Rahmatullaev yana qutqaruvchi rolida

Kelgusi yil U-20 Jahon chempionatida qatnashishi kerak bo'lgan bu yoshlarni birinchi bo'lib Zayniddin Tojiev yig'di. Faqatgina birgina xorij yig'inidagi salbiy natijalardan so'ng Tojiev lavozimidan ozod etildi. Uning o'rniga kelgan Asker Xalmuratov davrida jamoa haqiqiy parokandalikka uchradi, ketma-ket mag'lubiyatlar tufayli terma jamoa xuddi “koma” holatiga tushib qolgandek edi. Vaziyatni qutqarish uchun yana 2006 yillar bilan muvaffaqiyat qozongan Jamoliddin Rahmatullaev chaqirildi. U avvalgi jamoasida bu yoshdagi Azizbek To'lqinbekov va Behruz Karimov kabi futbolchilar potencialini yaxshi bilgani bois, jamoani qayta jonlantira oldi. 2007 yillar bilan ishlash unga begona emas.

photo_2026-07-07_08-19-53.jpg



2009 yillar - CHigodaevda yangi avlod bolalari


Dilshod Nuraliev o'zi katta qilgan va shakllantirgan 2009 yillar terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvida Yaponiya ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng... istefoga chiqarildi! Jamoa Sergey CHigodaevga topshirildi. To'g'ri, CHigodaev jamoani Jahon chempionatiga olib chiqdi, ammo Osiyo Kubogi vaqtida terma jamoa o'zining eng kuchli va optimal holatida emasdi.

2010 yillarda vaziyat qanday?

2022 yilda, futbolchilik faoliyatini tugatganiga atigi ikki yil bo'lgan Anvar G'ofurovga 2010 yillar terma jamoasi ishonib topshirildi. G'ofurov selekciya ishlarini boshladi, rejaga ko'ra bu jamoa yurtimizda o'tishi kerak bo'lgan Yoshlar Osiyo o'yinlarida qatnashishi lozim edi. Biroq musobaqa mezbonligi va formatlar o'zgarib ketgach, ushbu terma jamoa ham boshqa mutaxassis — Ayder Kurbaev ixtiyoriga o'tkazildi.

2011 yillar -shox soxta bo'lib chiqdi

O'tgan yilning aprel oyida tuzilgan ushbu terma jamoada selekciya ishlarini dastlab germaniyalik Lars Xopp boshladi. FIFA tomonidan yuborilgan bu “xorijlik domla” Estoniya o'smirlar futbolida va Germaniyaning "Lyubek" maktabida ishlagan ekan. Ammo janob Xoppning O'zbekistondagi umri uzoqqa cho'zilmadi — 3-4 oydan so'ng Vanuatu degan kichik bir orol davlatga jo'nab qoldi. Uning darajasi shu erdan malum. Biz futbol o'ynashni biladigan, Jahon chempionatini ko'rgan davlatmiz Vanuatu emas. Bugungi kunda bu yosh terma jamoa bolalar futbolida ulkan tajribaga ega, Ravshan Haydarov shtabida ikki karra Osiyo chempioni bo'lgan, Jahon chempionatini ko'rgan Miraziz Mirzaahmedovga qoldi. Miraziz Mirzaahmedov bu yillarning imkoniyatini juda yaxshi biladi. Nega avvalroq boshidan berilmadi?

68502.jpg

Agar Abdumajid Toirov nomzodi shunchalik ko'p shubha va savollarni tug'dirayotgan bo'lsa, unda bu masuliyatli postga kim loyiq edi? Yurtimizda bolalar futbolining ichida yurgan, ushbu yosh toifasini besh qo'lday biladigan haqiqiy mutaxassislar yo'qmidi? Albatta bor!
Masalan, Zokir Hayotovni olaylik. U "Bunyodkor" akademiyasida aynan 2012 yilda tug'ilgan bolalar bilan yillar davomida mehnat qilib, Toshkent shahar chempionatida barcha bosh sovrinlarni o'zniki qilib kelmoqda. Bu avlodning ichki muhiti, iqtidorlari va imkoniyatlarini yaxshi bilardi. Yoki "Paxtakor" tizimida yoshlarni katta futbolga tarbiyalayotgan Bobir Abdurahmonov bor, bor ana, tajribali, Jahon chempionatini ko'rgan Anvar Rahimov bor. Stanislav Kudryashov bilan Rustam Qurbonboev tandemichi? Bu mutaxassislarning har biri bolalar futbolining havosidan nafas olib, shu sohaning “qozonida qaynagan” insonlardir.

Biroq, bu erda asosiy gap faqatgina falonchi yoki pistonchining murabbiy bo'lishida emas. Eng katta muammo — tanlov va tayinlovlarning to'g'ri hamda professional mezonlar asosida amalga oshirilmayotganida!

Xulosa o'rnida: O'FAga ochiq savollar

Yuqorida keltirilgan tizimli faktlar shuni ko'rsatmoqdaki, O'FA murabbiy tayinlash jarayonining dastlabki bosqichidayoq doimiy ravishda xatoga yo'l qo'ymoqda. Keyinchalik esa o'sha xatoni xaspo'shlash yoki “yong'inni o'chirish” uchun bolalarni boshqa bir mutaxassisga qo'sh-qo'llab topshirmoqda.

Bunday beqaror muhitda nafaqat natija boy beriladi, balki o'sib kelayotgan yosh futbolchilarning ruhiyati va professional rivojlanishiga ham jiddiy putur etadi.

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing