17 fev 17:17
Yangiliklar
Uchinchi jangidayoq chempionlik kamarini qo'lga kiritgan Lomachenko 33 yoshga to'ldi
SHu munosabat bilan Vasiliy Lomachenko haqidagi malumotlarni etiboringizga havola qilamiz.
To'liq ismi: Vasiliy Lomachenko
Laqabi: Hi-tech (Xay-tek)
Fuqaroligi: Ukraina
Tug'ilgan sanasi: 1988 yil, 17 fevral
Vazn toifasi: o'rtaengil (-57,15 kg,), ikkinchi o'rtaengil (-59 kg)
Uslubi: CHapaqay
Bo'yi: 168 sm
Murabbiyi: Anatoliy Lomachenko (otasi)
Promouter: Top Rank Promotions
Professional faoliyati:
O'tkazgan janglari:16
G'alabalar: 14
Nokautlar:10
Mag'lubiyatlar:2
Durang: 0
Havaskor boksdagi faoliyati:
O'tkazgan janglari: 397
G'alabalar: 396
Mag'lubiyatlar: 1
Lomachenkoga ikkita tarif:
HAVASKOR BOKSDAGI 397 TA JANGDAN 396 TASIDA G'ALABA QOZONGAN!
PROFESSIONAL JANGNING UCHINCHISIDAYOQ CHEMPIONLIK KAMARINI QO'LGA QIRITGAN!
Vasiliy Anatolevich Lomachenko 1988 yilning 17 fevralida Ukrainaning Odessa viloyatida tug'ilgan. Ukrainalik bokschi. Ikki karra Olimpiada chempioni (2008 va 2012), ikki karra jahon chempioni (2009 va 2011), o'smirlar o'rtasida jahon chempioni (2006), kadetlar o'rtasida Evropa chempioni (2004), Ukrainaning ko'p karra chempioni, Vel Barker kubogi sohibi, Ukrainada hizmat ko'rsatgan sportchi.
Havaskor boks tarixidagi eng kuchli bokschilaridan hisoblanadi. Havaskor boksdagi faoliyati davomida bir marotaba mag'lubiyatga uchragan - 2007 yilgi jahon chempionati finalida Albert Selimovga yutqazib qo'ygan. Biroq, keyinchalik ikki marotaba undan revansh olishga muvaffaq bo'lgan. Birinchisi 2008 yilgi Olimpiadada, ikkinchisi esa 2013 yilda Butunjahon boks seriyasi doirasidagi jangda.
Yarimengil vazn toifasida (WBO 2014 - 2016) jahon chempioni, ikkinchi yarimengil vazn toifasida jahon chempioni (2016 - 2018). Engil vaznda WBA, WBO (2018 - 2020), WBC (2019 - 2020) yo'nalishlari chempioni. Uchinchi jangidayoq professional boksda chempionlik kamarini qo'lga kiritgan bokschi 2014 yilda 39 yillik rekordni yangilagan. SHuningdek, 7 ta jangda ikkita yo'nalish bo'yicha jahon chempionligini qo'lga kiritib, rekord o'rnatgan.
2016 yilni reytingda 6-o'rinda yakunlagan va dunyoning eng yaxshi bokschisi deb elon qilingan.
Havaskor boks
Vasiliy boks bilan shug'ullanishni bolaligidayoq boshlagan.
“Faoliyatimni onamni qornidayoq boshlaganman. Tug'ruqxonadan uyga olib kelishganidan so'ng, otam qo'llarimga boks qo'lqoplarini taqib qo'ygan ekanlar. O'shanda 1988 yil bo'lgan. Keyin esa boks zaliga bora boshladim. Lekin, boks bilan qachon shug'ullanishni boshlaganimni eslay olmayman”, - deydi bokschining o'zi.
Vasiliy havaskor boksdagi ilk jangini 1994 yilda 6 yoshligida o'tkazgan. "Nadejda" turniri doirasida bo'lib o'tgan o'sha jangda Vasiliy g'alaba qozongandi. Biroq, hakamlar uning yoshi kattaroq raqibini hafa qilmaslik uchun durangni qayd etishgan. Keyinchalik esa, u ko'plab viloyat va mamlakat chempionatlarida ketma-ket g'alabalar qozondi.
Havaskor boksda uning dastlabki muvaffaqiyati - 16 yoshida mamlakat chempioniga aylangani bo'lgan. O'sha yilning o'zida qahramonimiz 16 yoshgacha bo'lgan bokschilar (kadetlar) o'rtasida Evropa chempionatida oltin medalni qo'lga kiritadi.
Jahon chempionati - 2007
CHikagoda bo'lib o'tgan jahon chempionati yarim finalida xitoylik Li Yanga qarshi bo'lib o'tgan jang Vasiliy uchun faoliyatidagi eng qiyinlaridan bo'lgandi. Mag'lubiyatga uchrayotgan bokschi so'nggi soniyalarda g'alabani ilib ketishga muvaffaq bo'lgan. Finalda esa uni yanada qiyin raqib - rossiyalik Albert Selimov kutib turardi. Lomachenko birinchi raundda unga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Ikkinchi va uchinchi raundlar esa Vasiliyning ustunligi ostida kechgan. To'rtinchi raundda esa rossiyalik bokschi hakamlar qaroriga ko'ra g'olib deb topilgan. O'sha jangda ukrainalik bokschining bir qancha ochkolari hisobga olinmagan. Ushbu jang Lomachenkoning havaskor boks faoliyatidagi ilk va yagona mag'lubiyati sifatida tarixda qolgan. O'sha turnirda Vasiliy kumush medal bilan kifoyalangandi.
Vasiliyni havaskor boksdagi faoliyati davomida faqatgina bir marotaba shu ahvolda ko'rganmiz...
Olimpiada - 2008
Pekin Olimpiadasining ilk bosqichida taqdir uni yana Albert Selimovga uchrashtirdi. Ushbu jangda Lomachenko raqibiga imkoniyat qoldirmadi va 14:7 hisobida g'alaba qozondi.
1/8 finalda esa u Bahodirjon Sultonovni (13:1) mag'lubiyatga uchratgan holda, chorak finalga yo'llanma oladi.
Ketma-ket g'alabalar orqali finalga etib borgan bokschi hal qiluvchi jangda franciyalik raqibi Jelkir Kedafini mag'lub etib, Olimpiada chempioniga aylangan. O'sha bahsda Vasiliy raqibini uch marotaba nokdaun holatiga tushirib qo'ygandi.
Olimpiada yakunlariga ko'ra Lomachenko Vel Barker kubogini qo'lga kiritgandi. Huddi Hasanboy Do'smatovga o'xshab :)
Jahon chempionati - 2009
Milanda bo'lib o'tgan jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritish bokschi uchun qiyinchilik tug'dirgani yo'q. O'sha jahon chempionatida bokschining 1/16 finaldan finalgacha bo'lgan natijalari shunday bo'lgandi: 16:2, 15:1, 8:2, 12:1, 12:1.
Jahon chempionati - 2011
Bokuda bo'lib o'tgan jahon chempionatining nimchorak finalida u braziliyalik Robson Konseysaoga to'qnash kelgan va 18/19 hisobida yutqazib qo'ygandi. Biroq, o'sha o'yindagi hakamlik juda katta shubha va bahslarni keltirib chiqargandi. Butun jang davomida ustunlik qilgan Vasiliy hattoki raqibini nokdaun holatiga tushirgandi. Keyinroq jangdagi takroriy vaziyatlar ko'rib chiqilgan, hakamlar xatolari o'rganib chiqilgan va g'alaba Lomachenko hisobiga yozilgan.
Yarim finalga chiqish uchun esa u o'zbekistonlik bokschi Fazliddin G'oibnazarovga qarshi to'qnash kelgan va yakunda 18:10 hisobida g'alaba qozongan.
Ushbu turnirda ham Vasiliy barcha raqiblarini mag'lubiyatga uchratib, jahon chempioniga aylangan.
Olimpiada - 2012
London Olimpiadasi ham Lomachenko uchun omadli o'tgan va u -60 kg vazn toifasida ham Olimpiada oltin medalini qo'lga kiritgan.
Yarim professional liga
2012 yilning oktyabrida Lomachenko havaskor ringdagi faoliyatini yakunladi va WSB (Butunjahon boks seriyasi) yarim professional ligasidagi janglarda ishtirok etish uchun shartnoma imzoladi. "Ukraina atamanlari" safidagi ilk jangini 2013 yilning yanvar oyida o'tkazgandi.
O'sha yili ukrainalik bokschilar finalgacha etib borgandilar va finalda "Astana Arlans"ga imkoniyatni boy berib qo'ygandilar.
2013 yilning yozida Vasiliy otasi Anatoliy Lomachenko bilan birgalikda AQSHga yo'l oladi. Maqsad - qisqa vaqt ichida chempionlik jangini tashkillashtirib bera oladigan promouter topish edi.
26 iyul kuni esa Lomachenko "Top Rank" bilan shartnoma imzolaganligi elon qilindi.
O'rtaengil vazn
Professional ringda Lomachenkoning ilk raqibi puertorikolik bokschi Jonatan Okendo (23-3) bo'lishi lozim edi. Biroq, Okendo mashg'ulotlar vaqtida o'ng qo'lidan jarohat oldi va ushbu jang bekor qilindi. Keyin esa uning o'rniga meksikalik Xose Ramirez raqib sifatida tanlandi (25-3).
2013 yilning 12 oktyabrida bo'lib o'tgan jangda, Lomachenko g'alaba qozondi va WBO talqini bo'yicha interkontinental sovrinini qo'lga kiritdi. Jangdan keying matbuot-anjumanida esa Vasiliyning keyingi jangi WBO yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni Orlando Solidoga qarshi bo'lib o'tishi elon qilindi.
Orlando Salidoga qarshi chempionlik jangi
Vasiliy Lomachenko professional boksdagi ikkinchi jangidayoq chempionlik jangida ishtirok etdi. Meksikalik 33 yoshli tajribali Orlando Salidoga qarshi bo'lib o'tgan jangda aynan Vasiliy favorit deya etirof etilgandi. Jangda tomonlar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Salido ushbu jangda muntazam beldan pastga zarba berdi. Lekin, undan ochkolar olib tashlangani yo'q. Meksikalik bokschi pressing hisobida ringda ustunlik qildi. 12-raundda Lomachenko chempionga yaxshigina zarba berib, uni muvozanattan chiqara olgandi. Biroq, tajribali bokschi gongacha turib bera oldi. Yakunda Salido hakamlar qaroriga ko'ra g'alaba qozondi. Biroq, ushbu qaror ko'pchilik tomonidan bahs munozaralarga sabab bo'ldi. Jang tahlil qilinganda, Salido Lomachenkoga bahs davomida 41 marotaba beldan past qismiga zarba bergani aniqlangan.
SHu tariqa, Lomachenko ikkinchi jangidayoq chempionlik kamarini qo'lga kiritishdek tarixiy natijani qayd eta olmadi.
Geri Rasselga qarshi chempionlik jangi
Salido o'z vaznini o'zgartirganidan so'ng Lomachenko ushbu vazn toifasida vakant qolgan chempionlik kamari uchun asosiy davogarga aylanib oladi. CHempionlik uchun Vasiliyga WBO reytingida birinchi o'rinda turgan Geri Rassel halal berayotgandi. 24 ta jang o'tkazib, ularning barchasida g'alaba qozongan bokschi ham o'z vaqtida (2011 yilda) Lomachenkoga o'xshab kelajagi porloq bokschi deb topilgandi.
Jang kutilganidek tezkor tempda bo'lib o'tdi. Vasiliy ushbu to'qnashuvda biroz ustunlik qildi. U o'zining tezkor va aldamchi zarbalari evaaziga muvozanatni o'z tomonida ushlay oldi va hakamlarning qaroriga binoan g'alaba qozondi. Hisob: 114-114, 116-112, 116-112 - Lomachenko foydasiga! SHu tariqa, ukrainalik bokschi boks tarixidagi 39 yillik rekordni takrorladi. U professional boksdagi uchinchi jangidayoq chempionlik kamarini qo'lga kiritdi. Yana bir qiziqarli fakt: Lomachenko chempion bo'lib, kamar egasiga aylanguniga qadar faqatgina bitta jangda g'alaba qozongandi.
Kamarni himoya qilish
2014 yilning 23 noyabrida u 29 yoshli taylandlik CHonlatarn Piriyapinoga qarshi bo'lib o'tgan jangda o'z kamarini himoya qildi. Faoliyati davomida 53 ta jangning 52 tasida g'alaba qozongan bokschiga qarshi jang to'liq Lomachenkoning ustunligi ostida kechdi. U to'rtinchi raundda raqibini nokdaun holatiga tushirib qo'ya olgandi. O'sha nokdaun CHonlatarn uchun faoliyatidagi birinchisi edi. Yakunda Vasiliy 120:107 hisobida g'alaba qozondi.
2015 yilning 2 may kuni bo'lib o'tgan jangda esa u puertorikolik Gamaler Rodrigesni 9-raundda nokautga uchratdi va ikkinchi marotaba kamarini himoya qildi.
O'sha yilning 7 yanvarida Lomachenko uchinchi marotaba kamarini himoya qilidi. O'shanda u meksikalik Romulo Koasicheni 10-raundda nokautga uchratgandi.
Ikkinchi o'rtaengil vazn
O'rtaengil vazn toifasida taniqli raqiblar tanlovi qolmagani sababli, Vasiliy Lomachenko ikkinchi o'rtaengil vazn toifasiga o'tadi. Nikolas Uolters bilan bo'lib o'tgan muvaffaqiyatsiz muzokaralardan so'ng Lomachenkoning promouterlari puertorikolik jahon chempioni Roman Martines bilan jang tashkil qiladilar.
Roman Martinesga qarshi chempionlik jangi
2016 yilning 11 iyunida WBO yo'naligi ikkinchi o'rtaengil vazn toifasidagi jahon chempioni - Roman Martinesga qarshi jang bo'lib o'tdi. HBO telekanali orqali translyaciya qilingan ushbu jang kechaning asosiy jangi bo'lgandi. Lomachenkoning gonorari esa o'zi uchun rekord - 850 ming dollarni tashkil qilgan.
Jangda Vasiliy 5-raunddayoq raqibini nokaut holatiga tushirib qo'ydi. Ushbu natija orqali u yana bir rekordni takrorladi: 7 ta jang o'tkazish orqali ikkita vazn toifasida jahon chempionligini qo'lga kiritish (oldingi rekord yaponiyalik Naoya Inouega tegishli edi, 8 ta jang)
Nikolas Uoltersga qarshi himoya jangi
Uzoq davom etgan muzokaralardan so'ng 2016 yilda Top Rank prezidenti Bob Arum Lomachenkoning yamaykalik sobiq jahon chempioni Nikolas Uoltersga qarshi jangi bo'lib o'tishi haqida elon qildi. Ushbu jang uchun Lomachenkoning gonorari 1 million dollar etib belgilandi.
Jang to'liq chempionning nazorati ostida kechdi. O'shanda Uloters istedodli raqibiga qarshi xech narsa qila olmadi va 7-raunddan so'ng jangni davom ettira olmadi. SHu tariqa, Vasiliy Lomachenkoning yangi vazn toifasidagi ilk himoya jangi ham muvaffaqiyatli o'tdi.
SHundan so'ng qahramonimiz Jeyson Soa, Migel Marriaga, Gilerme Rigondo, Xorxe Linares, Xose Pedrasa, Entoni Krolla kabi raqiblarni taslim etdi.
Lyuk Kempbell bilan WBA Super, WBC va WBO kamarlari uchun kurash
2019 yil 1 sentyabrga o'tar kechasi Londonda (Angliya, Buyuk Britaniya) boks shousi bo'lib o'tdi. Uning asosiy voqeasi - engil vaznda WBC, WBA Super va WBO chempionlik unvonlari uchun Vasiliy Lomachenko (14-1, 10 KO) va Britaniyalik Lyuk Kempbell (20-3, 16 KO) jangi edi. Jangda Lomachenko hakamlarning bir ovozdan chiqargan qarori bilan g'alaba qozondi: 119-108 (ikki marta) va 118-109.
SHunday qilib, Vasiliy WBC kamariga ham sazovor bo'ldi va 3 ta - WBA Super, WBC va WBO kamarlarini birlashtirdi.
Vasiliy Lomachenko - Teofimo Lopes
2020 yilning 18 oktyabrida engil vazn toifasida ikki jahon chempioni o'rtasidagi 12 raundlik jang: ukrainalik Vasiliy Lomachenko - engil vazn toifasida WBC Franchise, WBA Super va WBO yo'nalishlari bo'yicha jahon chempioni va amerikalik Teofimo Lopes - engil vazn toifasida IBF chempioni. Jang engil vazn vazn toifasida IBF, WBC Franchise, WBA Super, WBO mutloq jahon chempioni unvonlari uchun kechdi.
Bazi mutaxassislar, masalan, ESPN telekanalining sharhlovchilaridan biri bo'lgan Andre Uord jang natijasini 114-114 hisobida «durang» deb baholadi. Ammo hakamlarning rasmiy hisobi: 116-112, 117-111, 119-109 amerikalik Teofimo Lopes foydasiga bo'ldi.
Jangdan so'ng Lomachenko o'zini g'alaba qozonaman deb o'ylaganini aytdi, ammo u vaziyatni shunday boricha qabul qilmoqda edi. Hakamlar chiqargan qaror esa ko'plab savollarni tug'dirdi.
Ayni paytda Lomachenkoning navbatdagi jangi bo'yicha muzokaralar davom etmoqda.
Vikipediya malumotlari asosida tayyorlandi
Fikrlar