03 iyu 08:42
Yangiliklar
Uimbldon. Dramatik kechgan Rahimova - Sakkari uchrashuv g'olibi tay-brekda aniqlandi
Mamlakatimizning birinchi raketkasi ilk bosqichda reytingda o'zidan to'rt pog'ona yuqorida borayotgan ukrainalik Angelina Kalininani 4:6, 6:4, 7:5 hisobida mag'lub etgan edi. Kamilla nufuzli musobaqaning 1/32 finalida dunyoning 43-raketkasi, greciyalik tennis malikasi Mariya Sakkariga qarshi kortga chiqdi.
Ikki soatu 46 daqiqa davom etgan murosasiz bahs taqdiri hal qiluvchi uchinchi setning tay-brekida hal bo'ldi. Birinchi setni 3/6 hisobida yutqazgan Rahimova ikkinchi setda raqibasiga bitta ham geymni yutib olish imkonini bermadi - 6/0. Uchinchi setda 5/3 hisobida oldinda borayotgan Rahimova o'z geymida uchrashuvni yakunlash imkoniyatini ko'kka sovurdi. Breykdan foydalangan tajribali Sakkari hisobni tenglashtirdi (6/6) va tay-brekda 10:7 hisobida zafar quchib, 1/16 finalga yo'l oldi.
Taqqoslash uchun, Kamilla Rahimova ayni paytda dunyoning 70-raketkasi bo'lib turibdi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan uchinchi uchrashuvi bo'ldi. Uchchala bahsda ham Sakkari zafar quchgan. Kechagi uchrashuv davomida Mariya 10, Kamilla 1 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar Rahimovada ko'proq bo'ldi - 6 ga 5.
Fikrlar