21 apr 12:29
Yangiliklar
Rio Olimpiadasida ishlagan o'zbekistonlik mutaxassisning "Rio-2016 xotiralari" (2-qism)
Bugungi kunda jahon sportida natijalarning muntazam ravishda keskin o'sib borishi, rekordlarning yangilanishi, musobaqa qoidalarining o'zgarishi, sport tibbiyotining takomillashuvi (tibbiy jihozlar, diagnostika, farmakologiya, davolash usullari va hokazo), zamonaviy sport jihozlari bilan taminlanishi, sport mashg'ulotlarini rejalashtirish va tashkillashtirish, boshqaruv usullaridan samarali foydalanish kabilar ilmiy yondashuvni talab qiladi. Rivojlangan mamlakatlarda sportga ixtisoslashgan maxsus ilmiy laboratoriyalar mavjud bo'lib, ular zamonaviy jihozlar bilan taminlangan.
Yuqori malakali sportchilarni tayyorlash tizimida trenerlar jamoasidan tashqari bir guruh ilmiy xodimlar, sport psixologlari, tibbiyot xodimlari, menejerlar va boshqalar ishtirok etadi. Ana shunday yondashuvni xozirgi kunda boks sport turi rivojida ko'rishimiz mumkun.
Rio Olimpiadasi boshlanishidan avval boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi Braziliyaning San-Paulo shahrida Olimpiada oldi 18 kunlik o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazdi. Bu esa O'zbekiston boks federaciyasi rahbariyati tomonidan puxta o'ylangan strategik reja edi. Ilmiy xulosalarga ko'ra, Okean ortida kun tunning o'zgarishi, dengiz sathining darajasi, iqlimning o'zgarishi va boshqa omillar sport turlari ixtisosligiga qarab sportchilarning sport formasiga salbiy tasir ko'rsatadi. Hisob kitoblarga qaraganda, ayni bokschilarning sport formasining cho'qqisi Braziliyaga kelgandan keyin 18-21 chi kunlarga to'g'ri keladi. Agarda trenerlar jamoasi bokschilarimizni Rio-De-Janeyroning Olimpiya shaharchasida olib kirib, o'quv yig'inlarini o'tkazganda edi, yuqori natijalarga erishmagan bo'lar edik. CHunki Olimpiya shaharchasining o'ziga yarasha salovati bo'lib, uzoq muddat bir joyda mashg'ulot olib borish, u erlarda o'zlarining bo'lajak raqiblari holatini bilib turish sportchiga psixologik bosim o'tkazishi tayin. Bu holatni sport mutaxassislari juda yaxshi biladi. SHuning uchun trenerlar jamoasi va federaciya rahbariyati San-Paulo shahrida o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazishga qaror qildi.
RUSTAM TO'LAGANOVNING BRONZASI
Bokschilarimiz Rio-de Janeyroga 2 avgust kuni kelib, shu kunning o'zida Olimpiya shaharchasiga joylashdi. Kutilmaganda bokschilarimizdan birida jiddiy muammo paydo bo'ldi. Og'ir vaznli bokschimiz Rustam To'laganovning qo'lida, tirsak qismi terisida ochiq jarohat (yara) bor edi. Rustamni kechqurun delegaciya shifokori bilan birgalikda Olimpiya shaharchasidagi tibbiyot markaziga olib bordim.
Tekshiruvlar natijasi shuni ko'rsatdiki, yara yiring yig'ishni boshlagan. Tibbiyot markazi shifokori sportchining musobaqada ishtirok etmasligi maqsadga muvofiqligi, sport talabnomasi (zayavkasi)dan R.To'laganovni olish joizligini takidladi. Xech ham esimdan chiqmaydi, bu so'zlarni eshitganida Rustam To'laganov: “Nima? Man butun hayotimni tikkanman! Qanaqa snimaniya iz zayavki?”- deya baqirib devorni mushtlar edi. Boks qonun-qoidalariga ko'ra ochiq yara bilan musobaqalarda ishtirok etish mumkin emas. Demak, vazn o'lchash kuni– 5 avgustga qadar yarani “yo'qotish” kerak edi. Bu voqeaning ertasi kuni barcha tafsilotlar O'zbekiston sport delegaciyasi rahbari, o'shanda Bosh vazir o'rinbosari sifatida faoliyat olib borayotgan Adham Ilhamovich Ikramovga etkazildi. Adham Ilhamovich bokschimizning hol-ahvoli bilan tanishgandan so'ng, musobaqaga talabnoma (zayavka) bermaslik variantidan butunlay voz kechish va bor etiborni jarohatni yaxshilashga qaratish, maksimal darajada hamma choralarni ko'rish kerakligini takidladi. SHaxsan o'zlarinig nazorati ostida Rustamga zarur bo'lgan tibbiy yordam ko'rsatildi. Vazn o'lchash kunida bokschimizning yarasi ayollar kosmetik vositasi (tonalnyy krem) yordamida berkitilib, sport talabnomasi (zayavka) topshirildi. Baxtimizga qura natijalariga ko'ra Rustam To'laganov 6 avgust kuni bo'lib o'tadigan birinchi davradan erkin o'tdi va 8 avgust kuni ikkinchi bosqichdan bahsga kirishadigan bo'ldi.
Delegaciya bosh shifokori nazoratida bo'lgan Rustamning ahvoli kun davomida 2-3 marotaba rasmga olinib, Adham Ilhamovichga jo'natilar, asli kasbi shifokor, jarroh bo'lgan Adham Ilhamovich kunlik ishni Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib Rustamni yarasini shaxsan o'zi qayta bog'lashdan (perevyazka) boshlar edi. Birinchi jang London Olimpiadasi ishtirokchisi, 2 karra Panamerika o'yinlari g'olibi kolumbiyalik Xulio Kastiloga qarshi bo'ldi. Bahs davomida R.To'laganovning yarasi qonab ketishi sabab hakam jangni to'xtatdi. Xayriyatki, shifokor bahsni davom ettirishga ruxsat berdi. Keskin va murosasiz o'tgan jang R.To'laganovning g'alabasi bilan yakunlandi. Keyingi bahs asli dog'istonlik va Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Abdulkodir Abdullaevga qarshi bo'lib o'tdi. Bu jangda ham xakam bir marotaba jangni to'xtatdi. Lekin jang oxirgacha davom etdi. Rustam yarim final yo'llanmasini beradigan jangda 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Yakunda To'laganov final ostonasida rossiyalik Evgeniy Tishenkovga mag'lub bo'lib, bronza medaliga sazovor bo'ldi. Ushbu yuksak natijada A.I.Ikramovning xizmatlari beqiyosdir.
Endi taqdirlash marosimida shohsupadagi sovrindorlarga etibor bering. Qanday mashhur, qanday kuchli va baquvvat bokschilar. Evgeniy Tishenko (Rossiya), Vasiliy Levit (Qozog'iston) va o'sha mashxur kubalik Feliks Savonning jiyani Erislandi Savon. Rustam To'laganov Olimpiadada sovrindor bo'lgan og'ir vaznli o'zbek bokschisi sifatida tarixga o'z nomini yozib qo'ydi. Olimpiada oldidan qatnashishi so'roq ostida bo'lib turgan sportchi o'zining metan irodasi hamda Olimpiya medali orzusini ro'yobga chiqarish uchun borini berdi va bunga erishdi.
To'rt yillikning asosiy sport bayramida milliy terma jamoamiz bokschilari O'zbekiston tarixida ilk bor jami 7 medal bilan (ulardan 3 tasi oltin) umumjamoa hisobida faxrli 1-o'rinni egallashdi. Takidlash joiz bo'lardiki, bunday natijani sobiq SSSR terma jamoasi ham qayd etmagan, yani jami mavjud 10 ta vazn toifasidagi ishtirokchilardan 7 nafar bokschi medallarni qo'lga kiritganligi (foydali ish koefficenti 70 foiz) o'zbekistonliklar uchun fahr va iftihor bag'ishlaydi.
Musobaqa yakuniga binoan 49 kg. vazn toifasidagi Xasanboy Dusmatov oltin medal bilan birga “Vela Barker” Kubogini ham qo'lga kiritdi. SHuningdek, Hasanboy Xalqaro havaskor bokschilar associaciyasi tomonidan 2016 yil yakunlariga ko'ra “Jahonning eng yaxshi bokschisi” deb tan olindi.
Umumiy tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, qaysi sport turida malakali sportchilarni tayyorlash tizimida milliy federaciya va uyushma masullari yoki bosh trenerlar mashg'ulotlarga ilmiy yondashsa, doimiy ravishda yangiliklarga intilsa va ilmiy-tadqiqot ishlariga alohida etibor bersa, kutilgan yuqori natijalarga erisha oladi.
Muallif: Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev.
Malumotlarni to'plashda yaqindan yordam berdi: Farhod Turdiev (MOQ vice-prezidenti, 2013-2017 y.)
Fikrlar