03 may 16:40
Yangiliklar
Siz bilgan va bilmagan So'nggi imperator - Fedor Emelyanenko haqida
Lekin shunday jangchi borki, u qilgan ishni hozirda hech kim uddalay olmagan. XXI asr dastlabki o'n yilligining eng kuchli jangchisi, 2003-2010 yillar davomida MMA olamidagi eng mashhur sportchi. «ESPN», «Sherdog», «Full Contact Fighter», «MMA Weekly», «Nokaut» kompaniyalari tomonidan eng kuchli aralash qoidalar jangchisi deb elon qilingan . SHu davr oralig'ida vaznindan qatiy nazar birinchi raqamli sportchi, «So'nggi imperator» - Fyodor Emelyanenko.
Yoshligi, sportga qiziqishi, faoliyatini boshlanishi
Fedor 1976 yil 28 sentyabr kuni Ukrainada Vladimir Aleksandrovich oilasida tug'ilgan. Emelyanenko o'n yoshidan sambo va dzyudo bilan shug'ullanishni boshlaydi. Sportga juda kirishib ketganidan kechalari bilan zalda qolib ketardi. Bir necha yildan so'ng Vladimir Voronov boshchiligidagi sport klubga azo bo'ldi. Yoshligidan sportga borini berdi, to'liq kuch bilan shug'ullandi. Buning natijasida yigirma bir yoshida sambo bo'yicha Kurskda bo'lgan turnirdan so'ng Rossiya sport ustasi unvonini oldi. Bir yildan so'ng esa Xalqaro toifadagi sport ustasi unvonini oladi. 1999 yilda Rossiya sambo terma jamoasiga taklif qilinadi va terma jamoasi bilan Evropa chempionligiga erishadi. 2000 yildan boks bilan jiddiy shug'ullanishni boshladi. SHu tariqa Emelyanenko asta-sekinlik bilan MMAga kirib kela boshladi.
RINGS
Yaponiyaning «RINGS» kompaniyasi Fedor bilan shartnoma imzolagan dastlabki MMA tashkiloti hisoblanadi. «RINGS» bayrog'i ostida rossiyalik jangchi o'n bir bor oktagonga ko'tarilib, Rikardu Arona va Renatu «Babalu» Sobral singari kuchli jangchilarni mag'lub etgan. Ikki bor og'ir vazn chempionligini qo'lga kiritgan. MMAdagi dastlabki mag'lubiyatini ham aynan «RINGS»dagi jangida - yaponiyalik Cuyosi Kosakidan qabul qilib oladi.
Pride
«So'nggi imperator» «RINGS»da chempion bo'lganidan so'ng «Pride» bilan shartnoma imzoladi. «Pride» bu davrdagi eng kuchli tashkilot hisoblangan. Fedor 2002 yilning 23 iyunda debyut jangida o'zidan 30 sm uzun bo'lgan Semmi Sxilt ustidan ishonchli g'alabaga erishadi. Ikkinchi jangida amerikalik Xit Xerringga qarshi oktagonga ko'tariladi. Bu jang favoriti Xit hisoblangan bo'lsada, Fedor kuchli raqibini birinchi raundda texnik nokaut bilan mag'lub etadi. Bu g'alaba evaziga "Pride" chempioni braziliyalik Antoniu Rodrigu Nogeyra bilan jang qilish imkonini qo'lga kiritadi. Nogeyra Emelyanenkoga bilan jangga qadar ketma-ket o'n uchta jangda g'alaba qozongan edi. SHunga qaramasdan, Emelyanenko sevimli usuli «graund-end-paund» bilan raqibiga kuchli zarbalar yo'llaydi. Jangda hakamlar bir ovozdan rossiyalik jangchining g'alabasini elon qilishadi. SHu tariqa, «So'nggi imperator» "Pride" chempioniga aylanadi. 2003 yilda Fedor yana uch bor oktagonga chiqadi va barchasida g'alaba qozonadi.« Pride Heavyweight Grand Prix 2004» turnirida sobiq UFC jangchisi «Pride Grand Prix 2000» chempioni Mark Koulmen bilan jang qiladi. Bu jangda ham raqibini mag'lub etadi. Bu jangdan so'ng, 2004-2005 yilda yana etti bor oktagonga ko'tarildi va barchasida raqiblarini yanchib tashlaydi. 2005 yilning 31 dekabrida "Pride" tarixidan o'rin olgan jang bo'ladi. Sababi, shu kuni Fedor "Pride" tarixidagi eng tezkor nokautni qayd etishga erishadi. "Imperator"ga braziliyalik raqibi Zuluzinyuni mag'lub etish uchun bor yog'i 26 soniya kifoya qilgan. Fedor raqiblarini ketma-ket mag'lub etishda davom etdi, lekin kutilmaganda 2006 yilda "Pride" bankrot bo'ladi. SHu tariqa, Emelyanenko yangi promoushen "BodogFight" bilan shartnoma imzoladi.
BodogFight
Emelyanenko bu promoshen bilan shartnoma imzolashdan oldin bir shartni qo'yadi. SHartga ko'ra, Emelyanenkoning barcha janglari Rossiya hududidan chetga chiqmasligi lozim edi. «BodogFight»dagi debyuti yunon-rum kurashi bo'yicha Olimpiada sovrindori amerikalik Mett Lindland bo'ldi. Bu jangni «millatlar jangi» deb atashgan edi o'sha vaqtlarda. Jang 2007 yil 14 aprelida Sankt-Peterburg shahrida o'tkaziladi. Jangni tomosha qilish uchun Vladimir Putin, Silvio Berluskoni, Van Dam singari mashhur insonlar tashrif buyurganlar. Jangning dastlabki soniyalaridanoq Fedor ustunlikka erishadi va jang boshlanganidan so'ng 2 daqiqayu 58 soniyadan so'ng bo'g'uvchi usul bilan raqibni mag'lub etadi.
Keyingi faoliyati
Emelyanenko 2007 yil 31 dekabrda koreyalik gigant CHxve Xon Man (bo'yi 203 sm, vazni 160 kg)ga qarshi oktagonga ko'tariladi. Jang «Yarennoka» prmousheni tomonidan tashkil qilinadi. Bu vaqtlarda koreyalik jangchi kikbokschi sifatida mashhur edi. Rossiyalik sportchi boshqa raqiblari singari ham jang davomida to'liq ustunlikka erishadi va o'zining sevimli bo'g'ish usuli bilan raqibini yana bir bor taslim etishga erishadi. 2008 yilning aprelida Fedor «Affliction Entertainment» bilan shartnoma imzolaydi. Uning bu kompaniyadagi debyut jangi sobiq UFC chempioni Tim Silviyaga qarshi kechadi. Etiborli tomoni, «So'nggi imperator»ning raqiblari har doim undan vazn va bo'y jihatdan ancha katta bo'lishardi. Tim ham bundan mustasno emasdi. CHunki uning uzunligi 203 sm, vazni esa 118 kgni tashkil qilardi. Lekin, Fedorga raqibini taslim qilishi uchun 36 soniya kifoya qildi. Tim ustidan qozonilgan g'alaba unga World Alliance of Mixed Martial Arts» (WAMMA) chempionlik kamarini olib keladi. CHempionlik kamarini ikki bor muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mag'lubiyatsiz seriyaning yakuni
«So'nggi imperator»ning yigirma ettita jangdan iborat g'alabali seriyasini braziliyalik jiu-jitsu ustasi Fabrisiu Verdum tugatadi. Jangdan avval braziliyalikning g'alaba qozonish imkoniyati deyarli yo'q deb hisoblangan, lekin bularning barchasi tahmin ekanligini Fabrisiu isbotlashga erishadi. Jangning boshida Fedor raqibini bir necha marta qiyin ahvolga solib qo'ydi, uni parterga ham yotqizadi. Lekin kutilmaganda rossiyalik sportchi qo'lini raqibiga topshirib qo'yadi. Oqibatda raundning 1:09 daqiqasi davom etayotganida taslim bo'lshga majbur bo'ladi. Bu uning faoliyatidagi ikkinchi mag'lubiyati edi. G'alabaga qaramasdan, Verdum raqibi jahoning eng zo'r sportchisi sifatida ko'rishini va uning muxlisi ekanligini yana bir bor takidladi.
Moskvadagi debyut jang
Ketma-ket uchta jangda mag'lubiyatga uchraganidan so'ng Fedor 2011 yil 20 noyabrda ikki karra ADCC chempioni Jeffri Monsonga qarshi oktagonga chiqadi. Jang Moskva shahrida tashkillashtiriladi. Bu Emelyanenko uchun Moskvadagi debyut jangi bo'ladi. Jang teng kurashda kechadi va hakamlar Fedorga g'alabani taqdim etishadi.
Ketish va yana qaytish
Pedro Rizzo ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng «So'nggi imperator» MMAda faoliyatini yakunlaganini elon qildi. «O'ylashimcha tugatish vaqti keldi. Men ketaman. Ketishimga sabab oilam. Qizim mensiz o'smoqda, ularga ko'proq vaqt ajratishim kerak. SHu sababli ketish vaqtim keldi»-deb fikr bildirgan Emelyanenko.
Emelyanenkoning oktagonga qaytishi uchun uch yil vaqt kerak bo'ldi. 2015 yilning 20 sentyabrida «RIZIN» bilan shartnoma imzolashga erishadi. Uning qaytganidan so'ng debyut raqibi Jaydip Singx bo'ldi. Jangning birinchi raundidayoq texnik nokaut bilan raqibini mag'lub etishga erishadi.
“Bellator”dagi faoliyati
2017 yilda Emelyanenko «Bellator» bilan shartnoma imzoladi. Lekin, uning bu promushendagi faoliyati omadsiz boshlandi. 24 iyunda sobiq UFC jangchisi Mett Mitrionga qarshi jang olib boradi. Jang qiziqarli o'tadi, Ikki jangchi ham bir vaqtda bir-biriga kuchli zarba berishadi va ikkisi ham nokdaun holatiga tushib qoladi. Mett o'ziga tezroq kelishga erishadi va raqibiga kuchli zarbalar berishda davom etadi. Buning natijasida hakam uchrashuvni yakunlashga majbur bo'ladi. Alamli mag'lubiyatdan so'ng Fedor yana faoliyatini yakunlashi mumkin edi, lekin "Bellator" bilan yana ikkita jang uchun shartnomasi bor edi. SHu sababli faoliyatini davom etiradi. O'sha yilning 28 aprelida Bellator kamari uchun turnir boshlanadi. Fedorning chorak finalda Frank Mirni mag'lub etadi, yarim finalda CHeyl Sonnen ustidan ishonchli g'alabaga erishadi. Lekin, "Bellator" kamari uchun kechgan hal qiluvchi jangda Rayan Benderga imkoniyatni boy berib qo'yadi.
Nega Emelyanenkoni hamma yaxshi ko'radi?
MMA jangchilardan farqi uning kamtarligi. U boshqa sportchilarga o'xshab jangdan avval, yoki keyin raqibi tomonga noo'rin gaplar qilmagan. Emelyanenko doim quvnoq va har qanday holatda o'zini boshqara olgan. Uni bu hislatlarini butun dunyo sevib qolgan. SHu boisdan bo'lsa kerak, «So'nggi imperator» qanday holda bo'lishidan qatiy nazar doim uni hurmat qilishadi. SHu sababdan bo'lsa kerak - Emelyanenkoning obro'si Xabib yoki Makgregordan kam emas.
Xorijiy saytlar asosida Nig'monxo'ja Nozimov tayyorladi
Fikrlar