06 may 01:15
Yangiliklar

Professional boks oqshomi yakunlandi. Abdug'ofurov - WBC Silver chempioni!
01:10. Nihoyat, bugunga belgilangan professional boks oqshomi yakunlandi. O'n ikki raundga mo'ljallangan chempionlik jangi g'olibi hakamlar bergan ochkolar hisobiga ko'ra aniqlandi. Hakamlar bir ovozdan 118:110, 118:110, 117:111 hisobida Azizbek Abdug'ofurov g'alaba qozonganligini etirof etishdi. Endi ikki hamyurtimizda WBC Silver chempionlik kamari bor.
01:01. O'n birinchi raund yakunlandi. Ikkinchi o'rta vazn toifasida kechayotgan jang ancha qizg'in tus oldi. Yana bir raunddan so'ng sizu biz vakant bo'lib qolgan WBC Silver chempionlik kamarining yangi sohibini bilib olamiz.
00:51. Sakkizinchi raundda Dima CHudinov vaziyatni o'nglash uchun urinib ko'rdi va qaysidir manoda buni uddaladi. Uning zarbalari manziliga etib bordi.
00:44. Abdug'ofurov oltinchi raundni yuqori kayfiyatda o'tkaza oldi. CHudinovning o'ng qoshi yorilgan ko'rinadi. SHifokorlar rossiyalik bokschiga yordam ko'rsatishdi va jang yana davom etadi.
00:34. Azizbek to'rtinchi raundni o'z foydasiga hal qildi.
00:28. Uchinchi raund boshlandi. Hozircha tenglik!
00:22. Jangning birinchi raundi yakunlandi. Birinchi uch daqiqalikda ancha qiziqarli va hujumlarga boy jang guvohiga aylandik.
00:16. O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini O'zbekiston va Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan artist operachimiz Jenisbek Piyazov jonli tarzda ijro etyapti.
00:12. Har ikki mamlakat madhiyalari yangramoqda. O'rtaga vakant bo'lib qolgan chempionlik kamari qo'yilgan.
00:05. Oqshomning markaziy jangi boshlanish arafasida. Unda hamyurtimiz Azizbek Abdug'ofurov sobiq jahon chempioni rossiyalik Dmitriy CHudinovga qarshi ringga ko'tarildi.
00:00. Ruslan CHagaev boks oqshomi haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashmoqda.
23:57. Jang yakunlandi. Hakamlar bir ovozdan 80:72, 80:72, 80:72 hisobida Qudatillo Abduqahhorovning g'alabasini taminlashdi.
23:49. Malumot uchun, bugun Qudratillo o'zining 15-jangini o'tkazyapti. Uning hisobida 14ta jangdan 14ta g'alaba bor. To'qqizta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.
23:44. Oltinchi raundga ham etib keldik. Hamyurtimizning ustunligi yaqqol sezilib turibdi. Lekin hozircha hisob ochilmadi.
23:42. Ushbu jangda chempionlik kamari o'rtaga qo'yilmagan. Qudratillo shunchaki reyting jangini o'tkazyapti. Lekin g'alaba qozonsa, reytingdagi o'rnini yaxshilab olishi mumkin.
23:18. Endi esa navbat WBC Silver chempionlik kamari sohibi Qudratillo Abduqahhorovga! U 8 raundlik jangda tanzaniyalik Tvaxa Kidukuga qarshi ringga ko'tariladi.
23:12. Sakkiz raundlik jang yakunlandi. Unda zangiotalik Jasur Ahmadjonov ochkolar hisobiga ko'ra g'alaba qozondi. Hakamlar 80:70, 80:71, 80:70 hisobida hamyurtimizning g'alabasini taminlashdi.
22:57. Beshinchi raund ham ortda qoldi. Indoneziyalik bokschi hamon oyoqda turibdi. Ko'raylikchi, bu holat yana qancha davom etar ekan?
22:48. Ikkinchi raundda Stevi Ongen nokdaun holatiga tushib qoldi, lekin vaziyatdan chiqib keta oldi. Hozircha...
22:41. Hamyurtimiz Jasur Ahmadjonov ishtirokidagi jangga ham fursat etib keldi. U indoneziyalik tajribali bokschi Stevi Ongen Ferdinandusga qarshi ringga chiqdi.
22:38. O'zbekiston professional boks federaciyasi bosh direktori Nabijon Ismanovga boks rivojiga qo'shayotgan rivoji uchun WBC tashkiloti prezidenti Xose Sulaymonning maxsus tashakkurnomasi topshirildi.
22:35. Boks oqshomi "Sport" telekanali orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish etila boshlandi.
22:30. Jang yakunlandi. Nazarov 100-91, 100-90, 100-90 hisobida g'alaba qozondi.
22:18. To'qqizinchi raund boshlandi. Jang g'olibi ochkolar hisobiga ko'ra aniqlanadi shekilli.
21:51. Jang o'z ekvatoriga etib keldi. Beshinchi raunddan so'ng Nazarov ochkolar hisobiga ko'ra oldinda bormoqda. Lekin raqib ham bo'sh kelmayapti. Xvicha nokautga uchragan hamyurtlari uchun revansh olmoqchi shekilli ))))
21:39. Endi navbat Olim Nazarovga. Bu jang 10 raundga mo'ljallangan. Uning raqibi gruziyalik Xvicha Gigolashvili bo'lyapti. Nazarovni bugungi jangga ustozi, tajribali murabbiy Zufar Sulaymonov tayyorladi.
21:10. Bu jang ham uzoq davom etmadi. Ikkinchi raundda Sobirov raqibini nokautga uchratdi.
21:06. Ulug'bek Sobirov gruziyalik Jorji Ungiadzega qarshi ringga ko'tarildi.
20:43. Ayni daqiqalarda "Sport" telekanalida namoyish etilayotgan Superliga doirasidagi "Qizilqum" - "Metallurg" jamoalari uchrashuvi yakunlanganidan so'ng hozirgi boks oqshomi efirga uzatiladi. Katta ehtimol bilan markaziy jangni to'g'ridan-to'g'ri ko'rishimiz mumkin bo'ladi.
20:38. Hozircha musiqiy tanaffus. Estrada vakillari o'z qo'shiqlari bilan arenaga yig'ilganlarga quvonch ulashishyapti.
20:27. Jang uchinchi raundda to'xtatildi. Referi gruziyalik bokschi ikki bor nokdaun holatiga tushib qolganidan so'ng jangni to'xtatdi. Uchinchi bokschimiz ham raqibini nokaut evaziga mag'lub etdi.
20:23. Bugun bizni jami 8ta juftlikda o'tkaziladigan janglar kutib turibdi. SHulardan ikkitasi muddatidan avval o'z yakuniga etdi. Oldinda hali sizu bizni ikkita chempionlik kamari uchun kechadigan jang kutmoqda.
20:20. Birinchi raundni tajribali gruzin bokschisi faol o'tkazdi. Qiziq malumot, David 15ta jangda g'alaba qozonib, 20tasida mag'lubiyatga uchragan.
20:17. Oqshomning uchinchi jangi birinchi og'ir vazn (90, 719 kg) toifasi vakillari o'rtasida boshlandi. Unda hamyurtimiz Umid Rustamov gruziyalik David Ribakoniga qarshi ringga ko'tarildi. Bugun Umid faoliyatidagi to'rtinchi jangini o'tkazyapti. Uchchala jangda ham g'alabaga erishgan.
20:10. Tursunboev Roy Muxlisni birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. SHu tariqa, ikkinchi charm qo'lqop ustamiz ham muddatidan avval g'alabani qo'lga kiritdi. Bu Tursunboevning prof boksdagi debyut jangi edi.
20:06. Endi esa navbat Bekzod Tursunboevga. U indoneziyalik raqibiga qarshi ringga ko'tarilgan.
20.02. Hozirgina dasturdan o'rin olgan ilk jang yakunlandi. Unda hamyurtimiz Jamshid Najmiddinov gruziyalik Kaxa Avetisianiga qarshi ringga ko'tarildi. Olti raundga mo'ljallangan jang uzoq davom etmadi. Birinchi raunddayoq Jamshid raqibini texnik nokautga uchratdi. Referi Kaxa uch bor nokdaun holatiga tushib qolganidan so'ng jangni to'xtatishdan o'zga chora topa olmadi.
19:59. Assalomu alaykum hurmatli boks muxlislari. "O'zbekiston" sport majmuasi mezbonlik qiladigan professional boks oqshomidan matnli translyaciyamizni boshlaymiz. Bugungi kechada sakkizta jang guvohiga aylanishimiz mumkin bo'ladi.
Bugungi boks oqshomi juftliklari:
Jamshid Najmiddinov – Kaxa Avetisiani (Gruziya)
Azizbek Abdug'ofurov – Dmitriy CHudinov (Rossiya)
Qudratillo Abduqahhorov – Tvaxa Kiduku (Tanzaniya)
Jasur Ahmadjonov – Stevi Ongen Ferdinandus (Indoneziya)
Olimjon Nazarov – Xvicha Gigolashvili (Gruziya)
Umid Rustamov – David Ribakoni (Gruziya)
Ulug'bek Sobirov – Jorji Ungiadze (Gruziya)
Bekzod Tursunboev – Roy Muxlis (Indoneziya)
Fikrlar