19 fev 14:22
Yangiliklar
Jaloliddin "Katta Dubulg'a" turnirini g'alaba bilan boshladi, Gulnozada mag'lubiyat
Dzyudochilarimizning bugungi ishtirokini istedodli yosh dzyudochimiz, 2020 yili ham kattalar, ham yoshlar o'rtasida O'zbekiston chempioni bo'lgan Jaloliddin Boynazarov boshlab berdi. -73 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz ilk davrada tojikistonlik Behruzi Xojazodaga qarshi bahs olib bordi. Qo'shimcha bo'limda Boynazarov tomonidan amalga oshirilgan usul hamda unga berilgan vazari bahosi dzyudochimizni ikkinchi davraga olib chiqdi.
Xojazoda kattalar o'rtasidagi jahon chempionatida 5-o'rin, 2019 yilgi Toshkent Gran-Prisida kumush, Ekaterinburg "Katta Dubulg'a" turnirida bronza medalini qo'lga kiritgan edi. Bu Jaloliddin uchun birinchi katta musobaqa hisoblanadi. Endi Boynazarov ikkinchi davrada shveciyalik tajribali raqib Tommi Makiasga qarshi tatamiga chiqadi.
Afsuski, -70 kg vazn toifasidagi tajribali dzyudochimiz Gulnoza Matniyazova ilk bosqichdayoq mag'lubiyat alamini totib ko'rdi. U germaniyalik Jivonna Skokkimarroga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan erta xayrlashdi.
Fikrlar