16 noy 08:03
Yangiliklar
Total Chess. Abdusattorov ishtirok etgan turnirda 1/2 finalchilar aniqlandi
Uch xil vaqt nazorati, 24 nafar ishtirokchi 11 kun davomida Total Chess World Championship Tour bosh sovrini uchun bahs olib bormoqda. Grossmeysterlar 4 ta guruhga bo'linib, Fast Classic formatida kurashga kirishishdi. Besh kun davom etgan bahslarda guruh bosqichidagi g'alaba uchun 3, durang uchun esa 1 ochko berildi.
Afsuski, Nodirbek Abdusattorov "A" guruhidagi uchrashuvlarni o'ta omadsiz o'tkazdi va yakunda olti ishtirokchi orasida so'nggi 6-o'rinni egalladi. Kecha guruh bosqichining so'nggi kuni u amerikalik Endryu Hongga qarshi o'tkazilgan har ikki partiya uchrashuvida ham durangga imzo chekdi.
To'qqiz ochko jamg'argan Nodirbek guruh autsayderi sifatida saralashni yakunladi. Bu guruhda 15 ochko bilan birinchi o'rinni egallagan Alireza Firuzdja 1/2 finalga yo'l oldi. Uning final ostonasidagi raqibi AQSH vakili Fabiano Karuana bo'ladi.
Endi 24 shaxmatchi oltita setkada yakuniy o'rinlar uchun kurashadi. CHempion 1-setkada aniqlanadi: Maksim Vashe-Lagrav Anish Giriga, Alireza Firuzja esa Fabiano Karuanaga qarshi o'ynaydi. Qolgan setkalarda 5–24-o'rinlar taqsimlanadi.
Nodirbek Abdusattorov 6-setkada hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha bilan to'qnashadi. Bu setkada 21–24-o'rinlar aniqlanadi. Ushbu pley-off bosqich o'yinlari ertaga boshlanadi. Unda shaxmatchilar bir-biriga qarshi blic, rapid va Fast Classic formatlarida o'ynaydi. Musobaqa 20 noyabr kuni yakunlanadi.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg'armasi — 650 000 AQSH dollari. Turnir g'olibi 80 000 dollarni qo'lga kiritadi. 2027 yilda rasman yo'lga qo'yiladigan Total Chess jahon chempionati turining ilk sinovi aynan Budapeshtda bo'lib o'tadi.



Fikrlar