20 jan 19:26
Yangiliklar
O'zbekistondan taklif kutgani, JCH bo'yicha o'z fikrlari, Eskobarning o'limi va ishlagan joylari haqida - Bora Milutinovich bilan samimiy suhbat
Qizig'i shundaki, Bora Milutinovich jahon chempionatlari tarixida 5ta terma jamoani boshqargan (Meksika-86, Kosta-Rika-90, AQSH-94, Nigeriya-98 va Xitoy-2002) va 4ta terma jamoa (Meksika-86, Kosta-Rika-90, AQSH-94 va Nigeriya-98)ni ketma-ket mundial pley-off bosqichiga olib chiqqan yagona murabbiy sifatida Ginnessning rekordlar kitobidan joy olgan. Serbiyalik murabbiy Qatarda Jahon chempionatini kuzatib bordi.
Suhbatni taniqli jurnalist Igor Rabiner va Championat.asia sayti asoschilaridan biri Gayrat Xasbiullin olib borishdi.
- Bora, men sizga 1998 yilgi Rossiya terma jamoasining taxminiy murabbiylar ro'yxati varog'ini ko'rsataman. Savolim shundaki, Rossiya sizni murabbiy roliga taklif etganmi va siz bilan muloqot qilishga urinishlar bo'lganmi?
- Men Rossiya bilan aloqada bo'lishdan xursand emasdim, men ularga ko'p vaqt sarflaganman. Meni hayron qoldirgan uchrashuv Xelsinkidagi olimpiya o'yinlarida bo'lgan edi, Yugoslaviya va SSSR o'rtasidagi uchrashuvning 77-daqiqacida 5-1 hisobda g'alaba qozonayotgan edik, u vaqtlari televizor va internet bo'lmasdi va men g'alabani nishonlash uchun shahar markazidagi maydonga yo'l olgandim. Maydonga etib borganimda esa hisob 5-5 bo'libdi, Bobrov 3ta gol urgan edi va men o'sha uchrashuvni yaxshi eslayman.
- Siz ikkinchi uchrashuvdan so'ng nima bo'lganini eslaysizmi?
- Ha, biz 3-1 hisobida g'alaba qozongan edik, lekin uchrashuvdan so'ng nima sodir bo'lganini eslashni xohlamayman (tahririyat - uchrashuvdan so'ng Stalin terma jamoa o'yinchilarini vatanga xoinlikda ayblagan. Sportchilarning keyingi taqdiri nomalum).
- O'zbekiston terma jamoasi sizni 2014 yilda murabbiylik lavozimiga taklif etgan ekan? Sizda O'zbekistondan taklif bo'lganmi?
- Bilmadim, biz hech qachon bu haqida gaplashmaganmiz. Men Toshkentda bo'lganman va shahringizda sayr qilganman. Toshkentdagi ikkinchi jahon urushida halok bo'lganlarga bag'ishlangan haykalni hali ham eslayman.
- Yani, sizda hech qachon O'zbekistondan taklif bo'lmagan. 2014 yilda ko'pchilik terma jamoamiz murabbiyi bo'lishingizni kutgan edi?
- Yo'q, taklif bo'lmagan, lekin men ham kutgan edim (kuladi).
- Siz jahon chempionatida 5ta jamoani boshqargansiz va bu rekord hisoblanadi. Lekin 2006 yilgi mundialda oltinchi jamoani boshqarmagansiz. Bunga yoshingiz sabab bo'lganmi? CHunki, 2006 yilda siz 62 yoshga qarshilagansiz?
- Men yoshni muhim deb hisoblamayman, hozir juda ham zo'r yosh murabbiylar bor. Yoshi katta kuchli murabbiylar ham etarlicha. Odamlar "uning yoshi katta" deb aytishi mumkin, lekin hamma narsa insonning o'ziga bog'liq
- 2006 yilda sizga qaysidir terma jamoa yoki federaciya ish taklif qilganmi?
- Menga 1990 yilgi jahon chempionatidan 70 kun oldin aloqaga chiqishgan va Kosta-Rika terma jamoasiga murabbiylik qilishni taklif qilishgan edi, men bir soniya ham o'ylamay "ha" deb javob bergan edim. Ammo, Kosta-Rika terma jamoasida menga oylik to'lash uchun mablag' yo'q edi, o'shanda men ularga "qaerga borishim kerak o'zi? Etib borishim uchun necha pul ketadi va buni o'zim to'layman" - deb javob bergandim. Kosta-Rika ham sizlarga (tahririyat - O'FA) o'xshagan oddiy federaciya, lekin ularda xohish va taklif bor edi, agar menga ish taklif qilishmoqchi bo'lsa, shunday qiyin holatda ham ishlashga tayyorman.
- Eslasangiz, siz 1990 yilgi mundialdan oldin Kosta-Rika terma jamoasi asosiy tarkibidagi 6 nafar futbolchini terma jamoadan chetlatgan edingiz, o'sha holatga qanday izoh bera olasiz?
- To'g'risi aytsam, esimda yo'q, lekin Kosta-Rika terma jamoasidan faqatgina yaxshi xotiralar qolgan. Biz jahon chempionatidan oldin o'rtoqlik uchrashuvlarini ham o'tkazmagan edik, ammo mundialni ajoyib o'tkazgandik. Biz guruhda SHveciya (2:1) va SHotlandiya (1:0)ni yutgan va faqatgina Braziliyaga (1:0) mag'lubiyatga uchragan edik. O'sha mundial ajoyib o'tgandi.
- Siz jahon chempionatida ikki marotaba mezbon terma jamoaning bosh murabbiyi bo'lib ishlagansiz (tahririyat - Meksika va AQSH) va mezbonlarni qanday boshqarishni juda yaxshi bilasiz. Bu safargi mundialda Qatarga nima etishmadi?
- Mezbon jamoa uchun ko'p qiyinchiliklar bo'ladi: bosim, muxlislar, natija va juda ko'p boshqa faktorlar.
- Siz Meksika-86da erishgan natijangizni to'rt yil oldin Stanislav CHerchesov Rossiya terma jamoasi bilan takrorladi. CHerchesovni ishiga qanday baho bera olasiz?
- To'g'risini aytsam, Rossiya terma jamoasi bunday natijaga erishganining eng katta sababchisi darvozabon bo'lgan edi.
- Meksika guruhdan chiqa olmadi, siz bunday natijadan ranjidingizmi?
- Ha, Meksika guruhdan chiqa olmadi, bu yomon natija.
- Siz Serbiya terma jamoasida hech qachon ishlamagansiz, bunga sabab bormi?
- Ha, hech qachon o'z vatanim terma jamoasida bosh murabbiy sifatida ishlamaganman, lekin mening ukam Serbiyada murabbiy bo'lib ishlagan.
- Siz, Osiyo futbolini yaxshi bilasiz, Rossiya OFKga o'tishni istayotganiga qanday fikr bildirasiz? UEFAdan chiqib OFKga o'tish xato qaror emasmi?
- Rossiya Osiyoning bir qismi va Rossiya hududining yarmi Osiyoda joylashgan. Ular OFKga o'tsa bo'ladi va ularga omad tilayman.
- OFKga o'tish Rossiyaning darajasiga tasir qilmaydimi?
- Har bir terma jamoa, jahon chempionatiga chiqishni xohlaydi va ular shu sabab ham Osiyoga o'tishmoqchi, qolganlari esi ularning shaxsiy muammosi.
- Jahon chempionati ishtirokchilari soni ko'paytirilishiga qanday qaraysiz?
- Fikrimcha 32ta jamoa bilan bo'lgan taqvim yaxshi edi, lekin qarorni ular qabul qilishadi, biz emas.
- Sizga o'xshab dunyoning turli qismlarida milliy terma jamoalarni boshqargan murabbiylarni bilasizmi?
- Bilmadim, to'g'risi. Gus Xiddink.
- Xiddink bilan shaxsan tanishmisiz?
- Ha, u bilan tanishmiz. Biz murabbiylar hammamiz tanishmiz va tez-tez gaplashib turamiz.
- Sizning ikkita ukangiz ham jahon chempionatida qatnashgan, shu gap rostmi?
- Ha, ukalarim jahon chempionatida qatnashishgan, 1954 va 1958 yillarda.
- 28 yoshingizda Meksika jamoasiga o'tgansiz. Bu qanday sodir bo'lgan?
- Ko'p sayohat qilganim va rafiqam sababli. Meksika ajoyib davlat, u erda ajoyib odamlar yashaydi.
- Jahon chempionatlarida to'rt marotaba pley-offga chiqqansiz. Bunga qanday erishgansiz, nimalarga ko'proq etibor bergansiz?
- Menga o'yinchilarning xohishi va motivaciyasi katta yordam bergan. Ko'p yoshlarni o'ynatganman, ularda etarlicha xohish bo'lsa bas.
- Nega Meksika terma jamoasida yana ishlashga qolmagansiz. Masalan, 1990 yilgi mundialgacha qolsangiz bo'lar edi-ku?
- Ulardan so'rang, men bilmayman to'g'risi (kuladi).
- Nigeriya terma jamoasida ishlash qanday bo'lgan. Afrikaga ko'nikish qanday kechgan?
- Afrika terma jamoalarini ko'plar ancha past baholaydi, lekin men bunday fikrga qo'shilmayman. Men ishlagan vaqtda Nigeriyaning tarkibi tarixda eng kuchlisi edi va biz ko'proq narsaga erishishimiz mumkin edi.
- Kosta-Rika terma jamoasi bilan erishgan natijangiz qanday bo'lgan? Mening fikrimcha, ular bilan erishgan natijangiz eng kutilmagani bo'lgandi.
- Bizda yaxshi jamoa bor edi. Mundialdan oldingi o'rtoqlik uchrashuvlarida har doim turli xil tarkib bilan o'ynaganmiz. Ko'p o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazgandik, jamoa ham kuchli edi. Jismoniy va intellektual tomonlama yaxshi jamoaga ega edik.
- Nega klublarda kam ishlagansiz?
- Meksikada "Unas Pumal" bilan ishlaganman va biz barcha sovrinlarni yutganmiz: kubok, mahalliy chempionat, qita kubogi.
- "Unas" bilan bo'lgan yaxshi natijalar milliy terma jamoa murabbiyi etib tayinlanishingizga sabab bo'lganmi?
- Ha, o'sha vaqti terma jamoada murabbiy yo'q edi, federaciya esa menga ishonch bildirdi va murabbiy etib tayinlandim.
- Keyin esa Argentina va Italiya klublarida ishladingiz, sizga ko'proq qaerda ishlash maqulroq: klub yoki terma jamoa?
- Menga terma jamoada ishlash ancha yoqimliroq.
- Nega aynan terma jamoalarda?
- CHunki terma jamoada ko'proq o'yinchilarga ega bo'lasiz va shu sabab sizda yaxshi jamoa tuzish uchun ko'proq imkoniyat bo'ladi.
- Lekin siz boshqargan Yamayka, Kosta-Rika, Xitoy va Nigeriya terma jamoalarida kuchli o'yinchilar kam-ku?
- Siz yaxshi o'yinchilarni topishingiz, ko'p kuzatishingiz va har doim tahlil qilib turishingiz kerak.
- AQSH terma jamoasiga murabbiy qilib tayinlanishingizga Franc Bekkenbauer yordam bergan deyishadi. Aniqrog'i, u AQSHdagi futbol amaldorlariga sizni maslahat bergan ekan.
- Ha, biz u bilan yaqin tanishmiz, u menga yordam bergan bo'lishi mumkin.
- AQSHga murabbiy etib tayinlanganingizda mamlakatda futbolga qiziqish qay darajada edi?
- Futbolga qiziqish kam edi, lekin ular "sokker" bo'yicha jahon chempionatini intiqlik bilan kutishayotgan edi (kuladi), u vaqtlari men ingliz tilida yaxshi suhbatlasha olmas edim va shu sabab juda kam insonlar bilan gaplashganman. Ammo, terma jamoani yaxshi bilardim. Meksika murabbiyi bo'lgan paytlarimdan boshlab ularni yaxshi taniman. AQSH bilan ko'p o'rtoqlik o'yinlari o'tkazganmiz.
- 1994 yilgi mundialda Andres Eskobar hayotini saqlab qolish uchun Kolumbiyaga yutqazib berish imkoniyati bo'lganida (tahririyat - Eskobar AQSHga qarshi uchrashuvda avtogol urib qo'yadi va Kolumbiya guruhda qolib ketadi. 10 kundan so'ng esa Eskobar Kolumbiyada muxlislar tomonidan otib o'ldiriladi), bu ishni qilarmidingiz?
- Eskobarni ko'p eslashadi, ammo uning aybi nima? Faqat u yutqazmagan-ku. Kolumbiya terma jamoasida ham ayb bor, ammo u bilan bo'lgan hodisa qayg'uli. Sizlarni tushunib turibman, jurnalistsizlar, lekin Eskobarning xatosiga men va AQSHning aloqasi yo'q. Bu baxtsiz hodisa bo'lgan va o'sha ish maydondan tashqarida ro'y bergan.
- Bora, siz Erve Renarning tanaffusda aytgan motivacion so'zlarini eshitdingizmi, bunga fikringiz qanday?
- Har bir murrabiyning o'z yondashuvi bor, uning gaplari jamoaga g'alaba keltirdimi, unda yaxshi. Yana davom etaversin.
- Xitoy terma jamoasi murabbiyi sifatida bir marta O'zbekistonga yutqazgansiz (tahririyat - SHirshov gol urgan o'yin).
- Eslolmayman to'g'risi. Ammo, jahon chempionatiga chiqqanmiz va saralashni ajoyib tarzda yakunlaganmiz, O'zbekiston bilan saralash yakunida nima sodir bo'ldi?
Gayrat Xasbiullin: Biz baribir saralashdan o'ta olmaganmiz va mundial biz uchun yana orzu bo'lib qolgandi. Men o'sha saralashni ko'rganman, kichkina bola edim. Saralash bosqichida qolib ketganimizdan so'ng rosa yig'laganman (kuladi).
- "Agar Xitoy terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqa olmasam, Buyuk Xitoy devoridan sakrayman" degansiz, shu rostmi?
- Bu gapni aytmaganman, jurnalistlar boshqa manoda tushunishgan. Ammo, mundialga chiqa olmaganimizda, ular menimcha Buyuk Xitoy devoridan meni uloqtirib yuborishar edi (kuladi).
- Siz 50-yillarda Pelening o'yinlarini ko'rgansiz, u qanday o'ynagan?
- Pele ajoyib o'yinchi edi, biz do'st edik. U braziliyaliklar kabi sho'x va ajoyib edi. Yana 50-yillarda mening akam zo'r o'yinchi bo'lgan, U Evropada ajoyib o'yinlar namoyish etgan.
- Sizningcha futbol "qiroli" kim? Pele yoki Maradona?
- Ikkalasi ham ajoyib futbolchi edi, men kim qirol ekanligini bilmayman, to'g'risi. Maradonaga qarshi o'ynaganman va uning o'yinini shaxsan o'zim ko'rganman.
- Fikringizcha, Qatardagi jahon chempionatida eng yomon va eng yaxshi narsalar?
- Fikrimcha, eng ajoyib narsa bu - infrastruktura, ayniqsa stadionlar.
- Sizga katta terma jamoalardan takliflar bo'lganmi?
- To'g'risi, eslolmayman, menimcha bo'lmagan, agar taklif bo'lganida men qabul qilar edim va ularni mundialga olib chiqardim (kuladi).
- Sizning futboldagi orzuingiz nima?
- Futbolda orzuim yo'q, hammasini amalga oshirdim. Yagona orzuim - Himalay cho'qqisiga chiqish.
- Demak sizning keyingi ish joyingiz Nepal terma jamoasi ekanda? (kuladi)
- Yo'q, Nepalga turist sifatida boraman, bu narsa aniq.
Gayrat Xasbiullin va Igor Rabiner suhbatlashdi
Abdulvosit Bektemirov tarjimasi
Fikrlar