13 noy 09:05
Yangiliklar
Total Chess. Abdusattorov Dudaga qarshi o'yinlardan keyin ko'tarildi
Uch xil vaqt nazorati, 24 nafar ishtirokchi 11 kun davomida Total Chess World Championship Tour bosh sovrini uchun bahs olib bormoqda. Grossmeysterlar 4 ta guruhga bo'linib, Fast Classic formatida kurashga kirishishdi. Besh kun davom etadigan bahslarda guruh bosqichidagi g'alaba uchun 3, durang uchun esa 1 ochko beriladi. Nodirbek birinchi kun franciyalik Alireza Firuzdjaga qarshi ikkita partiya o'tkazgandi. Qora donalarda mag'lubyatga uchragan hamyurtimiz oq donalarda ustunlikka ega bo'lsa-da, yakunda durang bilan kifoyalandi.
Kecha Fast Classic bahslarining ikkinchi kuni hamyurtimiz polshalik Yan-Kshishtof Dudaga qarshi dona surdi. Birinchi partiyada yutqazgan Abdusattorov ikkinchisida qora donalarda o'ynaganiga qaramay, raqibini mag'lubiyatga uchratdi. To'rt ochkoga ega bo'lib olgan Nodirbek guruhda oltinchi pog'onadan to'rtinchi o'ringa ko'tarilib oldi.
Bu guruhda 8 ochkoga ega Alireza Firuzdja yakka peshqadamlik qilmoqda. Yan-Kshishtof Duda 7 ochko bilan ikkinchi o'rindan joy olgan. AQSH vakili Levon Aronyan 5 ochko bilan uchinchi pog'onani band etgan. Bugun Nodirbek Abdusattorov o'zi singari 4 ochkoga ega bo'lib turgan niderlandiyalik Yorden van Forestga qarshi bahs olib boradi.
Musobaqa formati:
Fast Classic — 45 daqiqa + har yurishga 30 soniya
Rapid — 15 daqiqa + 10 soniya
Blits — 3 daqiqa + 2 soniya
Guruh bosqichi besh kun davom etadi. 17 noyabrdan pley-off bahslari boshlanadi. Unda shaxmatchilar bir-biriga qarshi blic, rapid va Fast Classic formatlarida o'ynaydi. Musobaqa 20 noyabr kuni yakunlanadi.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg'armasi — 650 000 AQSH dollari. Turnir g'olibi 80 000 dollarni qo'lga kiritadi. 2027 yilda rasman yo'lga qo'yiladigan Total Chess jahon chempionati turining ilk sinovi aynan Budapeshtda bo'lib o'tadi.


Fikrlar