13 may 19:22
Yangiliklar

Zo'r xabar. Bogdan Guskovning jangi tasdiqlandi
Ramazon Temirovdan keyin Bogdan Guskovning ham 26 iyul kuni UFC Abu-Dabi turniri kardida jang o'tkazishi malum bo'ldi. Yarimog'ir vazndagi aralash yakkakurash ustamiz shu kuni rossiyalik 33 yoshli Nikita Krilovga qarshi oktagonga chiqadi.
Krilov aprel oyida ikki yillik tanaffusdan so'ng oktagonga qaytgan va biroz kutilmaganda birinchi raundning o'zida nokaut evaziga Dominik Reyesga imkoniyatni boy berib qo'ygandi. Nikita bu mag'lubiyatiga qadar uchta jangda g'alaba qozongandi.
Angrenlik 32 yoshli Bogdan Guskov esa uchta g'alabali seriya bilan kelmoqda. O'zining debyut jangida tajribali Volkan Ozdemirga yutqazgan hamyurtimiz keyin Zak Pauga va Rayan Spenn ustidan nokaut evaziga g'alaba qozondi, Billi Elekanni esa gilotina usuli bilan taslim etgandi.
Ayni paytda Nikita Krilov UFC yarimog'ir vazn toifasi reytingida o'ninchi, Guskov esa o'n to'rtinchi o'rinni egallab turibdi.
Malumot uchun, UFC Abu-Dabi turnirida hamyurtimiz Ramazon Temirov qozog'istonlik Asu Almabaevga qarshi jang qiladi. Ushbu oqshomning asosiy jangi o'rta vazn toifasi reytingida beshinchi o'rinni egallab turgan avstraliyalik Robert Uittaker hamda 13-pog'onadagi Niderlandiya vakili Rene de Ridder o'rtasida bo'lib o'tadi.
Fikrlar