14 sen 07:58
Yangiliklar
O'zDJTSU 65 yoshda! Ko'zguda – adaptiv jismoniy tarbiya va sport turlari kafedrasi
Mamlakatimizda Istiqlolning ilk yillaridayoq hukumatimiz tomonidan millat genafondini yaxshilash, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o'rtasida sportga bo'lgan ishtiyoqni kuchaytirish maqsadida keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, keyingi yillarda sportga bo'lgan etibor yanayam kuchaytirildi. Buning natijasida sportga oshno bo'lgan millionlab o'g'il-qizlar orasidan istedodli sportchilar bo'y ko'rsatishdi. Xususan, bu borada imkoniyati cheklangan bolalarning ko'pchiligi ham sportni tanlab xato qilmadi. Mashaqqatli mashqlarni bo'ysundirib, katta sport sari dadil qadam tashladi. Va hamon mashg'ulotlarga zo'r berib, g'alabali yurishlarini davom ettirishmoqda. Gapimizni mubolag'aga yo'ymasligingiz uchun 2016 yili Rio de Janeyro shahrida bo'lib o'tgan XV yozgi Paralimpiya o'yinlarida sportning engil atletika, suzish, dzyudo, o'q otish, og'ir atletika turlari bo'yicha 32 nafar sportchimizdan 31 nafari 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronzani qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o'rinni, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida 1-o'rinni, MDH davlatlari o'rtasida 2-o'rinni (1-o'rin Ukraina), Osiyo davlatlari o'rtasida 2-o'rinni (1-o'rin Xitoy) egallashga muvaffaq bo'lganini eslashning o'zi kifoya, nazarimizda.
So'zimizni bejizga imkoniyati cheklangan sportchilar haqida boshlamadik. Boisi, navbatdagi sahifamizda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportni boshqarish va kasbiy fanlar fakulteti negizidagi Adaptiv jismoniy tarbiya va sport turlari kafedrasi faoliyati haqida to'xtalib o'tamiz.
Bilsangiz, MDH davlatlari ichida birinchilardan bo'lib O'zbekistonda nogironlarning huquqlarini o'z ichiga olgan huquqiy baza yaratildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida»gi PF-5270-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga ko'ra, zamonaviy tibbiyot va ilm fanning ilg'or yutuqlari, diagnostika, davolash va reabilitaciyaning sifat standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sog'lomlashtirish xususiyatidagi chora tadbirlarni yaxshilash, sog'lom va faol turmush tarzini olib borish madaniyatini targ'ib qilish, nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash sohasidagi, shu jumladan, nogironlikni belgilashning samarali mezonlarini qo'llashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish vazifasi alohida belgilab qo'yildi.
SHu bois bugun kafedrada adaptiv jismoniy tarbiyani yanada rivojlantirish, sport turlari bo'yicha etakchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida etibor qaratilgan.
Kafedra ilk faoliyatini 2018 yildan Paralimpiya sport turlari kafedrasi nomi bilan boshlagan bo'lsa, 2019 yildan universitet kengashininig Qarori bilan Adaptiv jismoniy tarbiya va sport turlari nomi bilan ish faoliyatini davom ettirmoqda. Ayni paytda kafedrada 2 nafar pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), 2 ta v.v.b. docent, 1 nafar katta o'qituvchi, 2 nafar o'qituvchi – jami 7 nafar professor- o'qituvchilar talabalarga mutaxassisliklar bo'yicha dars berishadi. 2 nafar o'qituvchi mustaqil izlanuvchilar safida bo'lib, bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasida o'z ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Kafedraga hozirda v.v.b. bo'lib docent Mexriddin Xayriddinovich Mirjamolov rahbarlik qilmoqda. Mexriddin Mirjamolov 2005-2009 yillarda O'zDJTSUning kasb talimi ixtisosligini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2009-2011 yillarda Adaptiv jismoniy tarbiya yo'nalishi bo'yicha magistratura bosqichida ham imtiyozli diplom olishga erishdi. 2012-2013 yillar O'zDJTSU aspiranti sanalgan.
Mehnat faoliyatini 2011 yilda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati kafedrasida o'qituvchilikdan boshlagan M. Mirjamolov 2013 yilda Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati kafedrasida katta o'qituvchi, 2015-2018 yillarda Ko'pkurash sport turlari fakultetida dekan muovini lavozimida ishladi. Ushbu lavozimida ishlagan vaqtdan boshlab fakultetning ilmiy-uslubiy, sport va manaviy ishlari samaradorligini oshirish borasida izlanib, o'quv dasturlari va o'qitilayotgan fanlar bo'yicha o'quv-uslubiy majmualarni hamda maruzalarni yangilash, zamonaviy talab darajasiga mos ko'rinishga keltirishda jonbozlik ko'rsatadi.
2015 yilda Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar talimini rivojlantirish markazida malaka oshirib, sertifikatga ega bo'ldi. M. Mirjamolovning ilmiy rahbarligida 2015 yil Jismoniy tarbiya, sport nazariyasi va amaliyoti fani bo'yicha talabalar Respublika fan olimpiadasining ikkinchi bosqichida Xurshid Qurbonov 1-o'rinni egallashga muvaffaq bo'ldi. Uning bevosita ilmiy rahbarligida Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati kafedrasining talabasi R.CHoriev 2015 yil Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasi sohibiga aylandi. Doim ilmiy izlanishda bo'lgan M. Mirjamolov “Jismoniy imkoniyati cheklangan o'quvchilarning sport mashg'ulotlariga moslashishi” nomli o'quv uslubiy qo'llanma nashr ettirdi. M.Mirjamolov 2018 yil O'zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan o'quvchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini oshirishning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirish mavzusidagi pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertaciyasini himoya qilishga erishdi. 2018-2020 o'quv yillarda “Sog'lomlashtirish texnologiyasi” nomli o'quv qo'llanma, “Paralimpiya tarixi va o'yin qoidalari”, “Paralimpiya harakati” nomli uslubiy qo'llanmalar hamda “Jismoniy imkoniyati cheklangan o'quvchilar bilan olib boriladigan jismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlarining ilmiy-uslubiy asoslari” nomli monografiyasi nashr qilindi. M.Mirjamolov 70 dan ortiq ilmiy-uslubiy yo'nalishdagi ishlar muallifi hisoblanadi.
Kafedra o'qituvchisi sifatida faoliyat yuritayotgan L. B. Sobirova ham “Boshlang'ich sinf o'quvchilarining qaddi-qomat buzilishini oldini olishda maxsus jismoniy mashqlar majmuidan foydalanish samaradorligi” mavzusidagi pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga erishdi. SHuningdek, kafedrada o'qituvchilardan S.A.Yunusov “Metodicheskie osobennosti postroeniya godichnogo cikla podgotovki paralimpiycev pauerliftyorov” mavzusida, SH.A.Abdiev “Harakati cheklangan yuqori malakali uloqtiruvchilarni sport mashg'ulotlarini rejalashtirish orqali yuqori natijalarga erishish” mavzusida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.
Kafedra mudiri Mexriddin Mirjamolov boshchiligida xalqaro hamkorlik ishlariga ham alohida etibor qaritilgan. Xalqaro hamkorlik doirasida Rossiya Federaciyasining P.F.Lesgaft nomidagi milliy jismoniy tarbiya va salomatlik universiteti bilan, Yaponiyaning JICA va xalqaro aloqalar agentligi – Toxoku Markazi, “So-innovation laboratory” tashkiloti bilan yaqin aloqalar o'rnatilgan. Ushbu tashkilot bilan 2019 yil imkoniyati cheklangan insonlarni sport bilan shug'ullanish orqali ijtimoiy moslashuvini qo'llab-quvvatlash bo'yicha hamkorlik natijasida 38 mln. so'mlik xalqaro mini-grant qo'lga kiritildi.
Kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida 2017-2021 yillarga mo'ljallangan istiqboldagi rejalar ham ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi mazmun-mohiyatini talaba yoshlarga tizimli ravishda tushuntirib borish, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taminlash;
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bo'yicha belgilangan vazifalar ijrosini taminlash bo'yicha “Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish muhim masala ekanligi va shu asosida nogironligi bo'lgan shaxslar, boquvchisini yo'qotganlar, yolg'iz keksalar, ko'makka muhtoj qatlamdagilarni qo'llab-quvvatlash maqsadida joylarda manaviy-marifiy tadbirlarni tashkillashtirish;
2020-2021 o'quv yilida universitet professor-o'qituvchilar o'rtasida sog'lom turmush tarzi asoslarini targ'ib etish, sportning ommaviyligini taminlash maqsadida “Salomatlik kundaligi”ni targ'ib etish;
2020-2021 o'quv yilida Xotin-qizlar sportini yanada takomillashtirish maqsadida – universitetda “Jismoniy tarbiya va sport salomatlik garovi” shiori ostida ommaviy sport musobaqalarini tashkillashtirish va universitet xotin-qizlaridan iborat o'qituvchilar o'rtasida sportning voleybol, stol tennisi, engil atletika, badminton, shaxmat, shashka sport turlaridan musobaqalar o'tkazish;
Sportni jadal rivojlantirish, yoshlarni yanada sportga jalb etish maqsadida xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan malakali sportchilar bilan master klasslar tashkil etish;
“Buyuk daholarimiz – bebaholarimiz” mavzusida allomalarimizning boy ilmiy meroslari tarixini o'rganish, ularning asarlaridagi manaviy yuksaklik, komillik, vatanparvarlik kabi tarbiyaviy jihatlarni o'qib-o'rganish va targ'ib qilish asosida manaviyat tadbirlar tashkil etish, talaba yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlarni amalga oshirish;
Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning birinchi tashabbusi doirasida talaba-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ'ib qilish bo'yicha amaldagi olib borilayotgan ishlarni davom ettirish maqsadida kitobxonlik kechalarini davomiy tashkil etish va “Kitobxonlik saodati” manaviy-marifiy tadbirlarini tashkil etish, asar mualliflari ishtirokida ijodiy kechalar, davra suhbatlarini tashkil etish;
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taminlash maqsadida aholi orasida jismoniy tarbiya va sog'lomlashtirish, ommaviy sport ishlarini tashkil etish va bu borada mahallalar hamkorligida musoboqalar tashkil etish ishlarini amalga oshirish.
Darvoqe, kafedra xalqaro musobaqalarning g'olib va sovrindorlari, olimpiya o'yinlarining yo'llanmalariga ega sportchilari bilan ham faxrlanishadi. Boisi, Yaponiyada o'tadigan navbatdagi yozgi Paralimpiya o'yinlarida talabalardan Temur G'iyosov (para atletika), SHahnoza Mirzaeva (para kanoe), Hayitmurod SHerqo'ziev (parakane) yo'llanmalarni naqd qilishgan bo'lishsa, pauerlifting bo'yicha jahon reytingida uchinchi o'rinni egallab turgan Ro'za Qo'zieva yo'llanmaga erishish arafasida turibdi. Bundan tashqari talabalardan Navro'zbek Abdurasulov pauerlifting sport turi bo'yicha jahon chempioni hisoblansa, Yashinbek Oltiev, Husniddin Usmonov, Tozaboy Xolnazarov, Nuriddin Mingyazovlar pauerlifting sport turi bo'yicha Osiyo chempionatida oltin medallarni qo'lga kiritishgan. Taekvondo bo'yicha Maxfuza Qurbonova hamda Gulmira Dadajonovlar esa ko'p bor O'zbekiston chempionligiga erishgan.
Bir so'z bilan aytganda, kafedra o'qituvchilari talabalarning o'zlari tanlagan mutaxassisliklari bo'yicha etuk kadrlar bo'lishi yo'lida doimiy izlanishda. Zero, izlanish, o'qish, yangilik yaratishga intilayotgan, umrini adaptiv jismoniy tarbiya rivoji uchun baxshida qilgan fidoyi ustoz va shogirdlar uchun bugun universitetda yaratilgan shart-sharoitlar har qachongidan alo!
Ilhom RAHMONOV tayyorladi, o'z muxbirimiz
Fikrlar